Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz muddati uzaytiriladi
Jamiyat
−
21 iyul 3802 2 daqiqa
O‘zbekistonda go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib bergan. Ilgari ma’lum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqqan.
Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut chiqmasligini anglatadi.
Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 milliard so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 milliard so‘mgacha 10 foizli kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yilgan.
Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 apreldan 1 avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogramm go‘sht uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratilishi belgilangandi.
Live
Barchasi