BP o‘quvchi tok urishi oqibatida vafot etganini tasdiqladi
3-sahifa
−
28 noyabr 2023
8337O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanining 99-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi vafot etishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, kecha, 27 noyabr kuni soat taxminan 18:15 larda, Mirzo Ulug‘bek tumani, 99-sonli umumta’lim maktabi 8-“I” sinf o‘quvchisi, Yashnobod tumani, Chilol ota ko‘chasi, 87-uyda yashovchi 2009 yilda tug‘ilgan Amirxon Asqar o‘g‘li Akromxo‘jayev, shu maktab hovlisida sport maydonidan chiqib ketayotgan vaqtida boshi bilan yiqilib, og‘zi ko‘pirib, biroz titrab so‘ng xushidan ketgan va maktab xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilingan.
Oradan taxminan 15 daqiqa o‘tganidan so‘ng u tez tibbiy yordam bilan 15-sonli Respublika Kardiologiya markaziga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Amirxon Akromxo‘jayev vafot etgan.
“Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Amirxon Akromxo‘jayevning o‘limi “Elektr jarohati, elektr toki yoyidan zaharlanish, o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi, chap qo‘l kaft sohasi elektr tamg‘asi” natijasida yuz bergan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi BP bayonotida.
Avvalroq, QALAMPIR.UZ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ dagi manbasiga tayanib, Toshkent shahrida 8-sinf o‘quvchisi ochiq turgan elektr toki simiga tegib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar bergandi. Keyinroq, Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bola tok urishi oqibatida halok bo‘lganini rad etib, o‘quvchi hushidan ketib vafot etganini ma’lum qildi. Biroq, boshqarma buni hech qanday ma’lumot bilan dalillamagan.
LiveBarchasi