Afg‘onistonda chorrahalardan biriga Navoiy nomi berildi. Endi 16 metrlik obida quriladi

Olam

image

Kecha, 16 fevral kuni Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi bir chorrahaga Alisher Navoiy nomi berildi. Bu haqda jurnalist Tolib Nosir o‘zing Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, shaharda O‘zbekiston tomonidan bo‘yi 16 metrlik obida quriladi. O‘zbekistonning bu shahardagi bosh konsuli yodgorlikka tamal toshini qo‘yishda ishtirok etgan.

“Dunyo” axborot agentligi bergan ma’lumotda ham Mozori Sharif shahridagi Chavki-Qalai-G‘aziyon hududida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy sharafiga barpo etiladigan yodgorlik qurilishining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgani qayd etilgan.

Mazkur loyiha Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi etnik o‘zbeklar o‘rtasida milliy ma’naviyatni mustahkamlash, boy adabiy merosni targ‘ib qilish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. 

Marosimda mahalliy o‘zbek jamoatchiligi vakillari, Balx davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, “Nabizoda” jamg‘armasi rahbari Kamol Nabizoda hamda O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari ishtirok etgan.

“Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki Afg‘onistondagi barcha millatlar madaniyatida alohida o‘rin tutadi. Uning insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shu bois, Mozori Sharifda bunday yodgorlikning qad ko‘tarishi afg‘on o‘zbeklari hayotida muhim tarixiy voqea sifatida baholandi”, deyiladi xabarda.

Taniqli shoir Abdulqodir Hamidiy va “Bobur” jamg‘armasi rahbari Muhammad Nabi o‘z chiqishlarida ushbu loyiha milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash va tarixni  asrashga xizmat qilishini qayd etgan. Marosim yakunida yodgorlik qurilishiga rasman start berilgan. Ushbu madaniy ob’ekt O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikning yangi ramziga aylanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘langan. Buning ortidan Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum “Tolibon”ga tahdid qilib, “Tolibon” ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.

Afg‘oniston tomoni o‘sha paytda Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy alloma xotirasiga munosib emasligi, shoir va mutafakkir sharafiga yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi sababli haykal mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangani, yaqin orada yangi yodgorlik barpo etilishi haqida va’da bergan edi. Ammo hanuz bu va’da amalga oshirilmadi.

Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida ham Mozori Sharifdagi Alisher Navoiyning o‘sha haykali qisman buzib tashlangan edi. Shunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni “vandalizm” deb atagan va Afg‘oniston vakillariga tayanib, haykalni begona shaxslar vayron qilganini bildirgan.

Joriy yilning 2 yanvar kuniga kelib, o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi Samanganda universitet peshtoqidan o‘zbek va fors tillaridagi yozuv olib tashlandi. Buning ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tiliga nisbatan cheklovlar vazirlikda tashvish uyg‘otishini bildirdi. 6 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langanda, “Tolibon” o‘zbek tiliga taqiq qo‘ymaslikka va’da berdi. Tanqidlar ortidan, joriy yilning 11 yanvar kuni “Tolibon” Samanganda universitet peshtoqiga o‘zbek tilini qayta kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Alisher Navoiy Mozori Sharif Balx davlat “Nabizoda”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing