Senat Apple Pay va Google Pay bo‘yicha muhim qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
05 fevral 1520 2 daqiqa
Bugun, 5 fevral kuni Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu o‘zgartirishlar Apple Pay, Google Pay, PayPal kabi xalqaro to‘lov tizimlarining mamlakatda ishlashiga imkon yaratadi. Majlisda ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistondagi ko‘plab dasturchi va frilanserlar xorijiy buyurtmachilar bilan ishlashda xalqaro elektron platformalardan foydalanmoqda. Biroq, Upvork, Fiverr, Envato va Storyblocks kabi platformalarda to‘lovlar asosan Pay Pal orqali amalga oshiriladi. Pay Pal esa O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari bilan to‘liq ishlamaydi.
Buning asosiy sababi – amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi hisoblanadi. Ushbu talab xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishini cheklab kelgan.
Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi o‘zgartirishlar bu muammoni hal qilishga qaratilgan. Endilikda faqat ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlar – biometrik, genetik va telekommunikatsiya xizmatlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi majburiy bo‘ladi. Boshqa ma’lumotlarni chet elda saqlash va uzatishga ruxsat beriladi, biroq buning uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etiladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati beriladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojiga xizmat qiladi, frilancyerlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratadi hamda chet ellik sayyohlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi