Abror Muxtor Aliy ozodlikka chiqdi
Jamiyat
−
21 fevral
14942Bloger Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) ozodlikka chiqarildi. Bu haqda advokat G‘aniyev o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qayd etilishicha, kecha, 20 fevral kuni Abror Muxtor Aliyning taftish tartibidagi shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 324-23-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.
Onlayn kuzatuvdan ko‘rinishicha, Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish 2024 yil 20 fevral kuni soat 11:11 da sudya K.Tollibayev tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan.
“Internet tarmog‘ida e’lon qilingan sud qarorlari bo‘limi”da 3-1003-2404/1437 sonli ish bo‘yicha Oliy sud taftish instansiyasining qarori joylashtirilmagan bo‘lsa-da, taxminimizcha Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayevga nisbatan tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi bir muncha og‘ir deb hisoblanib, 13 yoki 14 sutkaga muvofiqlashtirilgan hamda ular qamoqdan chiqarilgan”, deya qayd etgan advokat.
Shuningdek, blogerning Facebook va Instagram sahifalariga joylangan yangi postlardan ham uning ozodlikka chiqqanini bilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Abror Muxtor Aliy Shayxontohur tumani hokimligida baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targani uchun 15 sutkaga qamalgandi. O‘sha kunning o‘zida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Abror Muxtor Aliy va uning janjalda ishtirok etgan sherigi ham aybiga iqror ekanini bildirgandi.
Sud qaroriga ko‘ra, ularning har ikkalasiga 340 ming so‘m miqdoridagi jarima va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi. Shuningdek, sud ularning oilaviy sharoitini inobatga olib, sudlanuvchilarni qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilgan.
Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ manbasiga tayanib, 13 fevral kuni Abror Abduazimovning advokati sud qarori ustidan appelyatsiya shikoyati yozgani ammo sud advokatning shikoyatini rad etgani haqida xabar bergandi.