Abdulla Aripov Imomali Rahmon bilan uchrashdi
Jamiyat
−
22 iyul 2023
4810Kecha, 21 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston poytaxti Dushanbeda Prezident Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston Bosh vaziri Tojikiston rahbari Imomali Rahmonga Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘z navbatida, Prezident Rahmon O‘zbekiston yetakchisini va butun xalqini Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zbekistonliklarga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
O‘zbekiston Bosh vaziri mamlakatda bo‘lib o‘tgan saylovdan so‘ng Shavkat Mirziyoyevni dastlabki daqiqalarda Prezident Imomali Rahmon tabriklaganini bildirib, bu qardosh Tojikiston davlati O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekanini qayd etgan.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Abdulla Aripov Gruziya va Ozarbayjonga ham borib, hukumat va davlat rahbarlari bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi