SSV “naglim obrazom” o‘lim sonini yashiryaptimi? Vazirlikning beo‘xshov ma’lumotlari ortida nima bor?

Jamiyat

image

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ustidan nazoratni tobora qo‘ldan boy berib borayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi oxirgi vaqtlarda o‘zi e’lon qilayotgan ma’lumotlarning o‘zaro mosligiga ham e’tibor bermay qo‘ygan ko‘rinadi. Negaki, vazirlikning kasallik aniqlangani va o‘lim holati qayd etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari mos emas. Bu haqda Bloger Muhrim A’zamxo‘jayev faktlar bilan post qoldirdi.

Muhrim A’zamxo‘jayev gapni SSV bir haftadan ortiq davom etgan “kuniga to‘rt o‘lim” an’anasini bas qilganidan boshlagan. 

Darhaqiqat kecha, 22 iyul kuni koronavirus sabab uch kishi vafot etgani rasman e’lon qilindi. Ammo negadir Qoraqalpog‘istondagi prokuror vafoti bo‘yicha axborot berilmadi.

“Ushbu holatlar aynan qaysi sanada yuz bergani, har doimgidek, ma’lum qilinmagan (balki kecha, balki o‘tgan kuni, balki bir necha kun avval vafot etgandir bu bemorlar)”, deydi bloger vazirlikda ma’lumotlar borasida ochiqlik yetishmasligini ko‘rsatib.

Shundan so‘ng, u to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lim va kasallanish holatlari sanasi mos emasligini faktlar bilan ko‘rsatib bergan.

“Kecha e’lon qilingan birinchi va uchinchi o‘lim holatida qiziq jihat bor. SSV Nukusda yashagan 42 yoshli B.D. ismli erkak koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganini e’lon qilarkan, unda 3 iyul  kuni COVID-19 aniqlanganini yozgan. Vaholanki, SSV tomonidan har kuni e’lon qilib borilayotgan kunlik hisobotda 2 iyul—6 iyul kunlari (jumladan, 3 iyul kuni ham) Qoraqalpog‘istonda yangi kasallanish holatlari qayd etilgani ma’lum qilinmagan edi.

SSVning kechagi axborotiga ko‘ra, Termizda shahrida yashagan 40 yoshli T.X. ismli erkak koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan. Vazirlikning alohida qayd etishicha, T.X.da koronavirus infeksiyasi 12 iyul kuni tasdiqlangan. Qizig‘i, SSVning 11, 12, 13 iyul sanalaridagi kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha hisobotlarida Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalingan yangi bemorlar aniqlangani ma’lum qilinmagan edi”, deydi A’zamxo‘jayev.

SSVning statistikani ochiq e’lon qilayotgani takror va takror turli rasmiylar tomonidan aytilmoqda. Ammo gap qayerdayu fakt qayerda? Asosiysi, bu boshqa biror tashkilotning o‘z xodimi o‘limi haqida bergan ma’lumotlari bilan solishtirilmayapti. Keltirilgan faktlarning asosi SSV e’lon qilgan axborotlardir.

Hozirgacha SSV bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 18 703 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 10 002 nafari sog‘aygan va 100 nafari vafot etgan. Hozirda 8 601 kishi davolanyapti. Ammo bu rasmiy ma’lumotlar. Jamoatchilikka SSV e’lon qilmagan o‘lim holatlari ham ma’lum bo‘lib ulgurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

985

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing