Abdusattorov Karlsenning e’tirozi va Qosimjonov bilan taqqoslashlari haqida gapirdi (video)
Sport
−
29 dekabr 2021
18724Avvalroq, O‘zbekistonlik 17 yoshli shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Polsha poytaxti Varshava shahrida o‘tkazilayotgan shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Abdusattorov Rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy ustidan tay-breykdagi g‘alabasidan so‘ng, matbuot anjumanida ishtirok etdi va tay-breykda o‘ynashni kutmagani, biroq bunga tayyor bo‘lganini aytib o‘tdi.
“Men uchun eng muhimi partiyani boy bermaslik edi va men buni uddaladim. Bugun juda charchadim, lekin oldinda yana bir musobaqa bor, shuning uchun dam olishga vaqt yo‘q”, deydi Abdusattorov.
Shuningdek, 17 yoshli grossmeyster musobaqaning 13-turidagi raqibi, polshalik 23 yoshli Yan-Kshishtof Dudaga qarshi o‘yinni eng qiyin partiya bo‘lganini ta’kidladi:
“Bu juda ham qiyin partiya edi, chunki men debyut vaqtida qiyinchilikka duch keldim, so‘ngra pozitsiyam yomonlashdi. Qandaydir mo‘jiza sababli o‘yinni ushlab qolishga erishdim. Menga omad kulib boqdi”.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy bilan o‘yinga ham to‘xtalib o‘tdi.
“U bizning rapiddagi o‘yinimizdan keyin yaxshi tayyorlandi, qaysidir ma’noda debyutda bir xil o‘ynadik. Lekin o‘sha pozitsiyada qoralar bilan o‘ynash osonroq edi”, deya aytib o‘tdi Abdusattorov.
Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen tay-breykda faqatgina ikki nafar shaxmatchi ishtirok etishi haqidagi qoidani “ahmoqona”, deb ataganidan so‘ng, Jurnalistlar Nodirbek Abdusattorovdan ushbu qoidaga munosabat bildirishni so‘radi. O‘zbekistonlik grossmeyster esa bu uning qarori emasligini va o‘zining tay-breykdagi ishtirokini omad kulib boqqani bilan izohladi.
Jahon chempionidan “O‘zingizni 1992 yil Maniladagi shaxmat olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi va 2004 yil FIDE Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan Rustam Qosimjonovning merosxo‘rimisiz?” deya berilgan savolga ham javob berdi:
“Yo‘q, bunday muvaffaqiyatlar bilan taqqoslashimga hali erta. Lekin kelajakda bu haqda o‘ylab ko‘rishim mumkin”.
Bunga qadar Nodirbek Abdusattorov iyul oyida Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogining 1/16 final bosqichida ozarbayjonlik grossmeyster Vasif Durarbayliga mag‘lub bo‘lgan. Noyabr oyida esa Ispaniyada o‘tkazilgan Elllobregat Open shaxmat turnirida esa g‘alaba qozongan edi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan Abdusattorov 60 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritadi. U turnir davomida Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Fabiano Karuana va Levon Aronyan singari favorit shaxmatchilarni mag‘lub etdi.
Ma’lumot uchun, rapid bahslarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan Jahongir Vohidov 7 ochko bilan 71, Javohir Sindorov 6,5 ochko bilan 93, Shamsiddin Vohidov esa 6,5 ochko bilan 103-pog‘onani egalladi.