Toshkentda o‘lim xavfi bor. “SES” toshkentliklar qotiliga aylanmoqchimi?

Tahlil

7 iyun kuni QALAMPIR.UZ’da “Toshkentda 100 yillik viruslar qo‘zg‘alishi mumkin” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahar Yunusobod tumani “Shayx Shibliy” mahallasi fuqarolari tahririyatga murojaat qilib, 1918 yilda o‘z ishini boshlagan va yuqumli kasalliklar uchun maxsus dorilar, vaksinalar ishlab chiqargan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida 14 ta 22 qavatli, 6 ta 16 qavatli turar joy majmuasi qurilishi boshlangani, fuqarolar institut hududida hayvonlar qabristoni va maxsus “bekkeri” o‘ralari borligi uchun qurilishdan xavotirda ekani aytilgan edi.

Surishtiruv QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingandan so‘ng, “BIOFARM PLUS” MCHJ yuristi tahririyatga kelib, bir nechta hujjatlar taqdim etdi. MCHJ yuristiga ko‘ra, qurilishga xalal beradigan hech qanday to‘siqlar mavjud emas va fuqarolar aytayotgan “bekkeri” o‘rasi va hayvonlar qabristoni Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududida yo‘q.

Dastlab MCHJ rahbari o‘rinbosari intervyu berishini aytgan jamiyat vakili oradan vaqt o‘tib, 30 may kuni yerdan olingan namuna javoblari chiqqanidan keyin intervyu berish to‘g‘ri bo‘lishini aytdi. 

Jamiyat yuristi my.gov.uz portali orqali Qurilish vazirligi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi Yunusobod qurilish bo‘limi tomonidan “Ob’ekt ixtisosini o‘zgartirish va rekonstruksiya qilish” hamda boshqa hujjatlarni taqdim etdi.

Yuristning bergan qo‘shimcha hujjatlariga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev 2023 yil 26 aprel kuni MCHJga ma’lumot berib, Prezident administratsiyasi huzuridagi xavfsizlik kengashi topshirig‘iga ko‘ra, 2023 yil 13 aprel kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib “BIOFARM PLUS” MCHJ tomonidan qurilish boshlangani bo‘yicha kompleks o‘rganish olib borganini ma’lum qilgan.

“Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududidan o‘ta xavfli yuqumli infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilarning mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvi o‘tkazish uchun namunalar olingan.

Namunalar Sanepidqo‘mning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasiga hamda bir vaqtning o‘zida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi laboratoriyalariga yuborilgan.

Laboratoriya tahlillari mikroskopik, bakteriologik va biologik usullarda olib borilib, tekshiruv natijalari bo‘yicha namunalarda “kuydirgi” kasalligini qo‘zg‘atuvchilari aniqlanmadi”, deyilgan qo‘mita xatida.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayevaning 2023 yil 18 may kuni “BIOFARM PLUS” MCHJ rahbari Farhod Isoyevga yo‘llagan javob xatida fuqarolarning jamoaviy murojaati o‘rganib chiqilgani aytilgan.

Xatda yozilishicha, sobiq Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqish ilmiy-tadqiqot instituti hududida “bekkeri o‘ralari” deb ko‘rsatilgan yer maydonlaridan 1-10 metr va 15-1,20 metr chuqurlikda tuproq namunalari olinib, bir nechta laboratoriyalarda tekshirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, sinamalaridan o‘tkazilgan tuproq namunalarida “A-22 kuydirgi” kasalligini qo‘zg‘atuvchi mikroblar aniqlanmagani aytiladi.

MCHJ vakili tahririyatga taqdim etgan hujjatlardan yana biri – 2023 yil 25 aprel kuni “Tuproq namunalarini tekshirish bo‘yicha bayonnoma”. 

Unda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti yer maydonidan 2023 yil 13 aprel kuni namuna olingani yoziladi. Jadval ko‘rinishidagi ushbu hujjatda namunalar qachon, qayerdan, qancha chuqurlikdan olingani va namuna grammi yozilgan. Jadvalda e’tiborimizni tortgan narsa, undagi “namuna olingan aniq joy nuqtasi” deb nomlangan ustun bo‘ldi. Namunalar institut hududidagi oddiy tuproqdan emas, balki “bekkeri yamasi”ning chap tomoni, “bekkeri yamasi” yoni, “bekkeri yamasi”ning ma’lum uzoqligidan olingani yoziladi. Bundan tashqari, “vivariy”, ya’ni hayvonlar boqilgan joydan va hayvonlar tashlangan “klimatoriy”lardan ham namuna olingani yozilgan. Menimcha, bizning xayolimizga kelgan savol sizda ham paydo bo‘ldi. Institut hududida hayvonlar qabristoni, “bekkeri yamasi” yo‘qligi aytilayotgan, qurilish taraddudi boshlangan bir vaqtda SES xodimlari qanday qilib “bekkeri yamasi”dan namuna olishgan? Shunda bu maydonda “bekkeri yamasi” bormi yoki yo‘q?

Bundan tashqari, institut bergan ma’lumotlarga ko‘ra, laboratoriyada 150 dan ortiq vaksina, zardob va boshqa biopreparatlar ishlab chiqarilgan. Vaksinalar o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar – chinchechak, o‘lat, vabo, sibir yarasi, gemorragik isitmalar, brutsellez, qoqshol, qorin tifi, bezgak, botulizm, moxov va boshqa kasalliklarni aniqlash va tarqalishining oldini olishda ishlatilgan. Demak, yerdan olinadigan namunalar yuqorida berilgan javobdek faqat kuydirgi kasalligini emas, balki biz sanab o‘tgan barcha kasalliklar qo‘zg‘atuvchisi bor yo‘qligini aniqlashi kerak.

Bu hali hammasi emas, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev 2023 yil 11 aprel kuni MCHJga yo‘llagan xatida 2018 yilda institut hududidan o‘ta xavfli infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilarining mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvi o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan 2018 yil 25 dekabr kuni, Veterinariya davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan 2018 yil 6 dekabr, qayta 2018 yil 25 dekabr kunlari chiqindi o‘ralaridan tuproq namunalari olingan. O‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, manfiy xulosa olingani aytilgan.

SES boshlig‘i Yusupaliyev 2018 yilda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari hammasi joyida ekanini aytgan. 2019 yilda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududiga kirgan Shuhrat ko‘chasi 31 uyda faoliyat olib boradigan, ish faoliyatini boshlagan va korxonani qurgan vaqtida hech qanday muammoga duch kelmagan “Diyor Biznes” MCHJga qarashli sut sexi (“Molochnaya kuxnya”)da sanitariya nazorati tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat vrachi muovini Bahrom Ibragimovich Almatov o‘z xulosalarini berdi. 

“Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan 2019 yil 10 aprelda  taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, institut hududida o‘lgan hayvonlar ko‘milgan 3 ta “qabriston” mavjudligi, “Diyor Biznes” MCHJ sut mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi “bekker o‘rasi” va “mufel” pechlaridan taxminan 50 metr masofada joylashganligi ko‘rsatilgan.

Amaldagi “Jamoat joylarida atmosfera havosini muhofaza etishning sanitarik normalari va qoidalari (SanPiN № 0350-17) talablari bo‘yicha hayvon ko‘miladigan joylar, ya’ni biologik kameralardan sanitariya-himoya mintaqasigacha bo‘lgan masofa 500 metrni tashkil etishi kerak”, deyiladi Almatovning MCHJga yo‘llagan xatida.

Iya, SESning o‘zi bir vaqtlar institut hududida hayvonlar qabristoni bo‘lganini aytgan ekanku deyapsizmi? Ha aytgan. Hali shoshmay turing, nafaqat aytgan, balki “Diyor Biznes” MCHJni sudga bergan va yutib ham chiqqan.

MCHJda o‘tkazilgan yuqoridagi tekshiruvlardan so‘ng, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi MCHJ faoliyatini “Taqiqlash, to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida” sudga da’vo arizasini kiritadi.

2019 yil 29 avgust kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Arizachi – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi. Javobgar – “Diyor Biznes” MCHJga qarashli sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexi.

Hal qiluv qarorida MCHJga qarashli sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexida 2019 yilning 8-10 aprel kunlari sanitariya tekshiruvi o‘tkazilganligi, tekshirishda MCHJning ishlab chiqarish sexida bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlanganligi, bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2019 yil 10 apreldagi ma’lumotiga ko‘ra, MCHJ joylashgan manzilda epidemiologik vaziyat va o‘lgan hayvonlar ko‘milgan 3 ta qabriston, “bekker o‘rasi” va “mufel” pechlari mavjudligi, ushbu holatda sanitariya himoya masofasi bo‘yicha belgilangan talablar buzilganligini vaj qilib, MCHJning faoliyatini kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar to‘xtatib qo‘yish so‘ralgan.

Sud majlisida MCHJ vakillar tomonidan korxonada kamchiliklar bartaraf etilgani qolaversa, MCHJ 2014 yilda mazkur bino-inshootni sotib olgan vaqtidan shu kunga qadar hayvonlar qabristoni, “bekker o‘rasi”, va “mufel” pechlari borligi haqida ma’lumotga ega bo‘lmagani va bu haqda hech bir hujjatda ma’lumotlar mavjud emasligi bayon qilinib, da’voni rad etishni so‘raganiga qaramay, sud arizachining talabini to‘liq qanoatlantirgan va sex faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida hal qiluv qarorini e’lon qilgan.

Shuncha ma’lumotni ko‘rib, bir tashkilotdan kelgan bir nechta va bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan javob xatlariyu, hal qiluv qarorlarini o‘qib, boshimiz ham aylanib qoldi. 

Bu vaziyatda kim aldayotgani yoki qaysi hujjat soxtaligini biz bilmaymiz. Biz kechani gapi bugunga to‘g‘ri kelmayotgani uchun “BIOFARM PLUS” MCHJ rahbarlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi “katta”lariga oyna tutdik. Oldinda esa 30 may kuni yerdan olingan namuna natijalari bizni kutmoqda. Qo‘mita namuna javoblarini ochiqlaganidan so‘ng bu mavzuga yana qaytamiz.


Maqola muallifi

Teglar

o'lim xavfi 100 yillik viruslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar