15 yashar bola “Jiguli”da YPX xodimlaridan qochdi (video)
3-sahifa
−
13:53 450 2 daqiqa
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 15 yashar maktab o‘quvchisi VAZ-2107 avtomashinasini katta tezlikda boshqarib, YPX xodimlarining to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmadi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xorazm viloyati YHXBning navbatchilik qismiga Urganch shahridagi mahallalardan birining ichki yo‘llarida VAZ-2107 haydovchisi katta tezlikda, shovqin-suron bilan harakatlanayotgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan YPX xodimlari avtomobilni to‘xtatishga uringan. Biroq haydovchi inspektorlarning ketma-ket to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan. Tezkor tadbirlar natijasida avtomobil to‘xtatilgan.
Aniqlanishicha, avtomobilni 2011 yilda tug‘ilgan Urganch tumanidagi 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi boshqargan. Voyaga yetmagan farzandiga avtomashina boshqarishini topshirgan bolaning otasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 8 sentyabr kuni viloyat hududida 1 824 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan. Ularning 678 tasi qo‘pol qoidabuzarlik bo‘lgan. Reydlar davomida 13 ta mast holda avtomobil boshqarish, 79 ta telefondan foydalanish, 304 ta tegishli hujjatlarsiz transport boshqarish hamda 9 ta YPX xodimlarining to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmaslik holati qayd etilgan. 346 ta transport vositasi jarima maydonlariga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent halqa avtomobil yo‘lida davlat raqam belgisiz harakatlangan, oynalari qoraytirilgan Malibu-2 haydovchisi YPX xodimlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, avtomobilni orqaga burib, qochishga uringani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi