Aripov, Abduhakimov, Umurzoqov qayerdasiz? Yunusobodliklar sizni qidiryapti
Tahlil
−
16 Oktabr 2023
15933Bundan roppa-rosa 2 oy avval, 7 iyun kuni QALAMPIR.UZ’da “Toshkentda 100 yillik viruslar qo‘zg‘alishi mumkin” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahar, Yunusobod tumani, “Shayx Shibliy” mahallasi fuqarolari tahririyatga murojaat qilib, yuqumli kasalliklar uchun maxsus dorilar, vaksinalar ishlab chiqargan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida “BIOFARM PLUS” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishi boshlangani, fuqarolar institut hududida hayvonlar qabristoni va maxsus “bekkeri” o‘ralari borligi uchun qurilishdan xavotirda ekani aytilgan edi.
Shu bilan surishtiruv tugagani yo‘q. Balki tahririyatga taqdim etilgan hujjatlar asosida “Toshkentda o‘lim xavfi bor. “SES” toshkentliklar qotiliga aylanmoqchimi?” nomli ikkinchi surishtiruv ham e’lon qilindi. Unda MCHJ vakillari taqdim etgan va bir necha yil avval institut hududida “bekkeri” o‘rasi borligi aytilgan hujjatlar asos qilib keltirilgan.
QALAMPIR.UZ bu mavzuga yana qaytdi. Tushunganingizdek, bu holatga jiddiy qaragan mansabdorlar, mardlar topilmadi. Avvalgi surishtiruv so‘ngida Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududidan 30 may kuni olingan namuna javoblari e’lon qilingach, bu mavzuga qaytishimiz aytilgan edi. Dastavval, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiylari 30 kunda tekshiruv natijalari e’lon qilinishini aytishdi. Bu jarayon 30 kundan 50 kunga cho‘zildi qo‘mita tekshiruv javoblarini 21 iyul kuni e’lon qildi.
Aholi e’tiroziga sabab bo‘lgan mazkur masala bir nechta tashkilotlar hamkorligida o‘rganilganini aytib gapni boshlagan qo‘mita, joriy yilning 30 may kuni “bekkeri” o‘rasi deb taxmin qilingan 6 ta nuqtadan 15 ta namunalar olinganini ma’lum qilgan.
“Olingan namunalar Sanepidqo‘mitaning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasi va uning Toshkent shahar boshqarmasi laboratoriyalarida hamda bir vaqtning o‘zida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi laboratoriyalarida tahlil qilindi.
Uzoq muddatli o‘tkazilgan mikroskopik, bakteriologik va biologik usulida tekshiruvlarda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari aniqlanmadi”, deyilgan qo‘mitaning rasmiy bayonotida.
Qo‘mita “tekshiruvlarda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari aniqlanmadi”, deb qutilgan. Ammo kasallik qo‘zg‘atuvchi aniqlanmagani u yerlarni qazish, uy qurish, odamlar yashashi mumkin”, deganimi yo‘qmi aniqlik kiritmagan.
Endi QALAMPIR.UZ ixtiyoridagi ayrim hujjatlarga e’tibor qaratsak. 2018 yil dekabr oyida veterinariya qo‘mitasi direktorining o‘rinbosari Shuhrat Jabborov Toshkent shahar hokimligiga xat yo‘llagan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24 noyabrdagi topshirig‘iga muvofiq Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutida tekshiruv o‘tkazgani haqida so‘z boradi.
“Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i bilan, sobiq Toshkent davlat vaksina va zardob ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli binolar va boshqa inshootlarning veterinariya-sanitariya holati, shuningdek, hududda umumiy ovqatlanish ishlab chiqarish ob’ektlari va ta’lim muassasalarini joylashtirish imkoniyatlari komissiya ishtirokida, tuproq namunalar olgan holda o‘rganildi.
Shuningdek, Toshkent davlat ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyatining so‘zlaridan vaksinalar va zardoblar, institut hududida kuydirgiga qarshi vaksinalar ishlab chiqarilgani, eksperimental hayvonlarning klinikagacha sinovlari, shuningdek, tajriba yo‘li bilan kasallangan hayvonlarning qoldiqlarini kuydirish va ko‘mish joylari mavjudligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, veterinariya farovonligini ta’minlash maqsadida ushbu joyda har qanday qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi”, deyiladi hujjatda.
Bu xatni O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov imzolagan.
E’tiboringizga 2018 yildagi yana bir xatni taqdim etamiz va undan keyin nima uchun o‘sha vaqtda poytaxt hokimligiga xat yo‘llangani haqida ma’lumot beramiz.
Toshkent shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi Bosh vrach o‘rinbosari Alimjonov tomonidan berilgan xatda, SanPiN talablariga muvofiq qurilish ishlarini amalga oshirilishi lozimligi eslatilgan holda shunday deyiladi:
“Yuzaga keladigan epidemiologik vaziyatning oldini olish maqsadida, hududda maktabgacha, maktab va tibbiyot muassasalari, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish ob’ektlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va har qanday qurilish ishlarini olib borish mutlaqo mumkin emas”, deyiladi xatda.
Endi hozirgi emas 2018 yildagi mojaroga qaytsak. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda Institut hududida maktab qurish reja qilingan. O‘sha vaqtda ham fuqarolar noroziligi va boshqa bir nechta sabablar bilan maktab qurilishi to‘xtatilgan. Yuqoridagi xatlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, xat aynan o‘sha vaqtda Toshkent shahar hokimligiga yuborilgani ehtimoli yuqori.
Ayni shu mavzuda tayyorlagan avvalgi video tahlilni tomosha qilgan bo‘lsangiz, unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat shifokori muovini Bahrom Ibragimovich Almatovning 2018 yil aprel oyidagi xulosalari taqim etilgan edi.
Unda hududda o‘lgan hayvonlar ko‘milgan 3 ta “qabriston” mavjudligi va “Bekkeri o‘rasi” va “mufel” pechi borligi ham qo‘shimcha qilingan.
Tarixga nazar solib, rasmiy idoralarning rasmiy vakillarining imzolariga ishonadigan bo‘lsak, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida hech qanday qurilish qilish mumkin emas.
2018 yildan buyon bor yo‘g‘i 5 yil vaqt o‘tdi. Bu orada hududga bog‘liq hech narsa o‘zgarmadi. Rasmiylar fikridan boshqa. Yuqorida aytilganidek, hududdan namunalar 30 may kuni olingan va natijalari toza chiqani aytilgandi.
Xo‘sh, shunda 2018 yildagi hujjatlar qalbakimi yoki hozirgilar?
“Olingan namuna natijalarning javoblari ijobiy. Tahlil natijalarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, aniq qilib aytganda, kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmadi. Bu haqda OAV orqali ma’lum ham qildik. Hududda qurilish qilish masalasida bir emas, bir nechta tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Albatta, bu masalaning aniq natijasini ham Shayx Shibliy mahallasi fuqarolariga ma’lum qilamiz. Qolaversa, hududda haqiqatan ham “bekkeri” o‘rasi, “mufel” pechi bor yoki yo‘qligi arxiv hujjatlaridan o‘rganilmoqda”, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘ining o‘rinbosari Botir Qurbonov.
Tuproq toza chiqqan, qurilish masalasida aniq javob aytiladi deyilganiga ham deyarli 3 oy bo‘ldi. Hozirgacha kimdir g‘iq etkanicha yo‘q. Lekin mahalla ahli jim o‘tirmayapti. Ularning aytishicha, quruvchi kompaniya allaqachon kerakli ishlarni boshlab yuborgan.
Qurilish kompaniyasi yuristi taqdim etgan va tahririyatga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, institut yer maydoni hamda bino-inshoot Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan “BIOFARM PLUS” MCHJga mulk huquqi asosida 2022 yilning 20 dekabrida o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Arxitektura shaharsozlik kengashining 205-sonli bayoniga asosan, Yunusobod tumani Qurilish bo‘limi tomonidan mavjud binoni huquqiy hujjatga ega bo‘lgan qismini “Pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasi”ga qayta ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish uchun 2022 yil 26 dekabrda ruxsatnoma berilgan.
Ruxsatnomaning "Yunusobod tumani Qurilish bo‘limi tomonidan mavjud binoni huquqiy hujjatga ega bo‘lgan qismini “Pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasi”ga qayta ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnomasi berilgan”, degan qismiga e’tibor qaratsak.
Tushunganingizdek, hududda ko‘p qavatli bino qurish emas, balki borini rekonstruksiya qilish haqida gap ketyapti. Mahalla faollari esa hududda allaqachon ko‘p qavatli bino qurish uchun yerlarni qazish ishlari boshlanganini aytishmoqda.
Endi savol! Xo‘sh, bu ruxsatnoma bor binolarni buzish va “kotlovan” qazish huquqini beradimi?
Bu savolga Uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi inspektori Egamnazar Jo‘rayev javob beradi.
“Ko‘p qavatli turar joy majmuasini qurishga yuqoridagi ruxsatnoma asos bo‘la olmaydi. Bu hujjat asosida arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilishi kerak. Undan keyin, loyiha oldi va loyiha hujjatlar ishlab chiqilishi, ekspertiza xulosalari olinishi, loyiha shaharsozlik kengashida tasdiqlanishi lozim. Kommunal soha tashkilotlari, yong‘in xavfsizligi, SES, ekologiya hokimlik qoshidagi komissiya a’zolari bu hujjatlarni ko‘zdan kechiradi. Bularning barchasi tasdiqdan o‘tganidan keyin, loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqiladi va tegishli tashkilotlarning ijobiy xulosasi olinganidan keyin ekspertiza xulosalari olinishi lozim. Ana undan keyin Qurilish, geoinformatika va shaharsozlik kadastri davlat loyiha-qidiruv ilmiy-tadqiqot instituti (O‘zGASHKLITI) tomonidan loyihani hududga tadbiq etish va qoziq qoqish amalga oshiriladi. Shu qoziq qoqilganidan keyingina, kotlovan qazish mumkin bo‘ladi”, deydi inspektor Egamnazar Jo‘rayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha “BIOFARM PLUS” MCHJ Uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagani va xabarsiz qurilish ishlarini boshlagani uchun qurilish ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida bir necha marotaba ogohlantirilgan.
Qo‘limizdagi yana bir hujjatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bosh prokuror o‘rinbosari Bahriddin Valiyev shu yilning 14 avgust kuni Bosh vazir Abdulla Aripovga xat yo‘llagan. Bu xatda sobiq Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti 1918 yildan faoliyat yuritib, institut olimlari tomonidan 150 ga yaqin bakteriologik preparatlar ishlab chiqarilgani va hozirgi vaqtda hudud kimga tegishliligi haqida so‘z borgan. Shuningdek ,”zam prokuror” Bosh vazirga bir nechta taklif ham bergan.
“Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi agentligi O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasining ushbu hududdan olingan tuproq namunalari bo‘yicha ma’lum qilingan 2020 yil 7 dekabrdagi xulosasiga ko‘ra, tuproq yuza qismi va 50 va 75 sm chuqurliklarda B.Pseudoantracis qo‘zg‘aluvchisi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, “BIOFARM PLUS” MCHJ tomonidan ushbu hududda aholi uchun ko‘p qavatli bino-inshootlar qurish bilan bog‘liq investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirda, “Belpharm” xorijiy korxonasiga ajratilgan yer maydoni qaytarib olinganligi, investitsiya loyihasi ishga tushmasdan, korxona rahbarlarining turli idoralarga murojaat qilishiga olib kelmoqda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, xorijiy korxonaning investitsiya loyihasini to‘liq quvvatda ishga tushirish hamda aholining sanitariya osoyishtaligini ta’minlash maqsadida:
- Toshkent shahar Yunusobod tumani Kichik xalqa yo‘li va Bodomzor yo‘li ko‘chasi 37-uy manzilida joylashgan “BIOFARM PLUS” MCHJ foydalanishidagi yer maydonini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olgan holda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tadqiqot instituti ixtiyoriga o‘tkazish;
- Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ixtiyoridagi yer maydonidan “Belpharm” xorijiy korxonasiga 1,18 gektar yer ajratish masalasini ko‘rib chiqish;
- “BIOFARM PLUS” MCHJga kompensatsiya tariqasida boshqa hududdan yer maydoni ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etiladi”, deyilgan Bosh prokuror o‘rinbosari Valiyevning Abdulla Aripovga yo‘llagan xatida.
Demak, bu hududda qurilish qilish mumkin emasligi, 2020 yilda olingan namuna javoblari qoniqarsiz chiqqani haqida Bosh prokuror o‘rinbosari ham biladi. Bilmasa, ishonch bilan kimsan Bosh vazirga taklif xati yo‘llamaydi-ku. Video avvalida aytganimizdek, mutasaddilardan bu mavzuga e’tibor qaratishlarini so‘raymiz. Ulardan ko‘p narsa talab qilinmaydi. Shunchaki, yozilgan qonun-qoidalar ishlashi uchun turtki bo‘lishlari va odamlar salomatli uchun jon kuydirishlari so‘raladi, xolos. Axir, Yangi O‘zbekistonning “kattalari” Inson qadri uchun ishlashyapti-ku, to‘g‘rimi?
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr