“Antistrumin” ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi
Jamiyat
−
22 mart
3644O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “Samo” mas’uliyati cheklangan jamiyatining litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Sog‘liqni saqlash vazirligi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi “Samo” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borayotgani haqida ma’lum qilingan edi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, korxona tomonidan qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, 2023 yil dekabr oyida “Samo” MCHJ litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida Markaz tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgandi.
Namanganda yuz bergan zaharlanish holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari olib borilayotgani sababli mazkur iqtisodiy ish bilan bog‘liq sud javobgarning iltimosnomasiga ko‘ra 2024 yil 19 yanvarda to‘xtatildi.
Aholining hayoti hamda sog‘ligi uchun tahdid yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining yuqoridagi iqtisodiy ish bo‘yicha yakuniy sud hujjati qabul qilinguniga qadar “Samo” MCHJning litsenziyasini to‘xtatib turish to‘g‘risida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan iltimosnomasi sudning tegishli ajrimiga muvofiq qanoatlantirdi.
Shuningdek, “Samo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli (dori vositalarini ishlab chiqarish uchun 2020 yil 30 martda berilgan) 15571-sonli litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Namangan, Andijon viloyatlari va poytaxt Toshkentda yuzlab bolalar bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod preparatini iste’mol qilib, zaharlandi. Buning ortidan uch mansabdor ayol ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani haqida QALAMPIR.UZ manbasiga tayanib xabar bergan edik. Keyinchalik Bosh prokuratura ushbu ma’lumotlarni tasdiqladi.
Gap shundaki, 6 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari F.X. (ayol) va markazning laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodimi N.A. (ayol) Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, 15 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muravvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, hozirda AKSH farmakopeyasisinint PQM loyihasida katta texnik maslahatchi bo‘lgan X.G‘. JPKning 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) bilan qo‘lga olingan.
Mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosarining gumonlanuvchilarni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan. Sud ajrimiga ko‘ra, gumonlanuvchilar qamoqqa olinib, xalq tilida “Toshturma” nomi bilan tanilgan – Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti birinchi mintaqaviy hudud 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
N.A., X.G‘. va F.X.ga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-kismining "a" bandi 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan keltirilgan iltimosnomada gumon qilinuvchilar og‘ir turdagi jinoyatni sodir etganligi, ochiqda qolgan taqdirda tergov va sud organidan qochib ketish ehtimoli borligi, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishi, jinoiy faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, guvohlarni o‘zi tomonga og‘dirishga urinayotganligini inobatga olib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash so‘ralgan. Sud iltimosnomada keltirilgan vajlarni va unga ilova qilingan hujjatlarni o‘rganib chiqib, iltimosnomani qanoatlantirgan va gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.