Bloger va san’atkorlarning janjaliga sabab bo‘lgan LikeCup qayta tiklandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahridagi “Jar” stadionida o‘tgan LikeCup  turnirida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqani hamda unda ishtirok etganlar jazolangani haqida xabar berilgandi. Ushbu turnir joriy yilning 16 iyul kunidan boshlab yana davom etadi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan turnir moderatori Sherzod Mardiyev xabar berdi. 

Mardiyevga ko‘ra, turnir o‘z faoliyatini yakunlamagan hamda to‘xtab qolgan bosqichdan davom etadi. Faqatgina turnir ichida ba’zi o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Unga ko‘ra:

  • “Kotta Bolla” jamoasi turnirdan chiqarib yuboriladi;
  • “Malades” jamoasidan 3 nafar futbolchi ham turnirni tark etadi. Ular Abdurahmon Mavlonov, Mirjalol Rahmonaliyev va Umar Sobirovlardir.

Shu bilan birga, moderator har bir jamoa qonunlarga, intizomga va reglamentga to‘liq amal qilishi haqida tilxatga imzo qo‘yishi shartligini ham aytib o‘tdi. 

LikeCup mojarosi

Ushbu voqea joriy yilning 29 may kuni Toshkent shahridagi “Jar” stadionida sodir bo‘lgandi. Mojaro “Sport” telekanali efirida jonli uzatilgan.

San’atkorlar va blogerlar o‘rtasida kechgan bahs yakunida 1:0 hisobi qayd etilgan. G‘olib jamoa vakillaridan biri mag‘lub jamoa vakillaridan birining boshini turtgan. Shundan so‘ng ommaviy janjal boshlanib ketgan.

Turnir tashkilotchilaridan biri Alisher Uzoqovning aytishicha, janjal avvaldan rejalashtirilgan piar bo‘lgan, biroq vaziyat nazoratdan chiqib ketgan va u mushtlashuvga aylangan. Keyinchalik to‘polonni boshlagan bloger ham bu iddaoni tasdiqlagan va bularning barchasi obunachilarni ko‘paytirish uchun qilinganini aytgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tgan hamda unda qoidabuzarlarga nisbatan sud qarori qabul qilingan. Jumladan, turnir tashkilotchisi bo‘lgan aktyor Alisher Uzoqov, qiziqchi Abdurahmon Mavlonov, blogerlar Mirjalol Rahmonaliyev hamda Dilshodbek O‘rozboyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddaning (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (3 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Janjalni keltirib chiqargan Ozodbek O‘rozboyev esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Qolaversa, Kamoliddin Mamajonov ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va bazaviy hisoblash miqdorining 12 barobari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bloger LikeCup

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing