Yana bechora kambag‘allar jabr tortadi – Muslimbek Yo‘ldoshev to‘ylar haqidagi qarorni qoraladi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Ushbu qaror 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. 

Ayni vaqtda mazkur qaror va undagi cheklovlar ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli diktor Muslimbek Yo‘ldoshev ijtimoiy tarmoqlarda to‘ylardagi dabdabani qaror bilan emas, qonun bilan jilovlash kerakligini aytdi. Yo‘ldoshevga ko‘ra, qarordan yana kambag‘allar zarar ko‘radi. 

“Nazarimda, Oliy Majlis Senati chiqargan Qarordan ham biror foyda chiqmasa kerak. Boshlanishi yaxshi. Ammo bu ham avvalgi harakat va intilishlarga o‘xshab qumga singib ketadiyov! Esingizda bo‘lsa, Karimov zamonida ham bu masala bir necha bor ko‘tarilgan, gazetalar rosa jar solgan, butun-butun sahifalar to‘ylarni ixchamlashtirish haqidagi maqolalarga to‘lib ketgan edi. Efirda-radiomi, televideniyemi- davra suhbatlari ketma-ket uyushtirilgan edi. Keyin, keyin... Toshkent shahar hokimiyatining TAVSIYASI e’lon qilinishi bilan tugadi. Shahar transportining har burchiga bu tavsiyalar yopishtirib qo‘yildi. Xalq bu tavsiyani bir tiyinga olgani yo‘q. Olmaydi ham. Biz o‘zbeklarmiz-ku! O‘zimga o‘zim bekman, “hokiming kim bo‘pti!” qabilida yashaymiz. Bu gal ham xuddi shu ahvol bo‘ladi”, deb yozadi diktor. 

Muslimbek Yo‘ldoshev so‘zida davom etarkan, cheklovlarni qaror ko‘rinishida emas, balki Qonun sifatida ishlab chiqarish va aniq jazolar belgilash g‘oyasini ilgari suradi:

“Bu Qarorni nega bir yo‘la Qonun qilib chiqarisha qolmaydi? Qonun bu qonunda! Shunchaki qarorni chetlab o‘tsa, bu bir oz jarima bo‘ladi qo‘yadi! 100 million so‘mga davlat raqamini sotib olib, mashinasiga ilayotganlar uchun bu jarimalar bir tupurib qo‘ygandek ish. Restoran xarajatlarini 2 barobar to‘latganda ham ularni chivin chaqqanday bo‘lmaydi. Yana kim jabr tortadi? Bechora kambag‘allar. To‘yiga adashib kelib qolgan uzoq qarindoshlari jazzasiga millionlab jarima to‘lab, bankrot bo‘ladi sho‘rlik.

Agar Qonun bo‘lsa bu boshqa gap! Qonunda moddalar, primlar, bandlar bo‘ladi. Har qanday me’yordan chiqish Qonunni buzish, mensimaslik, jinoyat deb baholanadi. O‘shanda ozodlikdan mahrum qilish, yoki shunga tenglashtirilgan jazo turlari qo‘llanilishi ko‘zda tutilsa, odamlar tartibga kelishga majbur bo‘ladilar”.

Yo‘ldoshevning fikricha, O‘zbekiston xalqini yaxshi gap bilan, tashviqot bilan yo‘lga solib bo‘lmaydi. 

“Bizning xalqni yaxshi gap bilan, tushuntirish ishlari bilan, ongiga ta’sir qilib yo‘lga solib bo‘lmaydi. Uni qo‘rqitish, jazolash kerak. Nahotki yuz yildan beri shu to‘y va janoza bilan bog‘liq noma’qulchiliklarni tartibga sololmasak a?! Nahotki? Qodiriy, Behbudiylar, Avloniylar ... hamma jadidlar boshlagan shu muammoni hali-hanuz bartaraf etolmaymiz. Buni faqat va faqat QONUN yo‘li bilan bartaraf etish mumkin. Buni faqat juda- juda istashimiz kerak. Tepadagilar istashi kerak, uzil-kesil, mardona qaror qilishlari kerak. Kelajak avlodlar bizdan juda-juda minnatdor bo‘ladilar. Xalq ham oyog‘idagi botmon daxsarlaridan qutilib, bir yengil nafas oladi. O‘lib ketadigan dunyoda topganini to‘y kuni sochma-socharlik qilish uchunmas, biror ezgu maqsadlariga ishlata boshlaydi. Yana bilmasam, gapim kimga yoqib, kimga yoqmasligi aniq. Shuning uchun buni bir haftalik kampaniya emas, uzoq vaqt davom etadigan munozaralar, bahslar, mantiqiy tahlillar, iqtisodiy xulosalar natijasida o‘rtada dasturxon qilish orqali hal etilgani yaxshi edi”, deydi Muslimbek Yo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1917 yilda “Sho‘royi islom” tashkilotining aynan to‘y-hashamlar, ma’raka va marosimlar, oilaviy tadbirlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz o‘tkazish yuzasidan chiqargan qarornomasini e’lon qilgan edik. 102 yil avvalgi qarornomada o‘sha vaqtda davom etayotgan dahshatli urush, ocharchilik davrida ko‘pchilik oilalar faqirlikda kun kechirayotgani, oziq-ovqat topa olmayotgan bir paytda ayrim oilalar o‘tkazayotgan tadbir va marosimlarda isrof bo‘layotgani aytiladi.

Ko‘rinib turibdiki, mamlakatdagi mazkur masala ijtimoiy muammo sifatida siyosiy maydonga ko‘tarilganiga va yashab kelayotganiga 100 yildan oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

To'y Muslimbek Yo'ldoshev

Baholaganlar

539

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing