“Tolibon” o‘zbek tiliga qarshi navbatdagi kampaniyani boshladi. Afg‘onistonlik o‘zbeklar g‘azabda
Olam
−
05 yanvar 15053 4 daqiqa
2021 yilda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” Afg‘onistondagi millionlagan o‘zbeklarini madaniy va tarixiy o‘zligini yo‘q qilish, ularni pashtunlashtirish siyosati fonida mamlakatning o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi shimolida joylashgan Samangan universiteti peshtoqidan o‘zbek va fors tillaridagi yozuv olib tashlandi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar bermoqda.
Bu holat joriy yilning 2 yanvar kuni universitetga yangi rahbar tayinlanganidan so‘ng amalga oshirilgan. Aytilishicha, “Tolibon” taxminan to‘rt kun avval eski lavhani olib tashlab, fors va o‘zbek tillarini chiqarib tashlagan holda qayta o‘rnatgan.
Afg‘oniston davlat va siyosat arbobi, sobiq vitse-prezident, o‘zbek aslli Marshal Abdulrashid Do‘stum Samangan universiteti lavhasidan o‘zbek tilining olib tashlanishini “Tolibon”ning o‘zbek tili va madaniyatiga qarshi ochiq dushmanlik harakati deb baholadi va hech bir kuch bu tilni mamlakatning madaniy va ijtimoiy tuzilishidan olib tashlay olmasligini aytdi.
Faryob viloyatining sobiq hokimi Naqibullo Foiq esa bu holatni “qabilachilikka asoslangan” deb baholab, bunday harakatlar mamlakatda etnik va tilga oid adovatni kuchaytirishini aytgan.
Samangan oliy ta’lim muassasasining eski peshtoqi haqida so‘z yuritar ekan, universitet o‘qituvchisi Muhibullo Muhib muassasa universitet maqomini olganidan so‘ng, “Tolibon”ning Oliy ta’lim vazirligi buyrug‘i bilan lavha o‘zgartirilganini yozgan. Uning ta’kidlashicha, vazirlikning rasmiy xatiga asosan, peshtoqda o‘zbek tilini kiritish taklifi qabul qilinmagan. Avvalgi lavha to‘rt tilda – pushtu, fors, o‘zbek va ingliz tillarida bo‘lgan.


Qayd etish joizki, bu “Tolibon”ning millatchilik ruhida amalga oshirayotgan birinchi harakati emas, avvalroq “Tolibon” tojik va o‘zbeklarni ommaviy ravishda xavfsizlik kuchlari safidan chetlatgan, Mozori Sharif shahrida mahalliy rasmiylar tomonidan Alisher Navoiy haykali yo‘q qilingan, Abdulrashid Do‘stum bilan aloqadorlikda gumon qilinib o‘zbeklar qatl etilgan, 2025 yilning noyabr oyida Juzjon universiteti peshtoqidan ham o‘zbek tilidagi yozuv qo‘porib tashlagan edi. Bu holat keng noroziliklarga sabab bo‘lib, bir muddat o‘tgach, “Tolibon” rasmiylari o‘zbek tilini qayta kiritishga majbur bo‘lgan.
So‘nggi to‘rt yildan ortiq vaqt davomida “Tolibon” bir necha bor o‘zbek va turkman tillarini cheklash hamda bu tillarda so‘zlashuvchilarga bosim o‘tkazishda ayblanib kelmoqda. Shu davrda davlat idoralaridagi o‘zbekcha lavhalar olib tashlangan, shuningdek, turkiyzabon shoir va adiblarga oid yodgorlik va tasvirlar ham vandalizmga uchragan.
Agar bunday holat rus tili bilan sodir bo‘lsa, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova “dunyoga o‘t qo‘yishini” bilamiz, ammo O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi chuqur sukutga cho‘mgan. Mamlakat tonnalagan gumanitar yordamlar yuborayotgan bo‘lsa-da, Afg‘onistonda o‘zbeklar, o‘zbek tiliga munosabat o‘zgarmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘langan.
Buning ortidan Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum “Tolibon”ga tahdid qilib, “Tolibon” ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.
Afg‘oniston tomoni o‘sha paytda “Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy alloma xotirasiga munosib emasligi, shoir va mutafakkir sharafiga yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi” sababli haykal mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangani, yaqin orada yangi yodgorlik barpo etilishi haqida va’da bergan edi. Ammo hanuz bu va’da amalga oshirilmadi.
Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida ham Mozori Sharifdagi Alisher Navoiyning o‘sha haykali qisman buzib tashlangan edi. Shunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni “vandalizm” deb atagan va Afg‘oniston vakillariga tayanib, haykalni begona shaxslar vayron qilganini bildirgan.
Live
Barchasi