Boshqarma o‘quvchi tok urishidan halok bo‘lganini rad etdi. Lekin fakt yo‘q!
3-sahifa
−
28 noyabr 2023
5564Avvalroq, QALAMPIR.UZ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ dagi manbasiga tayanib, Toshkent shahrida 8-sinf o‘quvchisi ochiq turgan elektr toki simiga tegib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar bergandi. Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bola tok urishi oqibatida halok bo‘lganini rad etib, o‘quvchi hushidan ketib vafot etganini ma’lum qildi.
“Kecha, 27 noyabr kuni taxminan soat 18:15 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-sonli umumta’lim maktabi 8-“I” sinf o‘quvchisi A.A. maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida tobi qochgan va hushidan ketgan. Shu vaqtni o‘zida maktab qorovuli tomonidan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilingan. O‘quvchi tez yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan yordamga qaramay A.A. o‘ziga kelmagan va vafot etgan”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Shuningdek, qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Boshqarma surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytib turib ham bolaning vafotini uning hushidan ketgani bilan bog‘lab, voqeaga elektr toki sabab bo‘lganini rad etgan. Eng qizig‘i, buni hech qanday shaklda dalillamagan, qolaversa, hali sud-tibbiy ekspertizasi xulosalari ham yo‘q.
QALAMPIR.UZ jurnalisti hozirda voqea joyida bo‘lib turibdi, holat yuzasidan batafsil ma’lumot to‘planmoqda.
LiveBarchasi