O‘zbekistonda dabdabali to‘y va ma’rakalarga qarshi guruh tuzildi
Jamiyat
−
25 Oktabr 2025 13109 4 daqiqa
To‘y va marosimlarda isrofgarchilikka chek qo‘yish, odob-axloq va milliy qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida yangi 90 kunlik dastur ishga tushirildi. Bu haqda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jamiyatda maromiylik madaniyatini keng targ‘ib etish orqali fuqarolarda me’yorni saqlash, ortiqcha isrofgarchilikdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni hayot mezoniga aylantirish, natijada jamiyatda totuvlik, hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Shu maqsad yo‘lida kuchlar birlashtirilib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, targ‘ibot ishlarida dolzarb 90 kunlik belgilab olindi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanovga ko‘ra, ayrim oilalarda yillar davomida katta mashaqqatlar bilan to‘plangan mablag‘ni “nom chiqarish”, “obro‘ qozonish” maqsadida bir kunda ortiqcha marosimlar, dabdabali to‘ylarga sarflab yuborish holatlari keskin ortmoqda.
“Yana bir xavotirli holat, kreditni zarurat uchun emas, balki obro‘ yoki “odamlardan qolmaslik” uchun olish holatlari odatiy holga aylanib qolmoqda. Oqibatda yosh oilalar hayotining ilk yillarini qarz bilan boshlaydi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy bosim bo‘lib, ko‘pincha oilaviy nizolar, erta ajrimlar va boshqa ko‘ngilsiz holatlarga olib kelmoqda”, deydi u.
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyevning aytishicha, mazkur dasturning bosh maqsadi – xalq orasida ixchamlik, kamtarlik va shukronalik madaniyatini mustahkamlash, to‘y va ma’rakalarni milliy qadriyatlarga mos ravishda, ortiqcha dabdabadan xoli holda o‘tkazishni odatga aylantirishdir. Shu bilan birga, bu dastur orqali oilalarning ortiqcha qarzdorlikka botishiga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarni moliyaviy savodxonlikka o‘rgatish, to‘y va ma’rakalarni ixcham, samimiy va mazmunli o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda “Ixchamlik – bu madaniyat” g‘oyasini keng targ‘ib etish maqsad qilib olingan.
Ma’lum qilinishicha, dastur doirasidagi ishlar uch yo‘nalishda: tashkiliy, an’anaviy va raqamli targ‘ibot yo‘nalishlarida olib boriladi.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan. Qaror bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Unda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida alohida band bor. Shunga qaramasdan, dabdabali to‘y qilish haligacha urfdan qolgani yo‘q va ayrim amaldorlarning o‘zi ham bunda “namuna” bo‘lib kelmoqda.
Joriy yilning 21 aprel kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida O‘zbekistonda to‘ylarni tartibga solishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqilishi belgilangan edi.
2025 yilning 16 sentyabr kuni qabul qilingan “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2026-2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilinadi. Shu davrda aholiga yetarli miqdorda va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.
Qaror bilan “Oqilona iste’mol” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga muvofiq:
To‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va marosimlar 2019 yil 14 sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart.
Ushbu nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin.
Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.
Nizomda, shuningdek, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi:
- Jumladan, “Kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi urf-odatlar;
- dafn va motam marosimlariga oid “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabi ortiqcha tadbirlar ham taqiqlanadi.
Live
Barchasi