500 gramm vaznli bolalarning yashab qolish foizi so‘nggi yillarda oshdi – Bositxonova

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 500 gramm va undan ortiq vaznli bolalarning yashab qolish foizi so‘nggi 3 yilda 2 barobarga oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova mamlakatda neonatal tibbiyotning rivojlanish bosqichlari haqida ma’lumot berib, aytib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har bir mamlakat uchun shu yo‘nalish bo‘yicha rivojlanganlik darajasini belgilovchi  mezonlarni ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, agar bola homiladorlikning 22-haftasida tug‘ilib, vazni 500 gramm va undan ortiq, bo‘yi 25 sm va undan ortiq bo‘lsa, u tirik tug‘ilgan  hisoblanadi. 

Qator davlatlar bu tavsiyalarni o‘zlaridagi neonatologiya sohasining rivojiga qarab, turli yillarda qabul qilgan. Ba’zi mamlakatlarda bu mezonlar 28 haftadan boshlab, bolaning vazni 1000 gramm, bo‘yi 35 sm deb ham belgilangan. 

“To‘g‘ri, 22 haftalik homila juda kam vaznli  bo‘lish bilan birga funksional o‘ta yetilmagan va yashab qolishi uchun yuqori texnologiya va malakali mutaxassislar parvarishini taqozo etadi. Shu sabab, O‘zbekistonda bu mezonlarga o‘tish uchun qabul qilingan davlat dasturlarida  qator dolzarb vazifalar, aniq chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirildi. Ushbu guruhdagi bolalarning parvarishi, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yetarlicha jihozlar, munosib muassasalar va malakali mutaxassislar tayyorlash lozim edi. Bu yo‘lda ham mamlakatimizda muhim  amaliy ishlar qilindi”, deydi Bositxonova.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hamkorligidagi “O‘zbekistonda onalik va bolalik xizmatini takomillashtirish” loyihasi doirasida mamlakatning barcha tug‘ruq muassasalari tibbiyot xodimlari chaqaloqlar parvarishi asoslari, neonatal jihozlardan samarali foydalanish, chaqaloqlar reanimatsiyasi va boshqa bir qator yangi samarali texnologiyalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar va milliy trenerlar tomonidan o‘qitilgan. O‘tgan yillar davomida “Salomatlik 1, 2 va 3” loyihalari bo‘yicha barcha tug‘ruq muasssalari eng asosiy parvarish va chaqaloqlar reanimatsiyasi uchun zarur zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan tug‘ilish mezonlari JSST tavsiyalariga ko‘ra, chaqaloq 22 haftadan boshlab tug‘ilib, vazni 500 gramm va undan ortiq bo‘lsa, FXDYO idoralarida qayd etilishi belgilangan.

“Rivojlangan davlatlardagi kabi bizda ham o‘ta kam vaznli chaqaloqlarda nafas buzilish sindromi profilaktikasi va davosi uchun eng zamonaviy preparatlar markazlashgan holda xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi. Amalga oshirilayotgan  ana shunday sa’y-harakatlar sabab bu guruhdagi bolalar orasida yashab qolish foizi keyingi 3 yil davomida 2 barobarga ortdi”, deya ta’kidlagan vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, shu yildan boshlab  O‘zbekistonja 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda – 11 million nafar, 2022 yilda – 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Elmira Bositxonova

Baholaganlar

48

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing