Antistrumin ishi bo‘yicha uch mansabdor ayol qamoqqa olindi
3-sahifa
−
27 noyabr 2023
10709Joriy yilning sentyabr oyida Namangan, Andijon viloyatlari va poytaxt Toshkentda yuzlab bolalar bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod preparatini iste’mol qilib, zaharlanish alomatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgani yodingizda bo‘lsa kerak. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan uch nafar tibbiyot xodimi qamoqqa olingan.
Tahririyat ixtiyoridagi hujjatda yozilishicha, joriy yilning 6 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari F.X. (ayol) va markazning laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodimi N.A. (ayol) Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, 15 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muravvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, hozirda AKSH farmakopeyasisinint PQM loyihasida katta texnik maslahatchi bo‘lgan X.G‘. JPKning 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) bilan qo‘lga olingan.
Mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosarining gumonlanuvchilarni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan. Sud ajrimiga ko‘ra, gumonlanuvchilar qamoqqa olinib, xalq tilida “Toshturma” nomi bilan tanilgan – Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti birinchi mintaqaviy hudud 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Endi hujjatda keltirilgan ma’lumotlarga e’tibor qaratsak.
Sudning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi ajrimida bolalarga “Antistrumin” 1000 mkg (mikrogramm) dori vositasining kunlik miqdori bir necha baravar yuqori belgilab berilgani oqibatida 20-22 sentyabr kunlari respublika bo‘yicha jami 2980 nafar o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar ommaviy zaharlangani, buning ortidan aholi o‘rtasida hukumat, shu jumladan Sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchsizlik paydo bo‘lib, bolalarni davolash uchun davlat byudjetidan 60,5 mln so‘m mablag‘ sarflanib, davlat hamda fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgani aytilgan.
“F.X., N.A., X.G‘. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan respublikada homilador ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan bepul ta’minlashda, Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 30 noyabrdagi buyrug‘i hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari bo‘yicha kaliy yod vositasining kunlik optimal 90, 120, 150 mkg (bolalar yoshiga qarab) berilishini bilgan holda, o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib va uni suiiste’mol qilib, 2022 va 2023 yillarda 3-15 yoshdagi bolalar uchun 0,001 g (1000 mikrogramm) kaliy yod dori vositasi xaridi yuzasidan texnik topshiriq va ehtiyoj jadvallarini Bosh endokrinolog F.X. (ayol) va boshqalar bilan birgalikda tuzib, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova tomonidan tasdiqlanishiga erishgan”, deyiladi sud ajrimida.
Hujjatda keltirilishicha, jinoiy sheriklar tomonidan 2023 yil 28 avgust kuni SSV hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan qo‘shma yo‘riqnoma tasdiqlangan. Unda, haftada bir marotaba 3-6 yoshdagi tarbiyalanuvchilarga 500 mkg va 7-15 yoshdagi maktab o‘quvchilariga 1000 mkg kaliy yod preparati berilishi ilmiy asoslanmagan holda belgilab berilgan.
“Aynan shu, ilmiy asoslanmagan hujjat asosida 2023 yil 13 sentyabr kuni SSV o‘rinbosari Elmira Bositxonova 2023 yil 20 sentyabr kuni ommaviy ravishda Respublika bo‘yicha barcha bolalarga kunlik dozasi bir necha baravar yuqori bo‘lgan “Antistrumin” 1000 mkg dori vositasi berilishini aytgan. Oqibatda 20-22 sentyabr kunlari Respublika bo‘yicha jami 2 980 nafar o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar “Antistrumin” 1000 mkg dori vositasidan ommaviy zaharlangan.
“Antistrumin” dori vositasini 11,5 mlrd so‘mga xarid qilinishi natijasida davlat byudjetidan 11,5 mlrd so‘m mablag‘ rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinishiga sababchi bo‘lgan”, deyiladi ajrimda.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning 6 noyabr kuni N.A., X.G‘. va F.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-kismining "a" bandi 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan keltirilgan iltimosnomada gumon qilinuvchilar og‘ir turdagi jinoyatni sodir etganligi, ochiqda qolgan taqdirda tergov va sud organidan qochib ketish ehtimoli borligi, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishi, jinoiy faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, guvohlarni o‘zi tomonga og‘dirishga urinayotganligini inobatga olib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash so‘ralgan. Sud iltimosnomada keltirilgan vajlarni va unga ilova qilingan hujjatlarni o‘rganib chiqib, iltimosnomani qanoatlantirgan va gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Antistrumin ishi
Joriy yilning 20 sentyabridan boshlab, har chorshanba kuni barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yod preparatlarining bepul tarqatilishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori imzolangan va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 15 sentyabrda e’lon qilingan. Ammo atigi 5 kunda ta’minlangan qaror ijrosi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan maktab va bog‘cha bolalarida ommaviy zaharlanishga sabab bo‘ldi. Namanganda 71 nafar bola yoddan zaharlandi. Xuddi shunday vaziyat Toshkent shahri va Andijon viloyatida ham takrorlandi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi yoddan zaharlanish sifatida faqat Namangandagi holatni tan oldi, xolos.
Namangandagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
O‘sha vaqtda esa masalani atroflicha yoritish, surishtiruvlar o‘tkazishni maqsad qilgan jurnalistlarga vazir yordamchisi "chuqurlashmaslik"ni, savollarga javob bermaslik bo‘yicha topshriq Prezident Administratsiyasidan berilganini aytib, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Vazirlik Prezident Administratsiyasidan bunday topshiriq berilmaganini aytib chiqdi-yu o‘zini vazir o‘rinbosari deb tanishtirgan shovvoz vazirlikka qanday aloqasi borligi, qaysi lavozimda ishlashi va unga bu tarzda gapirish huquqini kim bergani, yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun qanday chora ko‘rilganiga aniqlik kiritmadi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sischiligidagi “O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ “Antistrumin” yod preparatini yetkazib berish evaziga “Samo” MCHJ bilan jami 21 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzganini tasdiqlovchi hujjatlarning rasmi tarqaldi.
Hujjatga ko‘ra, SSV ta’sischiligidagi tashkilot kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (Antistrumin) dori vositasini xarid qilish uchun 2022 yil iyun oyida “Samo” MCHJ bilan 5 mlrd 644 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. 2023 yil 11 yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingan.
“O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ 2023 yil 4 mayda yana mazkur dori vositasini xarid qilish uchun “Samo” MCHJ bilan 15 mlrd 275 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomalarga ko‘ra, jami 21 mlrd 875 mln so‘m mablag‘ evaziga “Samo” MCHJ 3 mln 550 ming miqdorda “Antistrumin” yetkazib berishi ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun hech qanday tender o‘tkazilmagan, shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan.
AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati rasmiy saytida “Samo” MCHJ rahbarining qidiruvda ekani to‘g‘risidagi ma’lumot e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining maktablar va bolalar bog‘chalariga “Antistrumin” preparatini yetkazib berish bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik tenderda g‘olib chiqqan MCHJ asoschisi Nodir Yunusovga odam savdosi, majburiy mehnat, firibgarlik va korrupsiyaga uchragan tashkilot tuzish ayblovlari qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasining faoliyati bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi