Umuman chet elga chiqmaydigan amaldor Bositxonova bilan eksklyuziv intervyu (video)

Intervyu

image
To‘ylarni o‘tkazishga oid Nizom tasdiqlandi. Yangi qoidalar bilan tanishing north_east

To‘ylarni o‘tkazishga oid Nizom tasdiqlandi. Yangi qoidalar bilan tanishing

Yana bechora kambag‘allar jabr tortadi – Muslimbek Yo‘ldoshev to‘ylar haqidagi qarorni qoraladi north_east

Yana bechora kambag‘allar jabr tortadi – Muslimbek Yo‘ldoshev to‘ylar haqidagi qarorni qoraladi

Qonun bilan “mixlaymiz”! 1000 kishilik restorani borlar uni mehmonxonaga aylantirsin – Norboyeva north_east

Qonun bilan “mixlaymiz”! 1000 kishilik restorani borlar uni mehmonxonaga aylantirsin – Norboyeva

Xabaringiz bor, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi oliy Majlisi Senatining 22-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Qaror bilan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. 

QALAMPIR.UZ ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur qaror va Nizom xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan suhbatlashdi. Mazkur suhbatni quyida yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Qamariddin Shayxov: — Shu kunlarda meni o‘ylantirayotgan bir savol bor. To‘ylar masalasi yana kun tartibiga chiqqandan keyin bir fikr keldi: biz bu masalani muhokama qilishni mavsumiylashtirib yubormayyapmizmi? Hatto, Hukumat yoki Senat darajasida...

Elmira Bositxonova: — Yo‘q, bu galgi muhokamalar mavsumiylik ko‘rinishidan yiroq. Negaligini men sizga tushuntirishga harakat qilaman. Avvalambor, dabdabaga moyillik oxirgi 20 yilda kun sayin oshib boryapti. Men bolaligimdagi to‘ylarni eslayman: u qo‘ni-qo‘shnilarning ishtirokida, qo‘shnining bitta tovoqda pishirib keladigan chuchvarasi yoki qatlamasiga bog‘liq bo‘lgan to‘ylar edi. Biz bu to‘ylarda “skameyka”, ko‘rpacha tashib yordamlashardik. Bular to‘y egasini xarajatdan deyarli xalos qiladigan jarayonlar edi. Keyinchalik to‘ylarga bo‘lgan qiziqishlar uni yanada bejashlar avj oldi. Bunga mamlakatimizda to‘y industriyasining paydo bo‘lgani ham sabab bo‘ldi. To‘yxonalarni yasatish, to‘ylarni tashkil qilish, alohida xizmatlar ko‘rsatish – bularning barchasi to‘ylarning dabdabali bo‘lishi ortidan daromad olishga qiziqqan tashkilotlarning ko‘payib borishigi ham sabab bo‘ldi. Oxirgi yarim yil ichida esa dabdabaning yangicha usullari paydo bo‘layotgani aholining, xalqimizning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganda, men Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari sifatida juda ko‘p qabullarda ishtirok etdim. Byudjet mablag‘lari yetmagani, sarflov materiallari, operatsiyani amalga oshirish uchun dori-darmonga tanqisligi, shifoxonalar kamligi sabab og‘ir kasalliklarga chalingan yuzlab bolalar yordamga muhtoj ekaniga guvoh bo‘ldim. Davlatimiz rahbari jamg‘armalar orqali milliardlab pul ajratib berdilar. Bu pullar har bir bolaga taqsimlandi. Ular operatsiya qilindi va jarrohlikdan keyin tuzalib ketdi, hayotga sog‘lom bo‘lib qaytdi. Shu jarayonda shifokor sifatida milliy valyutamizning har bir so‘mi naqadar qimmatli ekanini sezdim. Chunki, shu pullar orqali bir bolaning hayoti saqlab qolinyapti. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda pullarni sochib, uning ustida raqsga tushish holatlarini ko‘rdim. Bu holat menga shifokor va ona sifatida juda og‘ir botdi. 

Ayniqsa, onkologik shifoxonalarning bolalar davolanadigan bo‘limiga kirganingizda, onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning ko‘zlariga qarab turib, ular hayotni siz va mendan ko‘proq tushunishini ko‘rasiz. Ular qachon qaysi dozadagi dorini qabul qilishi, qachon unga osma dori qo‘yilishini, qachon operatsiya qilinishi va bu operatsiyaga nimalar kerakligini, shifokorlarning ism-sharifini yoddan biladi. Ularning o‘z holatiga bo‘lgan jiddiy munosabati va hayotga bo‘lgan umidlari naqadar baland ekanini ko‘rib ichingiz eziladi. Bu bolalarning tepasida mijja qoqmay o‘tirgan onaning ko‘zlarini esa hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Mablag‘ masalasiga kelsak, u savobga emas, to‘ylardagi dabdabaga xizmat qilishi – qadriyatlarimizni yemiruvchi eng birinchi holat, deb hisoblayman. Jamiyat buni to‘g‘ri tushunyapti. Maktabga ham karnay-surnay bilan olib borish darajasiga yetib kelinayotgani odamlarning e’tirozini keltirib chiqaryapti.

Yaqin o‘rtada Senatning majlisi fuqarolarning talabi bilan chaqirilgani yo‘q. Ammo, yigirma ikkinchi yalpi majlisda ko‘rilgan ikkita masaladan bittasi, ya’ni to‘y-hasham va undagi dabdaba haqidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma qarori aholi murojaatlari asosida ko‘rib chiqildi. Taklif, talab, e’tirozlar bo‘lavergani uchun ikkita palata juda zudlik bilan qarorni ishlab chiqib, uni qabul qildi. Bu ham bo‘lsa, islohotlar davridagi jamiyatni Qonunchilik palatasi bilan hamkorligi, deb hisoblayman. Endi ijrosida jamiyat ishtirok etishi kerak. Nafaqat jamiyat, balki mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasi va barcha matasaddi davlat idoralari ishtirok etishi kerak. Chunki qarorda soliq, javobgarlikka tortish masalalari ham ko‘tarilgan. Qo‘shma qaror asosida qabul qilingan Nizomda raqamlar belgilandi. O‘sha raqamlarga rioya qilish jamiyatimizning qonunlariga ham rioya qilishda alohida rol o‘ynashi kerak. 

Albatta, hammasi bosqichma-bosqich boradi. Biz aholi o‘rtasida bu qaror va uning Nizomini targ‘ib qilishimiz kerak. Bu targ‘ibotlar katta-katta zallarda emas, aksincha, har bir mahallada, kichik-kichik guruhlarda, bo‘yi yetgan qizi, uylantirmoqchi bo‘lgan o‘g‘li bor oilalarda, mahalllaning obro‘li keksalari orasida bo‘lishi kerak. Ularning maslahatlari minglab odamlarga ta’sir etadi. Qarorda aytilganki, avval tushuntiriladi, rioya etilishi monitoring qilinadi va jamoatchilik nazoratiga olinadi. Ana shu bandlarni so‘zsiz bajarishga jazm qilsak, qaror mavsumiy bo‘lib qolmay, qadriyatlarimizning tiklanishiga, doimiy bo‘lishiga va bizni ma’naviy jihatdan parchalanishga olib kelayotgan dabdabalarni bartaraf etishga, albatta, kuchimiz yetadi. 

Q.Sh: — Qaror juda zudlik bilan qabul qilindi, dedingiz. Unda xalqning ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra takliflari qanchalik o‘z ifodasini topdi? Bundan avval Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlar, tasviyalar, eslatmalarda rad etiladigan jihatlar ko‘pligi aytilgandi. 

E.B.: — Bu savolga o‘zingiz javob berdingiz. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, ekspertlar, jamoatchilik vakillari va senatorlar yangi qarordagi o‘zgartish va qo‘shimchalarni o‘sha qilingan hamma hujjatlardagi xatolik va yutuqlarimiz natijasida ham operativ qila olishdi. Chunki, tajriba bor edi. 

Q.Sh: — Hech chet elga chiqmaysiz. Mening Shveysariyam Qoraqalpog‘istonim derkansiz...

E.B.: — Qayerdan bildingiz? (kulib)

Q.Sh: — Tor doirada aytgansiz bu gaplarni. Xo‘sh, xorijga chiqmaysiz, ammo bu boradaga xorijda qo‘llanilayotgan amaliyotni qanday o‘rganyapsiz? Chet eldagi hayotga, xalqaro standartlarga mos yashashga intilayotgan odamlarga sizlar chiqargan qaror qanchalik to‘g‘ri keladi? 

E.B.: — Yevropa mamlakatlarida, ayniqsa, oddiy, mehnati bilan daromad topadigan, o‘z muvaffaqiyatini hisob-kitoblarga asoslagan oilalarda dabdabaga umuman o‘rin yo‘q. To‘ylarni ular boshqacha tushunishadi. Albatta, taniqli shaxslar, shou-biznes vakillari o‘z to‘yini dabdaba bilan o‘tkazadi. Ana o‘sha dabdabalar bizga ko‘chmoqda. Lekin, oila qadriyatlari masalasida na G‘arb va na Sharq mamlakatlari bizga o‘rnak bo‘la olmadi. Bizning ildizimiz shunchalik chuqur, an’analarimiz shu qadar go‘zalki, milliy qadriyatlarimiz, oiladagi milliy tushunchalar biz uchun muhimroq. Kuni kecha Yevropaning shimoliy mamlakatlaridan birida ayol daraxtga turmushga chiqibdi, degan xabarni o‘qidim. U daraxtning nomini o‘ziga familiya qilib olgan. Bu qadriyatlar, aynan oila qadriyatlari parokanda bo‘lgan mamlakatlardagi ahvol. Ular oila an’anasini, oila nima uchun qurilishi kerakligini unutgan. 

Q.Sh: — Nima uchun ajrim ko‘p bizda? Siz aytgandek qadriyat bor, hurmat bor, ota-ona, oila, mahalla bor... 

E.B.: — Bu globalizatsiyaning eng og‘ir ta’sirlaridan bittasi. Dunyo hamjamiyatining ko‘plab vakillari O‘zbekistonga kelganida, ularning na iqtisodiyotimizga, na qishloq xo‘jaligimizga havasi keladi. Ular e’tirof etadigan va hayratga soladigan bittagina narsa bor. U ham bo‘lsa oila qadriyatlari. O‘zbekning oila qadriyatlari biz uchun juda ham qimmatli degan fikrlarni eshitganman. Sizlarda ota-onaga hurmat, oilani saqlab qolishga intilish kuchli, degan fikrlari haqiqatan ham bizning qadriyatlarimiz kuchli ekanini yana bir bor menga isbotlab berdi. Lekin biz globalizatsiyaning salbiy ta’siriga bo‘sh kelib qolyapmiz. Yevropada ajrimlar 70%gacha yetgan mamlakatlar bor. Koreyadagi hamkasblarimizning aytishicha, u yerda ham ajrimlar 75%ni tashkil etmoqda. Ayollar oiladan ko‘ra kareraga qiziqishi, iloji bo‘lsa farzandlarni kamroq tug‘ishi, masalan, yo bitta farzand, yo umuman farzandsiz o‘tishi buning omillari. Koreyalik hamkasbining aytishicha, ayollarning oiladan ko‘ra ishga mehri ko‘proq. 

Vatanparvarlikning birinchi bosqichi – bu oila. Chunki, Vatan tushunchasi oila bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchu u oilada shakllanishi kerak. 

Fransiyalik ayollar menga aytishgan edi: 60 yoshga to‘lishdan juda qo‘rqamiz. Chunki, 60 ga yaqinlashsak, farzandlarimiz bizni qariyalar uyiga topshirishni kun tartibiga qo‘yib qo‘yadi. Shuning uchun biz oila qadriyatlarimizni tiklashimiz uchun haqiqiy keng ko‘lamdagi ishlarni boshlashimiz kerak. 

Bugun ajralish darajasiga kelgan oilalarda qiz tarafning onasiga “so‘ramaganmidingiz qanday oilaga qiz berayotganingizni”, degan savol bilan murojaat qilsak, “ko‘zim ko‘r ekan, hech kimdan so‘ramabman, kelib o‘g‘lini maqtayverganiga berib yuboraveribman” degan javobni olamiz. Bunday gaplar bizning qadriyatlarimizda yo‘q. 

Q.Sh: — Aslida eng yaxshi taftish – surishtiruv... 

E.B.: — To‘ppa to‘g‘ri. Avval boshidan oilasini mustahkam qilmoqchi bo‘lgan inson, ko‘ylakning qaysi brenddanligini emas, oilaning qanday bo‘lishini o‘ylaydi.  

Q.Sh: — O‘zbekistondagi telekanallarda qizlarni pardoz qilib, kosmetolog, makiyajchi, sartarosh huzuriga olib borib, oq ko‘ylak kiydirib ko‘radigan ko‘rsatuvlar ko‘p. Yana ularni pardoz qilayotgan ham, eng yomoni uning ko‘ylagiga baho berib, “ko‘ylagingiz undoq, sochingiz bundoq turibdi, pardozingizni mana bunday qilishingiz kerak edi”, deb izoh berib turganlar ham erkaklar. Siz bunga qanday qaraysiz?

E.B.: — Albatta, salbiy! Bu masalada shu jarayonni jadallashtirayotgan va buning ortidan daromad orttirib, milliy qadriyatlarimiz, oila qadriyatlarimizni parchalashga olib kelayotgan holatlarda o‘zlarini ehtiyot qilishlarini iltimos qilgan bo‘lar edim. Har bir inson avvalo o‘ziga, ahli ayoliga va jamiyatga foyda keltiradigan tijoratni tanlashi kerak. 

Q.Sh: — Shunday ko‘rsatuvlarni ko‘rganingizda ona va buvi sifatida ichingizdan qanday his kechadi? 

E.B.: — Aytganimdek, salbiy. Oilaning pisoxologik, iqtisodiy, huquqiy va salomatlik borasida muammolari bo‘lishi mumkin. Ana shu muammolarning yechimi haqida ko‘rsatuvlar bo‘lsa, yaxshi edi. Masalan, qaynona keliniga qo‘lidan kelmaydigan ishni buyurdi. Buning psixologik yechimi qanday bo‘ladi? Ana shunga o‘xshagan mavzularda psixologlar bilan suhbatlar, tok-shoular o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq edi. Yoki huquqiy masalalarni olib qaraylik. Bilasizmi, ajrimdagi keyingi parokandalik – alimentning noto‘g‘ri to‘lanishi, ayolning bolalar bilan ko‘chada qolib ketishi, ularning o‘zaro haqoratlar bilan janjallashishi, bola talashishi, bularning hammasi ma’naviy-huquqiy ko‘rsatuvlarda ochib berilsa edi. 

Q.Sh: — Suhbat so‘ngida yana qo‘shma qarorga qaytsak. To‘ylarda qatnashasizmi-yo‘qmi, ammo davlat amaldorlarining orasida ham falon pulga chet eldan san’atkor olib kelib, ko‘rgazma zallarini bezatib to‘y qilganlarni ham bilamiz. Holbuki, qaror va qonun chiqarish jarayonida ham ular eng bosh tashabbuskor. Birinchi bo‘lib qo‘l ko‘taradigan ham ular. Amal qilishga kelganda, o‘z farzandlari to‘yida amal qilmaydilar. 

E.B.: — Kasbiy majburiyatlarim nuqtai nazaridan hozir ijtimoiy tarmoqlarning hammasini kuzataman, ko‘rib boraman. Nazoratimda! Sog‘liqni saqlash vazirligidan Xotin-qizlar qo‘mitasiga o‘tganimdan keyin axborot maksimal ravishda ko‘paydi. Siz aytgan gaplarga ko‘zim tushadi. Qo‘shma qaror qabul qilingandan keyin, endi lavozim egalari, amaldorlar ham  amal qiladi. Qarorda mahalla raisiga katta vakolatlar berildi.  Mahalla raisi o‘z mahallasi hududida bo‘layotgan to‘yga o‘z munosabatini bildirsa, o‘sha amaldorning ham rahbari u qilgan to‘y yuzasidan munosabatini bildirsa, albatta, lavozim egalari ham choradan chetda qolmaydi. Va o‘ylaymanki, bu qo‘shma qarorning barcha bandlariga rioya qilish choralarini ko‘radi. 


Maqola muallifi

Teglar

Elmira Bositxonova

Baholaganlar

45

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing