Afg‘oniston ayollar terma jamoasi “Tolibon” qarshiligiga qaramay xalqaro maydonga qaytmoqda
Sport
−
12:16 1555 2 daqiqa
FIFA Afg‘oniston ayollar terma jamoasiga “Tolibon” qarshiligiga qaramay xalqaro maydonlarda ishtirok etishga ruxsat berdi. Bu haqda mahalliy “Khaama Press” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jamoa Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Kuk orollari terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Uchrashuv sanasi hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Bu Afg‘oniston ayollar terma jamoasining 2021 yilda “Tolibon” harakati mamlakatda hokimiyat tepasiga qaytganidan keyingi ilk xalqaro uchrashuvi bo‘ladi. O‘shanda jamoaning aksariyat futbolchilari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ayollar jamoasini milliy terma jamoa sifatida tan olmagani sababli ular xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi. Biroq 2026 yil aprel oyi oxirida xorijda yashovchi afg‘on sportchilariga Afg‘oniston nomidan xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqi berildi.
Natijada, mamlakatda ayollar futboliga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolayotganiga qaramay, yangi tashkil etilgan Afg‘oniston ayollar futbol uyushmasi a’zolari FIFA homiyligidagi xalqaro turnirlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
FIFA’ning yangi qoidalariga ko‘ra, milliy assotsiatsiya turli sabablarga ko‘ra mustaqil ravishda terma jamoa tuza olmagan hollarda, FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi hamkorlikda maxsus vakillik jamoasini shakllantirishi va tasdiqlashi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, yetti oy avval afg‘on futbolchilari Birlik kubogi musobaqasida ishtirok etib, Liviya jamoasini mag‘lub etgan. Biroq o‘shanda ular rasman Afg‘oniston milliy terma jamoasi sifatida tan olinmagan edi. Kuk orollariga qarshi bo‘lajak bahs esa jamoaning FIFA tomonidan tan olinganidan keyingi ilk uchrashuvi bo‘ladi.
Live
Barchasi