Mirziyoyevning SHHT va OHICHK sammitlaridagi ishtiroki bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Jamiyat
−
11 iyun 2019
4744Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston va Tojikistonga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edik. Prezidentning ikki davlatga safari yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 13-14 iyun kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda 15 iyun kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammitlarida ishtirok etadi.
SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisining kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashish ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi qabul qilinishi, shuningdek, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikni, jumladan, hududlararo aloqalarni, raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti "Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona nazar bilan" mavzusi ostida o‘tadi. Uning ishida kengashga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardan 30 dan ziyod delegatsiya ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bishkek va Dushanbe shaharlarida bo‘lib o‘tadigan sammitlardagi ishtiroki doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
LiveBarchasi