Norboyeva bilan bir yil: Senatga “jon” kirdimi?
Tahlil
−
22 iyun 2020
166292019 yilning 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida O‘zbekiston tarixida ilk bor ayol kishi Parlament yuqori palatasi raisi lavozimini egalladi. O‘shanda ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Tanzila Norboyevaning fidoiyligi, mehnatsevarligini aytib, xalqaro maydonda mamlakat imijini oshirish yo‘lida amalga oshirgan sa’y-harakatlarini e’tirof etgan edi.
Shu kundan boshlab O‘zbekistonda gender tengligi yoki mamlakatda ayollarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z ochilgudek bo‘lsa, gapning bir uchi borib Tanzila Norboyevaga taqaladi. U yangi O‘zbekistonning shuhrat pillapoyalaridan yuqorilayotgan “yangi opalari” ro‘yxati avvalida kelmoqda.
Prezident Tanzila Norboyeva nomzodini Senat raisligiga ilgari surarkan, shunday degan edi:
“Tanzila Norboyeva qayerda ishlamasin, o‘zining mehnatsevarligi, bilim va tajribasi, talabchanlik va tashkilotchilik fazilatlari, o‘ziga ishonib topshirilgan vazifani mas’uliyat bilan ado etishi, kamtarligi bilan mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozongan.
Ishonchim komil, barchangiz Senatimizning yangi Raisi rahbarligida Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, jonajon O‘zbekistonimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun o‘zingizni ayamasdan, katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasizlar”.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimini ushbu kursida 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan qabul qilib oldi. Bu vaqt davomida Senat jonlandi, odamlar orasiga kirib bordi, ularning hayotini o‘rgandi, turmush tarzi bilan tanishdi, havoyi hujjatlar o‘rnini hayotimizga yaqin qonun va qarorlar egallashni boshladi. Ammo xato va kamchiliklar, eskilik sarqiti bo‘lgan “an’analar”dan butkul forig‘ bo‘lindi, deyishga hali ancha bor.
Senatning odamlar hayotiga kirib borganini joriy yilning sentyabr oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorida ham ko‘rish mumkin. Mazkur qaror ko‘plab muhokamalarga, inson huquq va manfaatlari cheklanmoqda, degan e’tirozlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, qarorga nechog‘lik zarurat borligini pandemiyaning o‘zi isbotlab berdi.
Norboyeva, hozircha xalq ko‘z o‘ngida, unga ishonishyapti, o‘tli chiqishlarini e’tibor bilan kuzatishmoqda. Ayniqsa, vazirlar, mas’ullarni so‘roqqa tutishi tillarda doston. Ha, u hali boshqa amaldorlar kabi qovun tushirmadi. Tushirmasligi ehtimoli ham yuqori. Ammo bu ko‘p jihatdan uning o‘ziga emas, balki butun Senat tarkibiga bog‘liq.
Norboyeva davriga kelib, ilk bor senatorlar odob-axloqi masalasi katta yig‘ilishda muhokama qilindi. Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ayollarning ro‘moliga qarata aytgan gaplari yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda Norboyeva Senatning odob-axloq komissiyasini yig‘ib, G‘aniyevni tartibga chaqirgan, unga inson huquqlarini, ayniqsa, ayollar huquqlarini poymol qilishga haqqi yo‘qligini eslatib qo‘ygandi. Biroq, Norboyevada Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qarata aytgan haqoratomuz va tahdidiy gaplariga qarshi fikr bildirish va ushbu masalani ham odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqishga jasorat topilmadi. U Senat yalpi majlislaridan birida ommaviy axborot vositalari xodimlarining mustaqil va erkinligi, mamlakatda matbuot va so‘z erkinligi qonunlar bilan ta’minlanganini aytdiyu Ortiqxo‘jayevga miq etmadi. Shunga qaramay, OAV xodimlari Norboyevani do‘st-amaldor sifatida biladi, ishonadi, hurmat qiladi, hamfikr bo‘ladi.
QALAMPIR.UZ ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda respondentlarga Tanzila Norboyeva bilan O‘zbekiston Senati o‘zgardimi, Parlament yuqori palatasi haqiqatan ham xalq manfaatlarini himoya qiluvchi qonun va qarorlar ustida ishlayaptimi, degan savollar bilan murojaat qilindi.
So‘rovnomada jami 15,6 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ularning 3304 nafari yoki umumiy ishtirokchilarning 21 foizi “Ha” degan javobni tanlagan.
5011 kishi yoki respondentlarning 34 foizi Senat o‘zgargani va u xalq manfaatlari yo‘lidagi qonun va qarorlar ustida ishlayotganini rad etib, “Yo‘q” degan javobni bergan.
3407 kishi yoki respodentlarning 22 foizi Norboyeva kelgach, Senat “jonlanganini” e’tirof etgan.
Qolgan 3536 kishi yoki respondentlarning 23 foizi Senat “xalq uyi”ga aylanganicha yo‘q degan javobda to‘xtagan.
So‘rovnoma natijalaridan ko‘rinib turibdiki, Norboyevaning faoliyatini respondentlar yuqori baholamoqda, biroq bu Parlament faoliyatiga berilgan baho deyish qiyin. Chunki ko‘pchilikning fikricha, Parlament hali xalqqa yaqinlashmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil oxirida O‘zbekistonda navbatdagi Parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. 2020 yilning yanvarida Senat tarkibi qayta shakllantirildi. Senatning birinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Senat raisi lavozimiga Tanzila Norboyeva nomzodini ko‘rsatdi. Nomzod 94 senator tomonidan ma’qullandi va Norboyeva yana Senat raisi bo‘ldi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Tanzila Norboyeva nomzodini Senat raisligiga ko‘rsatar ekan, shunday degan edi:
“Tanzila Kamolovna olti oydan buyon mana shu lavozimda ishlayaptilar. Hammangiz bilasiz, harakatlari mutlaqo boshqacha. Senat uyg‘ondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ilohim uyg‘ongani rost bo‘lsin. Tanzila Kamolovna bilan ko‘p yillar birga ishlaganmiz.
U so‘nggi 30 yil davomida turli rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Oxirgi olti oy davomida Senat raisi sifatida katta ishlarni amalga oshirdi. Bitta narsani men sizlarga ochiqcha aytishim kerakki, hozir Tanzila Kamolovnaning tajribasi, harakatlari, odamlar bilan muomalasi, qattiqqo‘lligi, tajribasi, birovga yoqadimi, yo‘qmi, joylarga borib, qiynalib, 4-5 soat o‘tirib, masalani chuqur oxirigacha yetkazishi, shijoati menga ma’qul.
Tarixda shaxsni roli juda katta. Ana shu shaxs nuqtai nazaridan Tanzila Kamolovna ham o‘z ustida ishlayapti, ham o‘z jamoasini ishlatyapti. Hozirgi sharoitga eng munosib nomzod, deb baho bermoqchiman”, deydi davlat rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, Tanzila Norboyeva Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan, pedagogika fanlari nomzodi.
Ish faoliyatini 1974 yilda Andijon viloyati Shahrixon shahridagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlab, 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajalidagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
1995-2010 yillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari kotibiyati mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan.
2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi lavozimida ishlagan.
2016 yildan 2019 yilning 21 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublika Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Oilali, 2 nafar qiz farzandi bor.
LiveBarchasi