Referendum kattalarga qanday ta’sir qiladi?
Tahlil
−
10 mart 2023
13417Kecha, 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga uning normalari 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni Konstitutsiya qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish va bugungi kun talablariga moslashtirish masalalari ham o‘rin olgan. O‘zgarishlarga birma-bir to‘xtalsak.
Birinchidan, parlament vakolatlari kuchaytirilmoqda.
Bunda Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda.
Jumladan, agar amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lsa, loyihaga asosan ularning soni 12 taga yetmoqda.
Xususan, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy qilinadi. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin Prezident Bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.
Xuddi shunday Senatning mutlaq vakolatlari ham amaldagi 14 tadan – 18 taga oshirilmoqda. Jumladan, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolati konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytirilmoqda hamda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senat bilan maslahatlashilgandan keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etiladi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini kiritish taklifi ham bor.
Ushbu yo‘nalishdagi yana bir konseptual o‘zgarishlardan biri bu ma’muriy islohotlardan kelib chiqib Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyat samaradorligini oshirishdir. Shu maqsadda senatorlar soni amaldagi 100 tadan 65 taga o‘zgarmoqda. Bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi saqlanib qolmoqda.
Qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilanyapti. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi nazarda tutilgan.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda.
Ikkinchidan, Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlarini boshqarish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanadi.
Sodda qilib aytganda, endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, loyihada davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid demokratik qoida kiritilyapti.
Bular:
- Qonunchilik palatasi Spikeri;
- Senat Raisi;
- amaldagi Konstitutsiyada belgilanganidek O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;
- viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi;
- hokim;
- Oliy sudning raisi va rais o‘rinbosari;
- Sudyalar oliy kengashining raisi va rais o‘rinbosari;
- Markaziy saylov komissiyaning raisi;
- Bosh prokuror lavozimlari.
Yuqorida sanab o‘tilgan lavozimdagi mansabdor shaxslar surunkasiga ikki muddatdan ortiq aynan bir lavozimga qo‘yilmaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputat Jahongir Shirinov Navbatdagi masala fuqarolarning saylov huquqidan foydalanishdagi inqilobiy yangilik deb etirof etilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan taklifga muvofiq, endilikda qonunlarda saylash huquqi cheklangan shaxslar ro‘yxati bo‘lmaydi. Faqatgina sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Ya’ni yuqorida sanab o‘tilgan shaxslar, ularning saylash huquqi sudning qarori bilan cheklangan bo‘lsagina ular saylovda ishtirok eta olmaydi, boshqa har qanday vaqtda ular ham saylash huquqiga ega bo‘ladi.
Kecha, 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda referendumni o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilinmadi. Loyihani takomillashtirish bo‘yicha ko‘p takliflar bildirilgani sababli majlis bugun, 10 mart kuni o‘z ishini davom ettirdi. Deputatlar tomonidan berilgan 16 ta taklifdan 9 tasi qabul qilinib, birma-bir muhokama qilindi. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, Konstitutsiyaga oid referendumni joriy yilning 30 aprel, yakshanba kunida o‘tkazish belgilandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining xulosasini olish to‘g‘risidagi masala ham qo‘llab-quvvatlandi.
LiveBarchasi