Zaharlangan ming bola, Trampning hurmatini qozongan Mirziyoyev, “probka”da ayblangan viloyatliklar, 15 yashar qizga to‘y mashmashasi – Hafta tahlili
Tahlil
−
27 Sentabr 7952 20 daqiqa
Hafta davomida sodir bo‘lgan muhim voqea-hodisalar tafsiloti QALAMPIR.UZ’ning Hafta tahlili dasturida tanishing.
Mirziyoyevning AQSHga tashrifi qanday o‘tdi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ilk uchrashuv Tramp prezidentligining birinchi muddatida, 2018 yilning 16 may kuni Oq uyda o‘tgandi.
Muloqotda Prezident Tramp Mirziyoyevni qattiq hurmat qilishini bildirgan va uning 15-16 yildan beri O‘zbekistonni boshqarib kelayotganini urg‘ulagan. Holbuki, Shavkat Mirziyoyev prezidentligiga endigina 9 yil to‘ldi. Shuningdek, Tramp O‘zbekiston AQSHdan juda ko‘p narsa xarid qilayotgani, O‘zbekistonning puli ham, nefti ham ko‘pligini aytgan.
O‘zbekiston rahbari esa muloqotni Trampga uchrashish bo‘yicha va’dasini bajargani uchun minnatdorlik bildirishdan boshladi va uni “Nobel” mukofotiga loyiq, deb atadi.
O‘zbekiston Prezidentining Trampga taqdimotida aytilishicha, Amerika bilan 2018 yilda 19,4 milliard dollarlik shartnoma imzolangan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 105 milliard dollarga yetgan.
O‘zbekiston Prezidenti Trampni yana bir bor O‘zbekistonga taklif qildi va bir vaqtlar Samarqandga borishni va’da qilganini eslatdi.
Joriy yilning 7 avgust kuni Donald Tramp Oq uyda o‘tgan matbuot anjumanida Qozog‘istonga tashrif buyurish ehtimoli borligini ma’lum qilgan edi. Ammo O‘zbekistonga kelish-kelmasligiga aniqlik kiritmadi.
O‘zbekiston rahbarining BMT yubiley sessiyasi bahonasida AQSHga tashrifiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Tramp bilan uchrashuvdan avval AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda 10 ta hujjat imzolandi. Ular orasida tilga tushgani esa Transport vazirligi va Boeing kompaniyasi o‘rtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida bitim. O‘zbekiston tomoni bitim maqsadlari va u o‘z ichiga nimalarni olishini ochiqlamadi, biroq Tramp sirlarniTruth Social tarmog‘ida fosh qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev “Boeing” samolyotlari bo‘yicha ulkan bitim imzolagan.
“Shu oy boshida men O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men Prezident Mirziyoyevni “Boeing” bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! “Uzbekistan Airways” 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi”, deb yozgan Tramp.
Amerika Prezidenti, shuningdek, Mirziyoyev bilan ko‘plab masalalarda ishlamoqchi ekanini bildirgan. U Prezident Mirziyoyevni bir so‘zli inson deb atagan.
Tramp bilan uchrashuvdan chiqiboq, Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida nutq qildi.
O‘zbekiston rahbari fikricha, dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Shu ma’noda, Prezident BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.
O‘zbekistondagi islohotlarga to‘xtalarkan, Mirziyoyev so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgani bildirdi.
Davlat rahbari bundan 8 yil avvalgi nutqini, unda Markaziy Osiyoda tinklik muhitini shakllantirish haqidagi gapirganini esladi.
Prezidentning fikricha, afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. O‘zbekiston Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi.
Mirziyoyev G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Yana bir bor ikki xalq uchun – ikki davlat tamoyilini amalga oshirish borasida sobitligini bildirdi.
Ukraina atrofidagi vaziyatdan tashvish bildirib, bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishladi.
Surxondaryoda 15 yoshli qiz turmushga berildi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 15 yoshli qiz turmushga berildi. To‘y ba’zi manbalarga ko‘ra iyulda, ba’zi manbalarga ishonilsa, 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, uning isi tugayotgan haftada chiqdi. To‘y va u bilan bog‘liq boshcha chalkashliklar, davlat idoralarining bir-birini rad etuvchi bayonlotlari faqat to‘y sanasi bilan bog‘liq emas. Oxirigacha eshitsangiz, gap nima haqida ketayotganini darrov tushunasiz.
