Toshkentda 100 yillik viruslar qo‘zg‘alishi mumkin
Tahlil
−
07 iyun 2023
22072Oxirgi vaqtlarda tahririyatga keladigan murojaatlarning asosiysi qurilish yo buzilishdan bo‘lib qolgan. Har ikki murojaatchining biri noqonuniy va qurilish me’yorlariga zid ravishda “dom” yoki “biznes sentr” qurilayotgani va mahalla aholisi bundan norozi ekanini aytadi. Bu holatga na hokimiyat, na boshqa tashkilotlar javob beradi.
Bu gal ham QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar Yunusobod tumani “Shayx Shibliy” mahallasi fuqarolaridan murojaat kelib tushdi. Ularning aytishicha, mahalla hududida 1918 yilda o‘z ishini boshlagan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida 14 ta 22 qavatli, 6 ta 16 qavatli turar joy majmuasi qurilishi boshlangan. Gap shundaki, institut yuqumli kasalliklar uchun maxsus dorilar ishlab chiqargan va dorilarni hayvonlarda sinab ko‘rgan. Preparatlar ta’sirida o‘lgan hayvonlar esa institut hududidagi maxsus “bekkeri” yamasiga ko‘milgan. Shuningdek, hududda hayvonlar qabristoni ham bor. Mutaxassislarning fikricha, bu hududda qurilish qilingudek bo‘lsa, Toshkent aholisi xavf ostida qoladi va oxiri 100 foiz o‘lim bilan yakun topishi mumkin bo‘lgan kuydirgi kasalligi tarqalishi ehtimoli juda yuqori. Reja qilingan qurilishdan mahalliy aholi norozi va jiddiy xavotirga tushmoqda.
“Qurilish kompaniyasi ko‘p qavatli uy qurish uchun harakatni 2022 yil dekabr oyidan boshlagan. Mahallaga 2023 yil aprel oyida kelishdi. To‘g‘risi biz juda hayron bo‘ldik. Institut hududiga tegib bo‘lmaydi. “BIOFARM PLUS” MCHJ bu joyda “REGAL CITY” nomli turar-joy majmuasi qurmoqchi. Menimcha, buyurtmachi bu yerlarda uy-joy, umuman qurilish qilish qanchalik xavfli ekani haqida ma’lumotga ega emas. Bizda qurilish qilish, hatto, tegish xavfli bo‘lgan yerni kim, qanday asosda quruvchiga bergani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, deydi mahalla faoli Akbar Muhiddinov.
Mahalla faollaridan birining aytishiga ular bir necha bor tegishli organlarga murojaat qilgan. Afsuski, hech kim bu hududning zaharli ekaniga e’tibor qaratmagan.
“Bizning uyimiz institutdan 50 metr uzoqda joylashgan. Shu sabab ham bezovta bo‘lyapmiz. Bu hududdan ancha uzoq joyda yashaganimizda bunchalik xavotirga tushmagan bo‘lar edik. Qurilish tufayli faqat bizning uyimiz emas, shu mahalladagi 5000 mingta aholi bezovta bo‘lyapti. Yozmagan joyimiz qolmadi. Afsuski, biror odam “reaksiya” bildirayotgani yo‘q. Yerga tegib, kasal ko‘tariladigan bo‘lsa, butun o‘zbek xalqi jazolanadi, biz shundan xavotirdamiz”, deydi fuqaro Nodir Najimov.
Xo‘sh, nima uchun mahallada yashaydiganlar Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududini xavfli deyapti?
Gap shundaki, 1918 yilda Toshkent shaharining Yunusobod tumani, Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 37-uyda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil topgan. 105 yillik tarixga ega davlat muassasasi sobiq SSSR davrida ma’lum muddatlarda strategik ob’ekt sifatida SSSR Mudofaa vazirligiga bo‘ysungan.
1987 yilda institut tomonidan 150 dan ortiq vaksina, zardob va boshqa biopreparatlar yaratilgan va ishlab chiqarilgan. Jumladan, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar – chinchechak, o‘lat, vabo, sibir yarasi, gemorragik isitmalar, brutsellez, qoqshol, qorin tifi, bezgak, botulizm, moxov va boshqa kasalliklarni aniqlash va ularni tarqalishining oldini olishda ishlatiladigan vaksina va zardoblar ishlab chiqarilgan va davolash vositalarini yaratish borasida biologik tadqiqotlar, sinovlar amalga oshirilgan.
Yuqorida qayd etilgan vaksina va biopreparatlar ishlab chiqarishda tegishli infeksiyalar laboratoriya hayvonlariga turli yo‘llar bilan yuqtirilib, biologik tadqiqotlar – sinovlar o‘tkazilgan. Sinov o‘tkazilgan hayvonlar institut hududida tashkil etilgan krematoriyalarda yoqilgan yoki hududni o‘zida joylashgan hayvonlar qabristoniga ko‘milgan yoki ochiq va yopiq turdagi “bekkeri” o‘ralariga tashlangan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim yuqumli kasalliklar sporalari juda uzoq muddat davomida tashqi muhitda, ayniqsa, quyosh tushmaydigan nam joylarda 100 yil va undan uzoq muddat davomida saqlanib qolishi mumkin.
“Achchiq haqiqatni gapirish kerak. Qurilishga ruxsat berilishidan oldin, ko‘p tashkilotlar kelib, joyni o‘rgangan. "Kattakonlar"ni bolalari kelib qurilish qilmoqchi bo‘lgan. Bu yerlar “opasniy” zona bo‘lgani uchun ko‘pchilik qaytib kelmagan. Bu galgi tadbirkorlar negadir yopishib olishdi.
Quruvchilar tomonidan bosim ham bo‘ldi. Masalan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi kelishdi va bu yerlarda qurilish qilish mumkin emasligini aytishdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham huddi shu gapni aytdi. Nimadir bo‘ldi-yu ertasi kuni “qursa bo‘ladi” deb qolishdi. Menimcha, bu tashkilotlarga ham yuqoridan “davleniye” bo‘lgan.
Ellik yildan beri shu mahallada yashayman. Institutda viruslarga qarshi dorilar ishlab chiqarilganini eshitganmiz. Hudud militsiya tomonidan qo‘riqlanardi va hech kim kira olmasdi. Tadbirkorlar qanday qilib o‘rab, hukmronlik qilib olganini tushunmayapmiz. Muammoni aytib chiqqanlarga "gapirma, ertaga nima bo‘lishini bilasanmi?" deb tahdid ham qilishyapti", deydi mahalla faoli G‘afur Zokirov.
Fuqarolarning aytishicha, 30 may kuni FVV, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va Veterinariya xizmati xodimlari kelib, tuproqdan namuna olgan. Oradan bir kun o‘tib, mahallaning bu jarayonda qatnashgan 3 nafar fuqarosi o‘zini yomon xis qilishni boshlagan. Mahalla raisi esa uydan chiqolmay, yotib ham qolgan.
“Soat 14:30 da ish boshlandi. Hududning 6 ta joyidan 15 ta namuna olindi. Ekskavator 4, 3, 1 metr 80 sm dan namunalar oldi. Shu jarayon 2 soatdan oshiq davom etdi. “SES” xodimlari ekskavatorlarni dezinfeksiya qilish kerakligini aytdi. Hududda ishlagan texnikalar dezinfeksiya qilindi, lekin tuproqni tashqariga olib chiqib ketilgani bizni hayratda qoldirdi.
Ish tugaganidan keyin bronx yo‘li va o‘pkamning yuqori qisimlarida achishish paydo bo‘lganini sezdim. Qo‘shnimiz Otabek ham tobi qochganini aytdi. Mahalla raisimiz esa uch kundan buyon uyda ukol olib davolanyapti”, deydi Akbar Muhiddinov.
Muammoni o‘rganish uchun “Shayx Shibiliy” mahallasiga borgan bolalar ombudsmani Aliya Yunusova ham institut hududida qurilish qilish mumkin emasligini aytmoqda. Yunusovaga ko‘ra, bu bolalar va kattalar sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
“Bizga “Shayx Shibiliy” mahallasi fuqarolari murojaat qilishdi. Bu yerda institut bo‘lgan. Tadbirkor bu yerni o‘rab qurilish qilmoqchi ekan. Ilgari bu yerlarda “skotomogilnik” bo‘lgan. Bu hududda qurilish qilish, yerni kavlash mumkin emas. Tuproqlar zararlangan. Bu tuproq odamlar va bolalar hayoti uchun xavfli. Bu qurilish to‘xtatilmasa katta xavf kelib chiqishi mumkin”, deydi Aliya Yunusova.
Zaharli moddalar ko‘milgan yerdan 50 metr uzoqda yashaydigan Nodir Najimov esa institut hududida qurilish qilish uchun Prezident qo‘l qo‘yib bersagina uy qurilishiga rozi bo‘lishlarini aytmoqda.
“Bu masalani juda ko‘p o‘yladim. Agar quruvchilar tanish-bilish qilib, “hayvon ko‘milganmi, odam ko‘milganmi, baribir 30 metr kavlaymiz”, desa eng katta odam, eng katta rahbar “bu yerda qurilish qilish mumkin” deb imzo qo‘yib bersin. Undan keyin biz qo‘limizni ko‘taramiz”, deydi Nodir Najimov.
Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududida qurilish qilayotgan kompaniya bilan bog‘lanishga urindik. Afsuski, kompaniya vakillari biz bilan gaplashishni istamadi. Institutga borganimizda yerdan olingan namuna javoblari chiqqanidan keyin qo‘shimcha ma’lumot berishlari mumkinligini aytdi. “BIOFARM PLUS” MCHJ yerni qaysi asosda, qanday shartlar bilan sotib olgani yoki auksionda yutgani haqida ham hech qanday ma’lumot yo‘q.
Hududdan namuna olishda ishtirok etgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘ining o‘rinbosari Botir Qurbonov ham namuna tekshiruvlari tugab, javoblar chiqqanidan keyin barcha OAVlarga ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Endi, 2017 yil 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi jamoat joylarida atmosfera havosini muhofaza etishnining sanitarik normalari va qoidalari (SanPiN № 0350-17) tasdiqlangan bo‘lib, hujjatning 2.17.bandida "Sanitariya muhofaza zonasi chegaralarida va ishlab chiqarish ob’ektlari hududida quyidagilarni joylashtirish taqiqlanadi", deb yozilgan:
• oziq-ovqat sanoati korxonalari, shuningdek, idish-tovoq, idish, asbob-uskunalar va boshqalarni ishlab chiqarish uchun. oziq-ovqat sanoati uchun, tayyor mahsulotlar omborlari, ichimliklar va ichimlik suvi ishlab chiqarish korxonalari;
• suv inshootlari majmualari;
• oziq-ovqat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji omborlari;
• turar-joy binolari, maktabgacha ta’lim muassasalari, boshqa ta’lim muassasalari;
• jamoaviy yoki yakka tartibdagi dacha va bog‘dorchilik uchastkalari;
• sport inshootlari, bog‘lar, sog‘liqni saqlash va davolash muassasalari.
Tibbiyot fanlari doktori, professor, sanitariya epidemiologiya sohasida bir necha yil ishlagan, 2019 yildan 2023 yil yanvariga qadar Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini sifatida faoliyat olib borgan Ibrohim Mamatqulovning aytishicha, Institut hududida qurilish qilish juda xavfli va bu ishning oqibatlari ayanchli bo‘lishi mumkin.
“Hududda “bekkeri” o‘rasi bor. “U rostan ham “bekkeri” o‘rasimi yo yo‘q?” deb so‘rashlari mumkin. Bu o‘ra ekanini bir narsa isbotlaydi. O‘ra aylana ko‘rinishda, to‘rtburchak beton bilan o‘ralgan bo‘ladi. Kuni-kecha namuna olganda “bekkeri” o‘rasini buzishdi. Juda g‘alati hid ham chiqdi. U hiddan mahalladagilarning ham og‘izlari qurib, o‘zlarida o‘zgarish sezishdi. Endi 20-30 metr pasga qazishimizni faraz qilavering. Unda qayday hidlar chiqishi mumkin. Qo‘shnilarda o‘zgarish bo‘lgani, bu yerda hayvonlar ko‘milganini inobatga olsak, kavlangandan keyin kimyoviy allergiyalar tarqalishi mumkin, deb aytolamiz. Achinarlisi, bu hidlar nafas olish tizimlarida kasalliklar keltirib chiqarishi mumkiin. Eng yomoni, kuydirgi kasali chiqadigan bo‘lsa va uni o‘pka shakli tarqab ketsa, 100 foiz o‘lim beradigan kasallik bo‘ladi”, deydi Ibrohim Mamatqulov.
“Bekkeri” o‘rasi nima? – “Bekkeri” o‘rasi aylana shaklida bo‘lib, eniga 3 sm, bo‘yiga 9 metrdan uzun bo‘lgan, virusli sinovlardan keyin o‘lgan hayvonlarni ko‘mib tashlaydigan o‘ra hisoblanadi”.
QALAMPIR.UZ'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 va 2021 yillarda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududida tuproqdan jami 49 xil namuna olingan. Tuproq namunalari yerning yuza qismidan, 25, 50 va 75 sm chuqurlikdan;
"Bekkeri" o‘rasining yuza qismi va hayvonlar qabristonidan 75 sm chuqurlikdan, mufel pechining 50-75sm chuqurligidan namunalar olingan.
Uzoq emas, bor-yo‘g‘i 2-3 yil avval institut maydonidagi “bekkeri” o‘rasi, hayvonlari qabristonidan namunalar olinganiga ko‘ra, demak bu o‘ralar bor. “Shayx Shibliy” mahallasida istiqomat qiladiganlar ham nafaqat o‘zi, balki butun Respublikaga tarqashi mumkin bo‘lgan kasalliklardan xavotirda.
Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan ma’qul, degan yaxshi bir gap bor. Yuqorida tilga olganimiz hududda vaksinalar ishlab chiqarilgani va u hayvonlarda sinalgani-yu, o‘lgan hayvonlar institut hududiga ko‘milgani yolg‘on emas. Bu joyda qurilish qilish mumkin emasligi ham qaysidir qo‘shni davlatning emas, balki O‘zbekistonning sanitariya qoidalarida aniq qilib ko‘rsatilgan.
Biz tahririyatga kelgan murojaatlarni to‘liq o‘rganib, sizga yetkazishga harakat qilamiz. O‘rganish davomida nafaqat bir tomon, balki hokimiyat yoki boshqa organlar bilan ham bog‘lanamiz. Yuqorida aytganimizdek, tadbirkor yerni qaysi shartlar asosida, kimdan sotib olgani haqidagi ma’lumotlar hech kimda mavjud emas. Yunusobod tumani hokimligi bilan bog‘langanimizda tadbirkor institut hududida qurilish qilishi uchun Yunusobod tumani hokimligi yer bermaganini aytdi. Shahar hokimligi esa doimgidek sukut saqlamoqda. Yerdan olingdan namunani tekshirishda shaffoflik ta’minlanadi, “inson qadri ulug‘langan” yurtda qonunlar ishlaydi, qurilish mumkin emas, deb yozilgan hujjatlarni yer berayotgan hokimbuvalar, kattalar o‘qiydi, deb umid qilamiz. Nima bo‘lganda ham bu havodan siz ham, biz ham, amaldorlar ham nafas oladi.
LiveBarchasi