“Tashkent city”da karantinga zid to‘y qilgan xonanda jarimaga tortildi. Mas’ullarning ko‘zi qayerda?
Madaniyat-san’at
−
16 Sentabr 2020
89568Joriy yilning 14 sentyabr kuni xonanda Vohidjon Isoqov uylandi. Toshkent shahrining markazida joylashgan “Tashkent city”ning bog‘ida o‘tgan to‘yda 50 dan ortiq mehmonlar ishtirok etib, karantin qoidalari buzilgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ushbu to‘y egalari bazaviy hisoblashning 5 baravari miqdorida jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
“Internet tarmog‘ida Toshkent shahar Shayxontohur tumanida amaldagi sanitariya-epidemiologiya talablarini buzgan holda o‘tkazilgan to‘y tadbiri haqida ma’lumotlar tarqamoqda. Foto va videolardagi mehmonlar soni 50 dan oshgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq yuqori xavf sharoitida bunday ishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Ma’lum qilamizki, SEX ishchilari tomonidan mazkur fakt asosida tadbirni tashkillashtirgan 32 yoshli Vohidjon I. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga ko‘ra jarimaga tortildi. Unga EKIHning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi”, deyiladi xabarda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: to‘y bo‘lishini “Tashkent city” ma’muriyati bir necha kun avval bilgan. Nega Respublika maxsus komissiyasi qarorida belgilangan odam sonidan ortiq joy tayyorlangan va bu haqda huquq-tartibot organlariga xabar berilmagan? Qolaversa, har bir to‘yda mas’ul tashkilotlar xodimlari, jumladan ichki ishlar xodimlari nazorat olib borishi belgilangan edi. Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining 2019 yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan va joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorida ham belgilangan. Xo‘sh, nega bu to‘yning o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yildi? Bungacha mas’ullarning ko‘zi qayerda edi?
Qolaversa, kuyovni bazaviy hisoblashning 5 baravari miqdorida jarimaga tortish bilan nimaga erishildi? Koronavirusga chalingan bir bemorni davolash, kasallik zanjirini uzish uchun millionlab mablag‘lar sarf etilayotganda, bu islohotlarni mazah qilish emasmi?
Xo‘sh, bu to‘yni o‘tkazishga bosh-qosh bo‘lgan “Tashkent city” ma’muriyatiga nega jarima qo‘llanilmadi? Biz savollarga javob kutamiz.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Bravo” jamoasi a’zosi Ahmad Temurov ham karantin qoidalariga zid ravishda to‘y o‘tkazgani uchun jarimaga tortilgan edi.
LiveBarchasi