10 yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan ona qamaldi
3-sahifa
−
25 iyul
5756Toshkent viloyatida farzandini 2 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ona 8 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2024 yil 29 mart kuni Qibray tumanida sodir bo‘lgan. 1989 yilda tug‘ilgan Z.A.ning 13 yoshli o‘g‘li va 10 yoshli qizi bo‘lgan. Turmushidan ajralgan ayol ijara asosida Chirchiq shahrida yashab kelgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda ayol uyida 2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 2 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Ayol sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, bu ishga farzandlarini boqishga qiynalgani sababli qo‘l urganini aytgan.
“O‘g‘lim nogiron, oilada yolg‘iz boquvchiman. Farzandlarimni internet tarmog‘ida va Toshkent shahridagi Chorsu bozorida kiyim-kechak sotish orqali boqib kelganman. O‘zim qandli diabet kasalligiga chalinganman. Shuningdek, buyragimning ham bir qismi ishlamaydi. Shu sababli, og‘ir mehnat bilan shug‘ullana olmayman. Farzandlarimni boqishga qiynalganim tufayli qizimni farzandga muhtoj, o‘ziga to‘q oilaga berishni rejalashtirgandim. Uni sotish maqsadim bo‘lmagan”, deydi ona.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi ayolni Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan viloyati va Toshkent shahrida bolasini pullamoqchi bo‘lgan onalar ushlangandi.