4 yildan buyon bitmayotgan “Bukhara City”. Hokimlik rasmiy bayonot berdi
Jamiyat
−
23 yanvar 2023
14399Yaqinda Buxoro shahri markazidagi 29 ta bino va inshoot buzilib, 32,6 gektar yerda Buxoro turizm markazi qurilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Muhokamalar boshqa bir mavzuga ulanib, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019 yilda qurilishi kerak bo‘lgan “Bukhara City” hali tugallanmagani jamoatchilik tomonidan tanqid ostiga olingandi.
O‘shanda Buxoro viloyati 24-Kogon saylov okrugidan saylangan Oliy Majlis Qonunchlik palatasi deputati Umida Rahmonova avval bitta sitini tugatib olish kerakligi, biroq Buxoroda “city”larsiz ham turistik oqim kattaligini aytib, mas’ullardan bu bo‘yicha aniq rasmiy munosabat talab qilib chiqqandi.
Uning talabidan 12 kun o‘tib, Buxoro viloyat hokimligi “tilga kirdi”. Hokimlik xabariga ko‘ra, qurilishning kechikishiga “Covid-19” pandemiyasi sabab bo‘lgan.
“Qayd etish joizki, “Covid-19” pandemiyasi va u bilan bog‘liq karantin cheklovlari tufayli “Bukhara City” majmuasida boshlangan qurilish-bunyodkorlik ishlari ham bir yildan ortiq vaqt mobaynida to‘xtab qoldi.
Shunga qaramay, qurilish-bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish bo‘yicha mavjud muammolar doimiy ravishda o‘rganilib, ularni hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Majmuani ichki va tashqi muhandislik- kommunikatsiya bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, bu borada ham qurilish ishlari davom etmoqda”, deyiladi hokimlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan “Bukhara City” majmuasiga doir yagona konsepsiya asosida bosh loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. Bugungi kunda xorijiy investorlar bilan bir qatorda yigirmaga yaqin mahalliy tadbirkorlar o‘z loyihalarini amalga oshirmoqda.
“Majmua hududida aholiga yuqori darajada savdo va xizmat ko‘rsatishning o‘ziga xos namunasi bo‘lishi kutilayotgan, 1 ming 717 ta savdo do‘konlari, 36 ta umumiy ovqatlanish, shuningdek, yuzdan ortiq maishiy va texnik xizmat ko‘rsatuvchi shaxobchalari, avia va temir yo‘l kassalari, bank filiallari, ko‘ngilochar va axborot markazlarini o‘z ichiga olgan “Karvon Shopping Centre” savdo majmuasi, 102 ta xona 200 ta mehmon o‘rnidan iborat bo‘lgan zamonaviy to‘rt yulduzli “Turon Plasa” mehmonxonasi, shu mehmonxonaga tutash 9 qavatli 80 ta xonadonli, “Stroy samo” MCHJga qarashli 9 qavatli 49 ta xonadonli va 7 qavatli 35 ta xonadonli, “Buxoro temir-beton kombinati” MCHJga qarashli 8 qavatli 64 ta xonadondan iborat zamonaviy turar-joy binolari qurilishi to‘liq yakunlangan. Hozirda mazkur inshootlarni foydalanishga topshirish bo‘yicha tegishli qabul komissiyalari xulosalari olinmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan hokimlik.
Ma’lumot uchun, “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 iyuldagi
“Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Mo‘minov va Sanoatchilar ko‘chalari oralig‘idagi jami 83 gektar yer maydonida qurilishi rejalashtirilgan.
Bir qator soha mutaxassislari esa avvalroq Buxoroning tarixiy qiyofasiga zarar yetayotganidan havotir bildirib, QALAMPIR.UZ’ga intervyu bergan edi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoq faollari ham mas’ullarni Toshkent izidan bormaslikka, turli xil “city”lar bilan qadim Buxoroning necha yillik obro‘sini tushirmaslikka chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoatchilik e’tirozlari sabab Buxorodagi turizm markazi quriladigan joy o‘zgartirilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi