20 yillik urushning yakuni: AQSH Afg‘onistonni tark etishni boshladi
Olam
−
24 aprel 2021
7394Amerika Qo‘shma Shtatlari xorijiy harbiy kontingentni olib chiqish jarayoni doirasida Afg‘onistondan harbiy texnikani olib chiqishni boshladi. Bu haqda amerikalik amaldor CNN’ga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joyida yo‘q qilinishi yoki afg‘on kuchlariga o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan qurollar ushbu mamlakatdan olib chiqib ketilmoqda.
Rasmiy vakil foydalanishga yaroqsiz qurolni yo‘q qilishga qaror qilinganini ta’kidlagan.
Boshqa bir AQSH rasmiysi telekanalga 2500 ga yaqin askarni Afg‘onistondan olib chiqish ishlari “bir necha hafta ichida” boshlanishini aytgan. AQSH Afg‘onistondagi 20 yillik urushni tugatib, o‘z qo‘shinlarini butunlay olib chiqmoqchi.
Afg‘oniston atrofidagi vaziyat
Joriy yilning 14 aprel kuni “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.
Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlanishi kerak.
OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmoqchi ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda o‘ldirilgan tinch aholining 43,5 foizi “Tolibon” hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.
Keyinchalik, rasmiy Tehron “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda Islom amirligini tuzish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida xabardorligi va bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.
Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston “Tolibon”ni “Afg‘onistonda barqaror tinchlikka olib keladigan har tomonlama muzokarali kelishuvga erishishga” sodiqligini tasdiqlashga chaqirdi.
LiveBarchasi