Bolalar ombudsmani bergan ma’lumotlardan anglashilishicha, joriy yilning 8 iyul kuni Denov tumanida yashovchi, 1958 yilda tug‘ilgan ayol, ya’ni qizning buvisi 2009 yilda tug‘ilgan nabirasini shu tumanda yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan yigitga turmushga berish marosimini tashkil qilgan. Lekin ijtimoiy himoya milliy agentligi bergan ma’lumotda to‘y marosimi 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgani aytilgan.
Qiz voyaga yetmagani sababli nikoh qonunda ko‘rsatilgan tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, 1950 yilda tug‘ilgan fuqaro moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh o‘qigan va unga Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi (nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kuyov ham bu to‘ydan o‘z nasibasini oldi. Aytaymi, nima? Yigit bechora Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan ayblanmoqda.
Endi buyog‘ini so‘rasangiz, odatda bunday masalalarda chetda turadigan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu holatni manzilli o‘rganganini aytib, qiz 15 emas, 17 yoshda bo‘lganini aytib chiqdi. Holbuki, qo‘mitaning bu bayonotidan keyin ham qiz 15 yoshda ekanini tasdiqlovchi faktlar boshqa davlat idoralari tomonidan ilgari surilishda davom etdi. Zulayho Mahkamova boshchiligidagi qo‘mita qizning yoshini 17 yoshda deb berishga, holatni xastpo‘shlashga uringan bo‘lsa-da, Bolalar ombudsmani qizning yoshi 15 da bo‘lgani uchun ham yigitga nisbatan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, qiz 2009 yilning 3 oktyabr sanasida tug‘ilgan va hali 16 yoshga to‘lmagan. Xo‘sh, Mahkamovaning qo‘mitasi qiz 17 yoshda degan gapni qayerdan oldi?
O‘zbekistonda turmush qurish yo ajrashish nafaqat doda-buvilar, amma-xola, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘yning, balki davlatning ishi. Mamlakat Oila kodeksining 15-moddasiga muvofiq, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Ushbu yoshga yetmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikoh haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan ota-ona yoki vositachilarga nisbatan katta miqdorda jarima qo‘llanilishi mumkin, takrorlansa yoki og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
To‘ylarni tartibga solish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi
Shu hafta 15 yashar qizning turmushga berilgani shov-shuv bo‘lgan bir paytda O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosimlarni tartibga soluvchi navbatdagi hujjat qabul qilindi va katta ehtimol bilan uning ham ishlashi dargumon.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 16 sentyabr kuni qabul qilingan qaror “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida” nomini olgan.
Unga ko‘ra, 2026 – 2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilinadi, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi. Ya’ni, bunda Hukumat belgilangan tartib, deb Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom talablarini nazarda tutmoqda. O‘zi bu Nizom qachondir ishlaganmiki, endi ishlashi nazoratga olinsa. Shaxsan men ushbu qarorning muhokama va qabul qilish jarayonlarida ishtirok etganman, lekin olti yildirki, biror to‘yda bu qarorning ishlaganini ko‘rganim yo‘q. Hukumat hatto pandemiya davrida nazorat qilolmagan to‘ylarini endi qaysi yo‘l bilan nazoratga olmoqchi. Boz ustiga o‘sha talablarni Hukumat vakillari, ijro organi mansabdorlari, amaldorlarning o‘zi buzib, dang‘illama to‘ylar qilib turgan bo‘lsa...
Yo xolvani boy yeydi, kaltakni kambag‘almi?
O‘sha Nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkinligi belgilangan. Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.
Nizomda, shuningdek, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat berilmagan. Xususan, “Kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi urf-odatlar.
Xo‘sh, endi qaysi amaldor yuqoridagi tadbirlarni o‘tkazganini nomma-nom aytaymi? Men kimning qanday to‘y qilishiga aralashmoqchi emasman, gap bunda emas. Faqat standartlar ikkiyoqlama emas, biryoqlama bo‘lsin. Hukumat qaror chiqaryapti, Senat hujjat qabul qilib, tartibni belgilab beryaptimi, demak amaliyotda ham birinchi navbatda o‘zlari o‘rnak bo‘lishsin.
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘ldirib ketildi
Istanbulning Fotih tumanida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yashar ayol Oqsaroy mahallasidagi ijara boshpanasida bo‘g‘zidan pichoqlanib, o‘ldirib ketildi.
Uning do‘stlari ayol bilan bir necha kun davomida bog‘lana olmagach, bu haqda uy egasiga xabar berishgan. Uy egasi va ayolning dugonasi undan xabar olish maqsadida xonadonga kelgan va eshikni chilangar yordamida ochishgan. Uy ichida esa ayolning bo‘g‘zidan pichoqlangan holda jonsiz yotganini ko‘rishgan. Shundan so‘ng zudlik bilan politsiyaga xabar berilgan. Voqea joyiga tergov guruhi va tez tibbiy yordam yetib kelgan. Shifokorlar ayol allaqachon vafot etganini aniqlagan. Jasad Sud tibbiyot instituti o‘likxonasiga yuborilgan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasida ma’lumotlariga ko‘ra, ayol bir necha yil avval Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzgani uchun deportatsiya qilingan va mamlakatga kirishi taqiqlangan. Keyinchalik Turkiyaga ism-familiyasini o‘zgartirgan holda kirib borgan.
Jinoyat bo‘yicha mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bosh konsulxona tomonidan marhumning oila a’zolariga jasadni O‘zbekistonga qaytarish uchun zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan.
Turkiyadagi o‘zbekistonliklar mavzusidan uzoqlashmaymiz. Shu hafta odam savdosi jinoyati gumonlangan uch o‘zbekistonlik ayol Istanbulda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
Ulardan biri 1974 yilda tug‘ilgan “Sonya” laqabli ayol bo‘lib, u 2013-2015 yillarda Bangkok shahrida fohishaxona tashkil etib, o‘zbekistonlik ayollarni yuqori daromadli ish va’dasi bilan aldab, Qozog‘iston orqali Tailandga olib borgan va fohishalik qilishga majburlagan jinoiy guruh tarkibida faol ishtirok etganlikda ayblangan.
U va shu haqta qo‘lga olingan ikki ayolning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabrlangan fuqarolardan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari, shuningdek, Istanbuldagi Bosh konsulxonaga murojaat qilish so‘ralgan.
Davlat bog‘chalarida bolalar ovqatdan zaharlandi
Boshqa mamlakatlarda bunday hodisa ro‘y bersa, butun ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari, mahalliy hokimiyat tugul, butun Hukumat oyoqqa turardi. Yo‘q, bizda Dok-1 Maksdan 70 ga yaqin bolaning o‘limini oson unutdik-ku,bunga nima ham deyilardi. Nimaga vahima qilayotganimni aytaymi? Toshkent viloyatidagi davlat bog‘chalarida bolalar ovqatdan ommaviy zaharlandi. Holat Bo‘ka, Piskent, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi bog‘chalarda sodir bo‘lgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Vazirlikka ko‘ra, Quyi Chirchiq tumanida 12, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 – jami 109 nafar bola shifoxonalarga yotqizilgan. Bu umumiy qamrov degani emas, menimcha. Chunki zaharlanish holatlari Bo‘ka va Piskentda ham aniqlangan va vazirlik bergan ma’lumotda shifoxonada bu tumanlardan necha nafar bola davolanayotgani ochiqlanmagan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Holat ortidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirdi.
Bu Toshkent viloyatida bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan birinchi holat emas. 2021 yilning 2 – 11 avgust kunlari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 30 dan ortiq tarbiyalanuvchisi zaharlanish belgilari bilan shifoxonalarga yotqizilgan edi. O‘shanda voqea joyida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev yetib borgan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tekshiruvlar boshlangan. Biroq ochilgan jinoyat ishi qanday yakun topgani, bolalar nimadan zaharlangani va bunga sabab bo‘lganlarga qanday choralar ko‘rilgani bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlanmagan.
OMON Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirdi
Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan migrantlarga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga nisbatan g‘ariinsoniy harakatlar davom etmoqda. Krasnoyarsk o‘lkasida OMON “Korona” restoraniga o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirdi.
Ichki ishlar vazirligining viloyat bosh boshqarmasi, Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Milliy gvardiyasi maxsus bo‘linmalari xodimlari reyd o‘tkazib, 620 nafar mehmonni, jumladan, 210 nafar xorijlikni tintuv qilgan. Bu tintuv Rossiyaga xorijdan borgan chet el fuqarolari va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgani bilan xaspo‘shtlanmoqda. Konsertga yig‘ilganlarda taqiqlangan buyumlar yoki moddalar topilmagan.
Shunday bo‘lsa-da, 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Ulardan sakkiz nafari Rossiyada noqonuniy yashayotgani aniqlangan va ular o‘zbekistonlik.
Reyddan so‘ng politsiya xodimlari tomonidan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan Rossiyaga kirish yoki u yerda bo‘lish, shuningdek, immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun jami 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Bundan tashqari, Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi (chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni noqonuniy ro‘yxatga olish) bo‘yicha uchta ish to‘plangan.
O‘zbekistonliklarning 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llanilgan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida voqea joyiga advokat yuborganini e’lon qildi. Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim, degan fikrda. Konsulxona Krasnoyarsk kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, tugayotgan haftada Sankt-Peterburg shahrida besh nafar O‘zbekiston fuqarosi gumondor o‘laroq hibsga olindi. Ularning yoshi 22 dan 40 gacha bo‘lib, ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan.
Mushtlashuv 20 sentyabr kuni tungi vaqtda do‘konda boshlangan. Nizo sababi – hibsga olinganlarning vatandoshi bo‘lgan sotuvchi ayol bilan bog‘liq bo‘lib, u migratsiya qonunchiligini buzganligi aniqlangan.
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik erkak qotillik qildi
Qozog‘istonning Sariog‘och shahrida 39 yoshli o‘zbekistonlik erkak nafaqaxo‘r ayolni bolta bilan chopib tashladi. Qotillik joriy yilning may oyida Jibek Joli qishlog‘ida sodir bo‘lgan esa-da, jinoyatga oid ma’lumotlar endi kun yuzini ko‘rdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 39 yoshli erkak nafaqaxo‘r ayolni bolta bilan urib, bog‘lab qo‘ygan.
Jabrlanuvchi hushini yo‘qotgach dastlab uning tomog‘idan kesgan. Keyin esa qo‘llari va jinsiy a’zosini kesib olgan. Erkak “qotillik” moddasi bo‘yicha sud qilingan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining o‘limiga bo‘yin qismidagi chopilish va kesilish jarohatlar oqibatida yuzaga kelgan travmatik hamda gemorragik shok sabab bo‘lgan. Truxeya, qizilo‘ngach, birinchi bo‘yin umurtqasi, orqa miya va yirik qon tomirlari zararlangan. Shuningdek, boshning kesib olingani aniqlangan.
Sudda erkakning aybi to‘liq isbotlangan. Biroq psixiatriya ekspertizasi u surunkali ruhiy kasallik – paranoid shizofreniyadan aziyat chekishini va olti yildan ortiq vaqt mobaynida dispanser hisobida turganini ko‘rsatgan.
Turkiston viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sud qarori bilan erkak jamoat uchun xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, unga nisbatan maxsus psixiatriya shifoxonasida intensiv kuzatuv bilan majburiy davolash choralari qo‘llanilishi belgilangan.
Ayblanuvchi Olmaota viloyatining Talg‘ar tumani, Oqtosh qishlog‘idagi psixiatriya shifoxonasiga majburiy davolanishga yuborilgan. Marhumning qarindoshlari esa sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan.
Sirdaryodagi YTHda 2 bola halok bo‘ldi
Bu hafta O‘zbekistonda o‘ta og‘ir, dahshatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ldi. Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida qayd etilgan avariyada ikki nafar voyaga yetmagan shaxs vafot etdi.
Unda 15 yoshli bola otasiga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, yuqori tezlik oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi zovurga tushib ketgan. Oqibatda ruldagi bolakay omon qolgan, u tibbiyot birlashmasining Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, avtomobildagi yana ikki voyaga yetmagan bola esa voqea joyida vafot etgan.
Holat ortidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentning Yangihayot tumanida esa elektrobus 2007 yilda tug‘ilgan qizni bosib ketdi. Kameraga muhrlangan tasvirda qizning bekat hududida ketayotganini va avtobus haydovchisining uni ko‘rmay avval urib, so‘ng bosib ketganini ko‘rish mumkin.
Holat 19 sentyabr kuni soat 06:53 da 4-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi 57-sonli yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadigan Yutong rusumli elektrobusning 2000 yilda tug‘ilgan haydovchisi bilan sodir bo‘lgan. Utransportni Yangihayot tumani Choshtepa ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, Erkin qo‘rg‘oni oxirgi bekatiga kirayotganida shu hududdan o‘tayotgan 2007 yilda tug‘ilgan piyodani avtobusning o‘ng yon tomoni bilan urib yuborgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Haydovchi zudlik bilan avtobus harakatini to‘xtatib, qizni shifoxonaga olib borgan va unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. “Toshshahartransxizmat” AJ hozirda piyodaning ahvoli yaxshi ekani bildirgan, biroq boshqa rasmiy idoralar aniq ma’lumot berganicha yo‘q.
Xorazmda ham odam o‘limiga sabab bo‘lgan YTH sodir bo‘ldi. Unda 20 yashar haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Cobalt o‘ziga nisbatan o‘ng tomondan chap tomonga yo‘lni kesib o‘tayotgan skuter haydovchisini urib yuborgan. Oqibatda skuter haydovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasida Gentra va BYD avtomashinalarining haydovchilari o‘rtasida kelib chiqqan mojaroda homilador ayol tan jarohati olib, homilasidan ayrildi.
Janjal haydovchilardan biri yo‘lning o‘ng bo‘lagiga o‘tishga urinayotgan vaqtda boshlangan. BYD haydovchisi va uning otasi Gentra haydovchisiga hujum qilib, avtomobil oynalarini sindirgan hamda uning homilador turmush o‘rtog‘iga jismoniy tajovuz qilgan.
Holat ortidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Qolaversa, homila nobud bo‘lishining aniq sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Senator poytaxtdagi tirbandlikda viloyatliklarni aybladi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Toshkent shahrida yuzaga kelayotgan tirbandliklarda viloyatliklarni aybladi.
U ushbu masalada Transport vazirligiga senatorlik so‘rovi yuborgan. Unda poytaxt yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklar aholining kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilgan.
Senat axborotida o‘quv yili boshlanishi bilan Toshkent shahrida harakat keskin kuchayib, ayrim vaqtlarda tirbandlik darajasi eng yuqori – 10 ballgacha ko‘tarilayotgani, bu esa ishga, o‘qishga hamda turli maqsadlarda poytaxtga yo‘l olgan minglab fuqarolarning vaqti zoye ketishiga olib kelayotgani bildirilgan.
Senatorning fikricha, har kuni 1 millionga yaqin kishi poytaxtga keladi, ularning 275 ming nafari Toshkent viloyatidan. Viloyatning tutash hududlaridan minglab avtomobillarning ertalab poytaxtga kirib, kechqurun ortga qaytishi esa tirbandliklarni yanada kuchaytirmoqda.
Senator so‘rovida Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar, “Intellektual transport” tizimining amaldagi holati, jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish jarayoni bo‘yicha atroflicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Men sizga aytsam, Toshkentdagi tirbandlik o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi, desam yanglishmayman. Ayniqsa, poytaxtning turli hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish, rekonstruksiya ishlari sabab yo‘llarning yopilishi odamlarning noroziligiga, tarbandlikning yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu kunlarda Yakksaroy va Mirobod tumanlarida harakatlanayotgan oylar davomida yopiq turgan yo‘llar oqibatida umrining qancha qismini probkada o‘tkazayotganini yaxshi biladi. Bu tumanlardan qatnaydiganlar ishdan uyga, uydan ishga, o‘qishga kechikib borishi, kamida bir soat yo‘lda qolib ketishi odatga aylanib qoldi.
Bu Toshkentda odamlarni qiynayotgan, agressiyasiga sabab bo‘layotgan yagona muammo emas. Odamlar toza havodan mosuvo bo‘lib borayotganidan ham tashvishda va bu tashvish norozilik kayfiyatini kuchaytirmoqda. 22 sentyabr kuni Toshkent havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi bo‘ldi va bu birinchi marta qayd etilayotgan natija emas.
Toshkent havosida mayda PM 2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 99 mikrogramm metr kubni tashkil etgan – bu JSST tomonidan tavsiya etilgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan 19,8 baravarga ko‘p.
“O‘zbekiston poytaxti havosi eng buzuq shaharlar orasida birinchi. Na yashashga yaroqli, na ko‘chmas mulk sotib olishga, chunki muhit zaharli. Mamlakatning boshqa joylariga ketishga arziydi. Yaqin kelajakda vaziyat yaxshilanadi deya umid qilishga asos yo‘q. Toshkent orzular amalga oshadigan shahar emas. Sog‘liqni o‘ylang”, deydi “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomova.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi poytaxtda havo ifloslanishini Navoiy viloyati sharqi, Aydarko‘l ko‘llar tizimi atrofida esgan kuchli va davomli g‘arbiy shamollar o‘z yo‘nalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga o‘zgartirgani bilan bog‘ladi. 22 sentyabr kunning ikkinchi yarmidan Qizilqum sharqi va Aydarko‘l hududlari hamda Qozog‘istonning janubiy viloyatlarida ko‘tarilgan chang havo massalari to‘g‘ri Toshkent shahriga kirib kelgan.
O‘sha kuni tushdan keyin O‘zgidrometning Uchtepa hokimiyati binosi oldiga o‘rnatilgan Horiba avtomat stansiyasi ayni o‘sha muddatda havo tarkibida 142 mkg/metr kub og‘irlikda mayda PM2.5 zarrachasini qayd etgan. Bu milliy ruxsat etilgan standart qiymatdan 4 barobar ko‘p degani. PM2.5 mayda zarrachasi bo‘yicha milliy ruxsat etilgan me’yoriy qiymat 35 mkg/metr kub hisoblanadi.
Kechga borib, O‘zgidrometning Toshkentga o‘rnatilgan ko‘plab avtomat stansiya qiymatlarida havoda mayda PM2.5 dispers zarrachalari taxminan 150 mkg/metr kub atrofida shiddat bilan ko‘payib borayotgani qayd etilgan. Bu kabi qiymat Toshkentning katta qismida mayda PM2.5 zarrachalar bilan ifloslanish milliy ruxsat etilgan me’yordan 5 barobargacha ko‘payib ketishiga olib kelgan. Ayni mana shu muddatda Toshkent xalqaro aeroportida ko‘rish masofasi yanada yomonlashib, 4000 metrgacha masofani tashkil etgan.
Gulnora Karimovadan musodara qilingan pullar nimaga ishlatilishi aytildi
Tugayotgan haftada haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan pullaridan 20 mln dollari ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash uchun ajratilishi haqidagi bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, “Ishonch” jamg‘armasining Boshqaruv qo‘mitasi joriy yilning 17 sentyabrida Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III halqaro forumida mablag‘larni qaytarish va taqsimlashning shaffof hamda qat’iy tamoyillarga asoslangan jarayoniga sodiqligini tasdiqlashi barobarida “Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish” loyihasiga 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishini e’lon qilgan. Loyiha rasman joriy yilning 1 oktyabrida o‘z ishini boshlaydi.
Loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun kundalik ta’lim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi.
Maktab yoshidagi bolalar soni tez o‘sib borayotgan mamlakatlar ichida O‘zbekiston dunyodagi yuqori o‘rinlarda turadi. Bu yerda 1,4 milliondan ortiq o‘quvchi suv ta’minoti bo‘lmagan yoki suv ta’minoti cheklangan maktablarga qatnaydi. Ko‘pgina maktablar, ayniqsa qishloq joylardagi maktablarda hamon eskirgan hojatxonalar va samarasiz isitish tizimlaridan foydalanilmoqda. Mazkur loyiha iqlim o‘zgarishiga chidamli, inklyuziv va gender jihatlar hisobga olingan infratuzilmani joriy etish orqali bu dolzarb muammolarga yechim topishidan umid qilinmoqda.
Joriy yil fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolangandi. Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi. Mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fund” Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.
Keyinroq, Belgiyaning Bryussel prokuraturasi Musodara qilingan mol-mulkni boshqarish markaziga (COIV) Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lishi mumkin jami 108 million dollarni mamlakat davlat g‘aznasi hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma yuborgandi. Bryussel prokuraturasining talabiga binoan, sud jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni ikkala davlat o‘rtasida taqsimlash kerak, degan xulosaga kelgan. Bu qaror Yevropa Ittifoqining ikki a’zo davlati o‘rtasida musodara qilingan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha mavjud qonuniy mexanizmga o‘xshash prinsip asosida qabul qilingan. Ushbu sud qaroriga muvofiq, 108 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilishi belgilangan. Biroq bayonotda mazkur mablag‘larning qaysi jinoyat va kim bilan bog‘liq ekani oshkor qilinmagan.
Live
Barchasi