20 yillik missiya tugadi. AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etdi
Olam
−
31 avgust 2021
10637Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistondagi amerikaliklarni evakuatsiya qilishni yakunlab, barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. Shu tariqa AQSHning 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin Afg‘onistonda boshlagan harbiy missiyasi yakunlanlandi. Bu haqda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Kennet Makkenzi ma’lum qildi.
“Men Afg‘onistondan qo‘shinlarimizni olib chiqish va Amerika hamda boshqa davlatlar fuqarolarini, shuningdek, qiyin vaziyatdagi afg‘onlarni evakuatsiya qilish yakunlanganini e’lon qilish uchun shu yerdaman”, degan Makkenzi.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, bu 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin Afg‘onistonda boshlangan missiya yakunlanganini anglatadi.
Qobuldan uchgan so‘nggi samolyotda AQSHning Afg‘onistondagi vaqtinchalik ishonchli vakili Ross Uilson ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH “Tolibon” bilan muzokaralarda Afg‘onistondagi qo‘shinlarini sentyabrgacha olib ketishga va’da bergandi. Ammo Prezident Jo Bayden evakuatsiya ishlari vaqtida yakunlanmasa, bu muddat cho‘zilishini aytgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi