Abror Muxtor Aliy qamoqdan chiqdi
Tahlil
−
21 fevral
7264Shayxontohur tumani hokimligida janjal ko‘tarib, 15 sutkaga qamalgan Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan bloger Abror Abduazimov ozodlikka chiqarildi.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 20 fevraldagi qaroriga muvofiq Abror Abduazimovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2024 yil 6 fevraldagi qarori bilan tayinlangan ma’muriy qamoq jazosi muddati o‘zgartirilib, ozodlikka chiqarildi.
Advokat G‘aniyevning yozishicha, Abror Abduazimov va uning sherigi Xusrav Nasrullayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kecha, 20 fevral kuni soat 11:00 da sudya Tollibayev tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan. Shunday qilib, Abror Muxtor Aliy muddatidan avval qamoqdan ozodlikka chiqdi.
Buning isboti qilib blogerning Facebook va Instagram sahifalariga joylangan yangi postlaridan ham ko‘rish mumkin.
Xo‘sh, Abror Muxtoy Aliy o‘zi nega qamalgandi? Shu haqda to‘xtalib o‘tsam.
Joriy yilning 6 fevral kuni Abror Muxtor Aliy Shayxontohur tumani hokimligiga o‘z ishi bilan borgan va shu yerda boshqa bir fuqaro bilan jahl ustida baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targan. So‘ng ichki ishlar organlari xodimlari vaziyatga aralashgan, biroq u va uning sherigi Xusrav Nasrullayev ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, ommani o‘ziga jalb qilib, ichki ishlar xodimlariga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan.
O‘sha kunning o‘zida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ikkala sudlanuvchi ham aybiga iqror ekanini bildirgan. Abror Muxtor Aliy Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchini bajarishiga qarshilik ko‘rsatish)da ifoda qilingan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgan.
13 fevral kuni esa Abror Abduazimovning advokati sud qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini yozgan. Ushbu apellyatsiya yuzasidan 14 fevral kuni sud majlisi bo‘lib o‘tgan.
Sud advokatning shikoyatini rad etgan va Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Darvoqe garchi bloger hokimlikda janjal ko‘tarib, ichki ishlar xodimlariga bo‘ysunmagani uchun qamalgan bo‘lsada, tarmoqlarda uning qamalishiga xonanda Munisa Rizayevaning uning “ustidan yozib” bergani sabab bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Gap shundaki, bundan oldin Rizayeva va Muxtor Aliy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Tarmoqlardagi mish-mishlar shu bilan tugab qolmadi. Masalan, Abror Muxtor Aliy yaqinda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida firibgarlik ayblovi bilan qo‘lga olingan Saidaziz Saidaliyev ya’ni “Saidaziz medgorodok” bilan yaqin bo‘lgani, “qonga qon, jonga jon” ekanini aytishi ortidan muammolarga duch kelgani aytildi. Bu gaplar qanchalik o‘rinli bilmaymiz. Lekin uning qamalishining sababi bo‘yicha aniq sud qarori bor.
Darvoqe yuqorida xonanda Munisa Rizayevaning Abror Muxtor Aliy ustidan yozgani haqida mish-mish tarqaldi degan edik. Ammo bu o‘z nomi bilan mish-mish. Biroq o‘tgan yilning fevral oyida Toshkent shahri Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy sudi Abror Muxtor Aliyga nisbatan jurnalist Nikita Makarenkoning bergan arizasini ko‘rib chiqib, diniy blogerga 6 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlagan.
Makarenko o‘z arizasida unga nisbatan ishonchsiz, tuhmat va haqoratomuz xabarlar tarqatilishi yuzasidan chora ko‘rilishini so‘ragan. Sud Abror Abduazimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-prim 2 moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan holat ya’ni shaxs qadr qimmatini yoki uning obro‘sini kamsitishga olib keladigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda aybdor deb topgan.
Qayd etish joiz, blogerning bir necha shaxslar, jumladan shou-biznes vakillari bilan kelishmovchilikka borishi tez-tez ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tiborini tortib keladi.
Bundan tashqari, 2021 yilda tarmoqlarda Abror Muxtor Aliyning “ayollar uradigan erkaklarni yoqtirishi” haqidagi ma’ruzasi tarqalgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa holat yuzasidan ogohlantirish bergandi.
Unda Abror Muxtor Aliyning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan chiqishlarini muallifning shaxsiy qarashlari sifatida qabul qilinishi so‘ralgan.
“Texnik nuqtai nazardan ekspertizaga muhtoj va ko‘rinishidan bayonotning bir qismi bo‘lgan chiqishda aytilgan fikrlar ham diniy, ham dunyoviy tomondan keskin tanqidga loyiq”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatiga ma’lum qilinishicha, Abror Muxtor Aliy o‘z chiqishiga izoh bergan va ayollardan uzr so‘ragan. Unga bundan buyon chiqishlari mavzusiga va mazmuniga alohida e’tibor berish tavsiya qilingan.
Shuni ta’kidlash joiz, Muxtor Aliy 2021 yil avgust oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil etilgan “Qur’on tajvidini o‘rgatish” bo‘limi mudiri o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Biroq 2022 yilda u o‘z xohishiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Abror Muxtor Aliy Andijon viloyatida joylashgan madrasadagi tayyorlov kursida tahsil olib, Namangan shahridagi “Mulla Qirg‘iz” (hozirgi “Hidoya”) o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasida o‘qigan. Shundan so‘ng, u Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan.
2008 yil Toshkent viloyatidagi masjidlardan birida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2009-2011 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, magistrlik darajasini olgan.