Toshkentda maktab o‘quvchisi tok urib o‘ldi (video)
3-sahifa
−
28 noyabr 2023
8165Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktab o‘quvchisi ochiq turgan elektr toki simiga tegib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga bordi.
99-maktabda tergovoldi harakatlarini olib borayotgan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tergovchisi Murod Nuraliyevning ma’lum qilishicha, holat 27 noyabr kuni taxminan 18:15lar atrofida sodir bo‘lgan.
"99-maktabning 9-"I" sinf o‘quvchisi sport maydonchasidan chiqayotgan vaqtida yorituvchi chiroq ustunini ushlashi oqibatida vafot etgan”, deydi M.Ulug‘bek tuman prokuraturasi tergovchisi.
Uning ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holatga oydinlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joy tegishli mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, yorituvchi chiroq ustuni elektr tokidan uzilgan. Tergovchiga ko‘ra, o‘quvchi voqea sodir bo‘lgan kuni sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan va o‘quvchi so‘nggi manzilga kuzatilgan.
99-maktab direktori holat yuzasidan intervyu bermadi. O‘quvchilardan birining aytishicha, tok urish holati birinchi marotaba sodir bo‘layotgani yo‘q. Bundan avval ham tok urishidan zarar ko‘rgan o‘quvchilar bo‘lgan.
"5-"D" sinfida o‘qiyman. Men bilan birga o‘qiydigan A.A.ni ham xuddi shu ustunni ushlaganida tok urib, otib yuborgandi. Hozir sinfdoshim maktabga kelmayapti”, deydi o‘quvchilardan biri.
99-maktab o‘quvchilaridan birining onasi 15 kun oldin uning farzandini ham tok urganini aytmoqda.
“Bu maktabning direktorini ishdan bo‘shatish kerak. 15 kun oldin bolamni tok urganida ham sinf rahbari yaxshi bo‘lgani uchun hech kimni ustidan yozmagan edim. Xuddi shu joyda meni o‘g‘limni ham tok urgandi. Bolam shifoxonada yotdi. Hali ham maktabga chiqqani yo‘q. Alloh menga bolamni qaytarib berdi. Tok bir daqiqacha bolani ushlab turib otib yuborgan. Birinchi marotaba sodir bo‘lganida tezkor chora ko‘rilmagani oqibatida qaysidir ona farzand dog‘ini ko‘rdi. O‘zini ishiga mas’uliyatsiz qaraydigan direktor va boshqalar sabab bir ona farzandidan ayrildi. Bolam maktabda tok urib bir necha kundan beri bormayapti. Direktor esa biror marotaba xabar olgani yo‘q. Men maktabga borib keldim. Bolaning o‘ziga ayb qo‘yib, nimjon, kasal ekan deb aytishyapti”, deydi o‘quvchilardan birining onasi.
7-sinfda o‘qiydigan o‘quvchilardan birining aytishicha, u holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. O‘quvchining qo‘shimcha qilishicha, tez tibbiy yordam xodimlari chaqirilgandan 20 daqiqa o‘tib yetib kelgan.
“O‘lgan bolani tanimayman. Kecha kechqurun tok urib yerda yiqilib yotganini ko‘rdim. Atrofdan odamlar kelib yordam berdi. Spirt hidlatishdi. Tez tibbiy yordam 20 daqiqada keldi. Boshqa narsa aytolmayman”, deydi o‘quvchilardan biri.
Holat bo‘yicha Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shoshmashosharlik bilan bola tok urishi oqibatida halok bo‘lganini rad etib, o‘quvchi hushidan ketib vafot etgani haqida bayonot berdi, ta’bir joiz bo‘lsa voqeani xaspo‘shlashga urindi. Biroq, boshqarma bolaning o‘limiga tok urishi sabab bo‘lmaganini hech qanday ma’lumot bilan dalillamagan.
Bosh prokuratura tomonidan e’lon qilingan sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, 99-maktab o‘quvchisi Amirxon Akromxo‘jayevning o‘limi “Elektr jarohati, elektr toki yoyidan zaharlanish, o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi, chap qo‘l kaft sohasi elektr tamg‘asi” oqibatida yuz bergan.
LiveBarchasi