1 millionga yaqin jarima bekor qilinadi
Olam
−
14:21 3388 2 daqiqa
Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya qabul qilingani munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya doirasida 1 millionga yaqin ma’muriy jarima bekor qilinadi, 16,5 mingdan ortiq fuqaro esa jinoiy javobgarlik va jazodan ozod etiladi yoki ularga nisbatan jazo yengillashtiriladi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy javobgarlik va jazodan, asosan, jinoiy qilmishlar, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar, shuningdek, yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan yoki umuman zarar yetkazmagan holda o‘rtacha og‘irlikdagi ayrim jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ozod etiladi. Ayrim mahkumlarning esa sodir etgan jinoyatining og‘irligi, yetkazilgan zararni qoplagani va jazoni o‘tash davridagi xulq-atvori inobatga olinib, jazoning o‘talmagan qismi qisqartiriladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, amnistiya 16,5 mingdan ortiq kishiga tatbiq etiladi. Ularning qariyb 2,9 ming nafari ayollar bo‘lib, ular orasida homiladorlar hamda voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan onalar ham bor.
Shuningdek, Qozog‘iston tarixida ilk bor ma’muriy amnistiya ham joriy etilmoqda. U Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 260 dan ortiq moddasi bo‘yicha tayinlangan jarimalarni qamrab oladi. Faqat ichki ishlar organlari ko‘rib chiqadigan huquqbuzarliklarning o‘zidayoq umumiy qiymati 17 milliard tengeden ortiq bo‘lgan 1 millionga yaqin jarima bekor qilinadi.
“Shu tariqa, amnistiya fuqarolarning moliyaviy yukini kamaytirishga xizmat qiladi”, deyiladi Ichki ishlar vazirligi bayonotida.
Amnistiya barcha mahkumlarga tatbiq etilmaydi. Korrupsiya, terrorizm, ekstremizm, jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar, jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, qiynoqlar, uyushgan jinoiy guruh tarkibida sodir etilgan jinoyatlar, takroriy va xavfli retsidiv holatlar, shuningdek, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan va sirtdan hukm qilingan shaxslar amnistiyadan foydalana olmaydi.
Ma’muriy amnistiya ham noqonuniy qurol va giyohvand moddalar muomalasi, mast holda transport boshqarish, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish hamda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etishga sabab bo‘ladigan boshqa qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
“Ma’muriy amnistiya davlat axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi va fuqarolardan davlat organlariga murojaat qilish talab etilmaydi”, deya ma’lum qilgan vazirlik.
Shuningdek, IIV amnistiya bir martalik xususiyatga ega ekanini qayd etgan.
“Qayta huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, amnistiyadan foydalangan shaxslar umumiy tartibda javobgarlikka tortiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyun kuni Qozog‘istonning sakkizinchi chaqiriq deputatlaridan iborat ikki palatali parlamenti rasman o‘z faoliyatini yakunlagan edi. Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti – Qurultoyga saylovlar joriy yilning 23 avgust kuniga belgilandi.
Live
Barchasi