1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

Avtokreditlardagi chegirma, boshlang‘ich ta’limga elektron qabul, mehnat nizolari uchun ta’sis etilayotgan alohida ixtisoslashgan sudlar, chavoqlantirilayotgan shahar suv havzalari hamda avtomobillarni jarima maydonchalaridan QR-kod yordamida chiqarish amaliyoti: O‘zbekistonda 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi? Quyida QALAMPIR.UZ shular haqida so‘z yuritadi.

Avtokreditlarning bir qismi qoplanadi

Joriy yilning 1 avgustidan boshlab aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda Prezidentning joriy yilning 25 mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 46-sonli farmonida belgilangan bo‘lib, unda joriy yilning mayidan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib borilishi ham belgilangan edi.

Boshlang‘ichga kabul elektron bo‘ladi

O‘zbekistonda 2026-2027 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Bunda qabul jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, joriy yildan boshlab 20 iyun – 31 iyul oralig‘ida mikrohudud doirasida hamda 1 avgust – 31 avgust sanalari oralig‘ida mikrohududdan tashqarida onlayn tarzda arizalar qabul qilinadi.

Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va my.maktab.uz orqali topshiriladi.

Yangi o‘quv yili uchun qabul yoshi an’anaga muvofiq 7 yoshga to‘lgan bolalar, ya’ni 2026-2027 o‘quv yili uchun 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilganlar uchun belgilangan. Aytaylik, onlayn qabuldagi tanlovda siz yashaydigan hudud topilmasa, qabul oddiy tartibda maktablar tomonidan amalga oshiriladi. Qolaversa, qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha ma’lumotlar maktablarda ochiq e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026 yil aprel oyidagi axborotiga ko‘ra, 12 nomdagi o‘quv qurollari bo‘lgan Prezident sovg‘alari joriy yilning 20 avgustiga qadar barcha maktablarga yetkaziladi.

Kamyob yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi

Hukumatning 2026 yil 30 iyun kuni  qabul qilingan “Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 343-sonli qaroriga binoan, 2026 yil 1 avgustdan 2028 yil 1 yanvarga qadar mazkur qaror ilovasida belgilangan O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi.

Bunda:

ushbu cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ov qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi;

yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni shakllantirish va taqsimlashda ov qilish taqiqlangan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar turlariga nisbatan kvota ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shaharlardan o‘tuvchi suv havzalariga baliq tashlash boshlanadi

Shuningdek, hukumatning mazkur 343-sonli qaroriga binoan, 1 avgustdan boshlab, 4 yil davomida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarini chavoqlantirish boshlanadi.

Bunda chavoqlantirish 2026 yil 1 avgustdan 2030 yil 1 yanvarga qadar davom etadi. Har yili jami 15 tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan tuziladigan ro‘yxat asosida chavoqlantiriladi.

Avtomobilni jarima maydonchasidan QR-kod yordamida qaytarish mumkin

2026 yil 1 avgustdan transportlarni jarima maydonchalaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron tarzda yuboriladi. Bu haqda Hukumatning “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori joriy yilning 2 iyul kuni qabul qilingan.

Mehnat nizolarini ixtisoslashgan sudyalar ko‘rishni boshlaydi

Oliy sud Rayosati tomonidan qabul qilingan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqida”gi qarorga binoan, O‘zbekistonda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida 2026 yil 1 avgustdan boshlab mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ya’ni, endilikda Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida – 4 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida – 3 nafardan udya faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha hududiy tumanlararo sudlarida 2 nafardan, faqat Kattaqo‘rg‘on, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlarida 1 nafardan sudyalar faoliyat olib boradi.

Sudlarga 2026 yil 1 avgustdan keyin kelib tushgan mehnat nizolari bilan bog‘liq arizalar ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi. 2026 yil 31 iyulgacha kelib tushgan, shu jumladan, ish yurituviga qabul qilingan ishlar 2026 yil 1 avgustga qadar amalda bo‘lgan tartibda ko‘rib yakunlanadi.

Go‘sht importiga subsidiya ajratish muddati uzaytiriladi

Prezidentning joriy yilning 7 aprel kuni qabul qilingan “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan byudjetidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratilishi belgilangan edi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan 1 avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm go‘sht uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangandi.

Biroq 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing