Karimovaning koloniyadagi hayoti, kuchiga kuch qo‘shilgan Milliy gvardiya, qurilishi boshlangan osmono‘par bino va boshqa xabarlar

Jamiyat

5 iyul kuni ham nihoyasiga yetay deb qoldi. Quyida sizlar bilan kunning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

IIV Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Milliy gvardiyaga o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash xizmati to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Qarorda belgilanishicha, Ichki ishlar vazirligining Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan Hayot Ne’matovich Shamsutdinov Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

“Tashkent city”da Markaziy Osiyodagi eng baland bino qurilishi boshlandi

Poytaxt Toshkentda bunyod etilayotgan “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazida Markaziy Osiyodagi eng baland bino bo‘lishi kutilayotgan inshootning qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha mahalliy “Murad Buildings” va Turkiyaning “Özgüven” shirkati tomonidan amalga oshirilmoqda.  Loyiha qiymati 173 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Toshkentda yirik tadbirlar sabab yo‘llar yopiladi

Ertaga, 6 iyul  kuni “Ommaviy yurish marafoni” o‘tkazilishi munosabati bilan soat 07:00 dan 08:00 gacha “Xalqlar do‘stligi” maydonidan  Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov ko‘chasi va Afrosiyob ko‘chasi kesishmasigacha, mazkur kesishmadan Olmazor ko‘chasining O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasigacha bo‘lgan qismida barcha turdagi transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.

SV: Samarqandda 9 yoshli bola quturishdan vafot etdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida 9 yoshli bolaning quturish belgilari bilan vafot etgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi.

SSVning QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qilishicha, ushbu xabar yuzasidan Respublika davlat sanitariya epidemiologiya markazi epidemilogik surishtiruv ishlarini olib borgan.

Surxondaryoda ikki MIB xodimini kaltaklaganlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Surxondaryoning Sherobod tumanida ikki nafar MIB xodimi qarzdor xonadonga borib, elektrni uzmoqchi bo‘lganida kaltaklandi. Mazkur holat bo‘yicha ikki kishiga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Gulnora Karimova qamoqxonada qanday yashayapti? Koloniyadan xabar keldi

Adliya vazirligi Gulnora Karimova jazoni o‘tayotgan 21-koloniyada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berdi. O‘rganish davomida aniqlanishicha, mahkuma Gulnora Karimova Koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

U yerdagi yashash sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining (JIK) 117-moddasiga javob beradi. Unga muvofiq, umumiy rejimdagi koloniyalarda mahkumlar umumiy turar-joylarida yashashadi.

Yashnobod hokimi o‘rinbosarining buyruqbozligi ustidan maxsus komissiya ish boshladi. Mansbadorlar bo‘shatilishi mumkin

Kecha, 4 iyul kuni QALAMPIR.UZ nashrida muallif Akbar Jiyanovning “Yashnobod hokimi o‘rinbosari va MT bo‘limi mudirining suhbati Toshkentdagi ko‘zbo‘yamachilikni fosh qildi (audio)” nomli jurnalistik surishtiruvi e’lon qilingan edi.

Toshkent shahar hokimligi QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan audioyozuv va maqola bo‘yicha o‘rganish olib borayotgani, maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi. 

Video: Orolbo‘yidagi Sudoche ko‘li yonyapti. U yerda flamingo va boshqa noyob qushlar yashardi

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi qo‘riqxonaga aylantirilgan Sudoche ko‘lida yong‘in chiqdi. Kecha, 4 iyul kuni tumanda momaqaldiroq va yashin kuzatilgan. Taxminlarga ko‘ra, yashin ko‘ldagi quruq qamishlarning yonishiga sabab bo‘lgan.

Nazarboyevning nabirasi o‘z joniga qasd qilishga urindi

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton Nazarboyev Londonda o‘z joniga qasd qilishga urindi. Sobiq Prezidentning 28 yoshli nabirasi mehmonxona derazasidan o‘zini tashlamoqchi bo‘lganida politsiya xodimi Ross Samburk uni to‘xtatishga uringan. O‘sha vaqt kichik Nazarboyev uning qo‘lini tishlab olgani aytilmoqda. 

Prezidentning sobiq yordamchisi pora olgani uchun 12 yilga qamaldi

Belarus Oliy sudi mamlakat Prezidentini Aleksandr Lukashenkoning Grodzen viloyati bo‘yicha sobiq yordamchisi Sergey Rovneykoni yirik miqdorda pora olgani uchun 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing