“Activist” nega qamaldi?

Jamiyat

Yaqinda odamlar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazayotgan edik. Ulardan biriga “do‘konga kirganingizda amal qilish muddati o‘tgan mahsulotlar sotilganiga guvoh bo‘lganmisiz” deb savol berdik. Bir kishi “yo‘q men bunday holatga duch kelmaganman. Bir bola bor do‘konlarda muddati o‘tgan mahsulotlarni aniqlab yuradi. Doim urishib uni urib ketishadi” degandi. Bu safar “Activist”ni urib emas, olib ketib qolishdi.

8 aprel kuni o‘zining mahsulotlar sifati va ularning yaroqliligi haqidagi tanqidiy videolari bilan "Activist” nomi orqali tanilgan Hojiakbar Nosirov qamalgani haqida xabarlar tarqaldi

“Activist” jamoasining ma’lum qilishicha, Hojiakbar Nosirov ijtimoiy tarmoqlarda joylangan "Yogurtlar harommi?" mavzusidagi videosi uchun 15 sutkaga qamalgan.

QALAMPIR.UZ’ga Hojiakbar Nosirovga o‘zini Olmazor tumani IIB xodimi Azizbek Halilov deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qilib Shayxontohur tumani IIBga kelishini aytgani haqidagi audio yetib keldi.

Audioda Olmazor tumani IIB xodimi Hojiakbar Nosirov Shayxontohur tumani IIBga 17:00  da borishi keraligi va unga ko‘rsatiladigan qog‘ozlar borligini aytgan. Nosirov esa uyiga chaqiruv qog‘oz yuborishlarini talab qilgan.

“Activist” jamoasi o‘z sahifasida Hojiakbar Nosirovning videosini e’lon qildi. Katta ehtimol bilan Nosirov bu videoni unga IIB xodimlari qo‘ng‘iroq qilganidan keyin tasvirga olgan. U o‘z murojaatini “bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz demak meni olib ketishgan” deb boshlagan. “Activist”ning qo‘shimcha qilishicha, shu vaqtgacha chiqarilgan birorta video Kimningdir zakazi yoki moddiy-ma’naviy ko‘magisiz suratga olingan. U so‘zini “Men Prezident va xalqning ko‘magiga ishonaman” deb yakunlagan.

“Hozir aytmoqchi bo‘lganlarim internetga chiqishini xohlamagan bo‘lar edik. Siz bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz. Demak meni noma’lum shaxslar, balki davlat organi xodimlari noma’lum joyga olib ketishgan va noma’lum sabablarga ko‘ra saqlashmoqda. Balki sababi oxirgi videolarimizdir. Oxirgi videolarda oziq-ovqatlarni “obzor” qilayotgan edik. Xalqqa qaysi moddalar halol, qaysilari harom ekanini ko‘rsatib berayotgan edik. Vaziyatdan foydalangan holda aytishim kerak, shu vaqtgacha olingan videolarimizning hech qaysisi kimningdir “zakaz”i bilan qilinmagan. Hech kim muammolarini olib chiqishimiz uchun bir-ikki so‘m pul bermagan. Hech kim talab ham qilmagan. Hadya, moddiy yoki ma’naviy ko‘mak ham bermagan. Bularning hammasi o‘z xohishimga ko‘ra, xalq foydasini o‘ylab qilingan. Ushbu videomurojaat bilan aytmoqchi bo‘lganlarim shuki, agar bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, men xalqimiz va Prezidentning ko‘magiga ishonaman”, degan Nosirov.

“Activist”ning 15 sutkaga qamalgani haqidagi norasmiy xabarlar tarmoqlarga tarqalganidan so‘ng, Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirib, joriy yilning aprel oyida 1997 yilda toshkent shahrida tug‘ilgan Hojiakbar Nosirov tomonidan savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining hammasi harom ekkanligi bois ularni iste’mol qilmaslik haqidagi fikrlarini aks ettiruvchi videolavha e’lon qilingani, holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, unda Hojiakbar Nosirov fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti bo‘lgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi borligi sababli ularni iste’mol qilish mumkin emasligi xususidagi fikrlarini bildirgani aniqlangan. U tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda, o‘z tashabbusiga ko‘ra, shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqib fikrlarini bildirgani aytilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishi aytilgan IIBB bayonotida.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Hojiakbar Nosirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3- (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddalari (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)ga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan Hojiakbar Nosirovga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti bo‘lgan yogurtlarning tarkibida karmin E120 moddasi borligi sababli ularni iste’mol qilish harom ekani haqida fikrlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi munosabat бiлдiрдi.

Qayd etilishicha, karmin – qizil rangli bo‘yoq moddasi bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi. To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. 

Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan. Bu boradi Iordaniya fatvo hay’atining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan: 

“Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” ya’ni bir moddani boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada, najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib boshqa narsaga aylanadi”.

Fatvo markaziga ko‘ra, bu masalada hanafiy mazhabining allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitoblarida bunday degan: 

“Shariat (biror narsani) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi. Buning shar’iy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt o‘tishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat bo‘ladi. (Yana vaqt o‘tishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok bo‘ladi”.

Keltirilishicha, karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa Kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan:

“Carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi”.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi yuqoridagilardan kelib chiqib karmin E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekanini ma’lum qildi. 

“Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsada, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etganlari ham bor. Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat berib qo‘ygan tarafni olib ba’zi bir odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak”, deyiladi xabarda.

Nosirovning 15 sutkaga qamalganiga Toshkent shahar sudlari ham jim turmasdan munosabat bildirdi.

Toshkent shahar sudlariga ko‘ra, kecha, 8 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha H.N.ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, H.N. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Activist” kanali orqali har xil turdagi diniy mazmundagi videolarni, ya’ni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 7 apreldagi xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatgani aniqlangan.

Bundan tashqari, H.N. Ichki ishlar organlari xodimlarining hujjatlarini tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Ta’kidlanishicha, sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilish uchun H.N.ga so‘z berilganida huquqbuzar va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.

U ko‘rsatma berishdan bosh tortgan bo‘lsada, uning yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etgani ish hujjatlaridagi IIO FMB xodimining bildirgisi, dalolatnoma, ko‘zdan kechirish va elektron materiallarni olish bayonnomasi, “Activist” kanalidan olingan fotolavhalar, DVD-R diskidagi videolavhalar, ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi, hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Sudning qarori bilan H.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi va 194-moddasi 1-qismida tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirovning 15 sutkaga qamalishiga Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev ham munosabat bildirib, Nosirovga “ko‘pirtirilgan” ayb qo‘yilib, adolatsizlik qilingan deb yozgan.

“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirov men kuzatib boradigan kam sonli blogerlardan biri. Kecha uning 15 sutkaga qamalganini eshitib, bu voqeaga doir barcha xabar va munosabatlarni kuzatdim. Va blogerga “ko‘pirtirilgan” ayb qo‘yib, adolatsizlik qilingan, degan fikrga keldim”, deydi sobiq deputat.

Uning fikricha, blogerning yogurtlar bo‘yicha bildirgan fikri, ya’ni yogurtlar tarkibida karmin moddasi bor-yo‘qligiga oydinlik kiritilmagan. 

“Agar u aytgan yogurtlar tarkibida shunday modda bo‘lib, bu Islom diniga e’tiqod qiluvchilar uchun iste’molda mumkin emas bo‘lsa, bloger haqiqatni aytgan bo‘lib chiqadi. Biror bir mahsulot tarkibida musulmonlar uchun halol yoki harom modda bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berganlik, gapirganlik, qachondan beri diniy adovatni uyg‘otadigan bo‘lib qoldi? Qator kolbasa va boshqa oziq ovqatlar haqida halol so‘zini ishlatib reklama tarqatganlar unda nima uchun shu vaqtgacha javobgar bo‘lishmagan?” deya fikr bildirgan Kusherboyev.

Shuningdek, u blogerning aynan qaysi gapi yoki harakati jamiyatda diniy adovat uyg‘otganiga oydinlik kiritilmaganini aytib, tanqid qilgan.

Uning fikricha, blogerning yogurt haqidagi fikri ishlab chiqaruvchiga zarar yetkazgan, deb hisoblangan taqdirda kompaniyalar blogerni sudga berishi mumkin, bu jarayonga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bir tomonning yonini olib aralashishi kerak emas.

"IIB xodimiga bo‘ysunmaslik", degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan ayrim orsizlarning "dejurniy statyasi"ga aylanib qolgani sabab bu modda “straxovka” uchun qo‘yilgan, degan fikr tug‘ilmoqda. Agar diniy adovat moddasi sinsa, ushbu modda zaxirada turishi uchun.

Yuqoridagilarga ko‘ra, “Activist” loyihasi asoschisiga berilgan jazoda diniy adovatdan ko‘ra ko‘proq shaxsiy adovat borga o‘xshaydi”, deydi Rasul Kusherboyev.

Shu o‘rinda “Activist”ning faoliyati haqida qisqacha ma’lumot bersak. Blogerlik bilan shug‘ullanayotganiga ko‘p bo‘lmagan Hojiakbar Nosirov O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarni himoya qilishga qaratilgan videolari bilan tanilgan. U kirgan do‘konida sotilayotgan mahsulotlarning yaroqlilik muddati o‘tganlarini topadi va bu haqda do‘kon rahbariyatini iste’molchilar huquqlari buzilayotgani bilan ogohlantiradi. Shu bilan birga u xaridorga chek berilishi, mahsulotlarning saqlanishi umuman olganda savdo sifati bo‘yicha o‘z faoliyatini amalga oshiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Bloger 15 sutka Hojiakbar Nosirov Activist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made