FIDE Jahon toji uchun bahs formatini tasdiqladi
Sport
−
15:01 611 2 daqiqa
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov va hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs reglamentini tasdiqladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqa qoidalariga ko‘ra, jahon chempionligi bahsi klassik shaxmat bo‘yicha ko‘pi bilan 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. Dastlabki 40 ta yurish uchun har bir shaxmatchiga 120 daqiqadan vaqt beriladi. 41-yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya qo‘shib boriladi, partiyaning qolgan qismi uchun esa qo‘shimcha 30 daqiqa ajratiladi.
Bahsda birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi jahon chempioniga aylanadi. Qora donalarda o‘ynayotgan shaxmatchining 40-yurishiga qadar durangga kelishish taqiqlanadi.
Agar 14 ta klassik partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, chempion tezkor shaxmat va blits bo‘yicha tay-breyklarda aniqlanadi. Tay-breyk bahslari joriy yilning 12 dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur vaqt nazorati tizimi FIDE tomonidan 2024 yil sentyabr oyida tasdiqlangan. U Singapurda Din Lijen va Gukesh Dommaraju o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionligi bahsidan oldin joriy etilgan edi.
Avvalgi formatda shaxmatchilarga dastlabki 40 ta yurish uchun 120 daqiqa, keyingi 20 ta yurish uchun 60 daqiqa va partiyaning qolgan qismi uchun 15 daqiqa berilgan. Yangi tizimda esa vaqt nazorati ikki bosqichga qisqartirilib, 30 soniyalik qo‘shimcha vaqt 41-yurishdan boshlab qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Shuningdek, 2024 yilgi chempionlik bahsidan boshlab har bir g‘alaba uchun moliyaviy bonuslar tizimi ham joriy etilgan. Bu yangilik shaxmatchilarni partiyalarda g‘alaba uchun faolroq kurashishga rag‘batlantirish maqsadida kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sindorov va amaldagi jahon chempioni Gukesh o‘rtasidagi 2026 yilgi jahon chempionligi uchun bahs taqvimini e’lon qilingandi.
Live
Barchasi