Serbiyada yuz minglab odamlar muddatidan oldin saylovlarni talab qilmoqda
Olam
−
02 Sentabr 2971 2 daqiqa
Kecha, 1 sentyabr kuni Serbiyada yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi va unda namoyishchilar muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilib, ko‘chaga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mamlakat poytaxti sanalmish Belgrad va boshqa shaharlarda o‘n minglab odamlar 2024 yilning noyabrida Novi-Saddagi temiryo‘l vokzalida tom qulashi oqibatida halok bo‘lgan 16 kishini xotirlab, ko‘chalarda yurish qilgan.
Namoyishchilar fojianing ildizi korrupsiya ekanini ta’kidlab, Prezident Aleksandar Vuchichning Serbiya progressiv partiyasini hokimiyatdan chetlatish uchun muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishni talab qilmoqda.
Dastlab, Belgradning Savskaya maydonida 16 sportchi qo‘lida oq atirgullar bilan yurgan, shu paytda Novi-Saddagi fojia qurbonlarining ismlari o‘qib eslatilgan. Shunga o‘xshash mitinglar Novi-Sad, Aleksinats kabi shaharlarda ham o‘tkazilgan.
Vuchich namoyishchilarning talablariga javoban demokratik davlatlarda norozilik paytida saylovlarni o‘tkazish mumkin emasligi, bu “fuqarolarning o‘ziga zarar keltirishini” aytgan.
Qayd etish joiz, 2024 yil 1 noyabrda Novi-Saddagi ta’mirdan chiqqan vokzalning beton tomi qulab, 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishining hayotiga nuqta qo‘ygandi. Shundan so‘ng, qurilish vaziri Goran Vesich iste’foga chiqdi va u 12 kishi bilan birga qo‘lga olindi.
Fojia ortidan mamlakat xalqi qo‘zg‘aldi, 1996 yildan beri eng yirik deb baholangan noroziliklar avj oldi. Jamoatchilik bu voqeada korrupsiya, beparvolik, qurilishdagi xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani hamda hukumatdagi qarindosh-urug‘chilikni asosiy sabab deb urg‘ulamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich hokimiyatni saqlab qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirmasligi va o‘z nomzodini qayta ilgari surishni rejalashtirmayotganini aytgandi. Aleksandr Vuchichga ko‘ra, kelajakdagi prezident saylovlari ham amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.
Live
Barchasi