Qirg‘izistondagi saylovlarda Japarovning tarafdorlari g‘alaba qozondi
Olam
−
01 dekabr 2025 3381 2 daqiqa
Kecha, 30 noyabr kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarining dastlabki natijalariga ko‘ra, amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari g‘alaba qozondi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.
Qayd etilishicha, parlamentdagi 90 o‘rindan 50 tasi avvalgi chaqiriq deputatlariga nasib qilishi mumkin. 30 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 ga qadar saylovchilarning faolligi 34 foizdan sal ko‘proqni tashkil qilgan. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblar natijasida Japarovning ittifoqchilari bir necha o‘rinlardan tashqari barchasini qo‘lga kiritgan.
Yangi tizim bo‘yicha birinchi marta muddatidan oldin saylovlar o‘tkazildi. Qirg‘iziston parlamenti deputatlari 25 sentyabr kuni o‘zini-o‘zi tarqatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga sabablardan biri 2026 yilning noyabrida – prezidentlik saylovlariga ikki oy qolganda muddatidan oldin saylov o‘tkazish istagi borligi aytilgan. Deputatlarning fikricha, ikki siyosiy voqea o‘rtasidagi bunday qisqa tafovut siyosiy notinchlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Parlament a’zolari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlovchi yana bir omil sifatida Prezident tomonidan 2025 yil iyun oyida qabul qilingan saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarni keltirishdi. Ilgari 90 nafar parlament deputatidan 36 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, qolgan 54 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan. Endi mamlakatda bor-yo‘g‘i 30 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, ularning har biri uchta deputatni saylaydi, ulardan kamida bittasi ayol bo‘lishi kerak.
Rasmiylar saylovlarda partiyaviy tizimdan amalda voz kechishini “siyosiy korrupsiyaga qarshi kurashish va amaldagi saylov tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, xalqning saylangan vakillarga ishonch darajasini oshirish” bilan izohladi.
Saylovdan bir hafta oldin Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari muxolifat vakillari va sobiq prezident Almazbek Atambayevning sobiq tarafdorlarini hibsga oldi. Hibsga olinganlar orasida muxolifatdagi Sotsial-demokratlar partiyasi a’zolari Temirlan Sultonbekov va Ermek Ermatov, sobiq prezidentning o‘g‘li Qodirbek Atambayev va boshqalar bor.
Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar “respublikadagi parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan keyin ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratish maqsadida bir qator mitinglar uyushtirishni” rejalashtirgan.
Live
Barchasi