95 yoshli Yelizaveta II tunni shifoxonada o‘tkazdi. Bunga sabab nima?
Olam
−
22 Oktabr 2021
5822Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II joriy yilning 20 oktyabr kuni shifoxonada tunab qolgan. Buning ortidan turli mish-mishlar tarqalgan. “Sun” nashriga ko‘ra, qirolicha uyga qaytishi uchun kech bo‘lib qolgani tufayli shifoxonada bir kecha qolgan.
Bukingem saroyiga ko‘ra, Yelizaveta II 20 oktyabr kuni shifoxonaga kelgan va 21 oktyabr kuni Vindzor qal’asiga qaytgan.
Yelizaveta II shifokorlar maslahati bilan London markazidagi qirol Edvard VII xususiy klinikasiga tashrif buyurgan. Ta’kidlanishicha, 95 yoshli qirolichaning yordamchilari Vindzorga kech qaytishni xohlamagan.
Qayd etilishicha, qirolicha oxirgi marta 2013 yilda gastroenterit bilan kasallanganida shifoxonada tunagan. So‘nggi 40 yil ichida Yelizaveta II atigi besh marta shifoxonalarda bo‘lgan.
Yelizaveta II ning klinikaga tashrifidan oldin uning Shimoliy Irlandiyaga safari bekor qilingan. Biroq, qirolicha joriy yil noyabr oyining boshida Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tadigan iqlim sammitida qatnashishi mumkin, deb ishonilmoqda.
Avvalroq, Yelizaveta II shifokorlar tavsiyasi bilan spirtli ichimlik ichishdan bosh tortgani haqida xabar bergandik.
So‘nggi yillarda qirol oilasi ichki qarama-qarshiliklarga duch keldi. Ba’zi shahzodalar qirollik oilasi a’zolarini irqchilikda ayblab, monarxiyaga qarshi axborot urushi boshladi. Bundan tashqari, Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida vafot etdi. Shahzoda Endryu bilan yuz bergan mojaro ham shov-shuvga sabab bo‘ldi. U balog‘atga yetmagan qizning nomusiga tegishda ayblanmoqda.
LiveBarchasi