Turkiya terakt uchun qasos olmoqchi. Ish ortida AQSH bor…mi?

Olam

13 noyabr. Soat 16:13. Istanbul. Shaharning sayyohlar kechayu kunduz gavjum Taqsim maydonining Istiqlol ko‘chasi. Portlagan bomba tovushi bundan bir necha chaqirim uzoqdagi ko‘chalarga ham eshitildi

Portlash oqibatida 81 kishi jarohatlandi, 6 kishi vafot etdi. Jarohatlanganlarning 50 nafariga shifokorlar shu kunning o‘zida javob bergan. 31 kishi shifoxonada qolmoqda. Jonlantirish bo‘limidagi 5 kishidan 2 nafarining ahvoli og‘ir. 

Portlash sodir bo‘lganidan so‘ng, huquq-tartibot idoralarining xodimlari Istiqlol ko‘chasiga olib boruvchi yo‘llarni o‘rab oldi, U yerda joylashgan barcha muassasa va binolar yopildi. Keyinroq boshqa tumanlarga o‘tuvchi ko‘chalar faqat piyodalar uchun ochildi.

Istanbul prokuraturasi qo‘zg‘atgan jinoiy ishda holat terakt sifatida baholandi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zida bo‘lgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlashda terror alomatlari borligini aytdi.


 
Ayni damda barcha videokameralardan olingan yozuvlar tahlil qilinib, bomba joylashtirilgan sumka aynan qayerda qoldirilganligi aniqlash ustida ish olib borilmoqda.

Erdo‘g‘an Istanbuldagi portlash uchun aybdorlar “qilgan ishiga yarasha” jazo olishiga va’da berdi.


Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu o‘z nutqida, tergovda terror hujumi izlarida Suriyaga olib boradigan dalillar borligiga e’tibor qaratdi va Anqara tomonidan terrorchi deb tan olingan guruhlar bunga aloqadorligini aytdi.

“Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, hujumni amalga oshirish buyrug‘i Kobanidan, hujumchi esa Afrindan kelgan”, deydi vazir. 

Turkiya rasmiy idoralarining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha portlashda qurbon bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q.

Istanbul hokimi Ali Yerliqoya o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali qurbon bo‘lganlarning shaxsini ochiqladi. Portlashda Arzu O‘zsoy va uning qizi Yag‘mur Uchar, Yusuf Maydon va qizi Ecrin Maydon, Adem To‘pqora va uning rafiqasi Muqaddas Elif To‘pqora ismli fuqarolar qurbon bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning Turkiyadagi elchixonasi, jumladan Istanbuldagi konsullik portlashda qurbon bo‘lgan va jarohatlangan o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot bermadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 noyabr kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ta’ziya bildirdi. O‘zbekiston rahbari vafot etganlarning oila a’zolari hamda yaqinlariga taskin-tasalli va bardamlik, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Italiya, Ozarbayjon, Isroil davlat rahbarlari, shuningdek, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamdardlik bildirdi.

Qozog‘istonning Istanbuldagi Bosh konsulligi respublika fuqarolaridan imkon qadar ehtiyot bo‘lishni so‘radi. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi inglizlarni Turkiyaga tashrif buyurganda hushyorlikni oshirishga chaqirdi.

Oq uy Istanbuldagi portlashni qoraladi, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi

“Amerika Qo‘shma Shtatlari bugun Istanbulda sodir bo‘lgan zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaydi. Aqlimiz jabrlanganlar bilandir, shuningdek, yaqinlarini yo‘qotganlarga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deb yozdi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per o‘z yozma bayonotida. 

Shuningdek, hujjatda, AQSH terrorizmga qarshi kurashda NATOdagi ittifoqdoshi Turkiya bilan yelkama-yelka turishi aytilgan. 

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu esa Istanbulda yuz bergan teraktda AQSHni ayblab, ushbu davlatdan va uning Turkiyadagi elchixonasidan ta’ziya kutmasligi, aksincha, har qanday hamdardlikni rad etishini ma’lum qildi

“Biz Amerika elchixonasining hamdardligini qabul qilmaymiz, rad etamiz. Albatta,  Kobani (Suriya) va terror hududlarini oziqlantiradigan bu tushunchaga o‘z Senatlaridan pul jo‘natib, Turkiya tinchligini u yerdan buzishga urinayotgan bir davlat bilan ittifoqchiligimiz, albatta, muhokama qilinishi kerak.

Biz hech kimga dushman emasmiz, birovning yerida ko‘zimiz yo‘q, hech kimga xiyonat qilmaymiz, lekin shuni aytmoqchimanki, bu xiyonatlarga chidashga sabrimiz tugadi.

Albatta, muvaffaqiyatli operatsiya bilan terrorchilar qo‘lga olindi. Agar biz ularni tutmaganimizda, bugun Gretsiyaga yashirincha olib o‘tishardi”, deydi vazir Soylu.

Shuningdek, vazir ushbu xiyonat ortidan Turkiya ham og‘ir qasos olishini ochiq aytdi.  

Bugun, 14 noyabr kuni Istanbul politsiyasi teraktning ijrochisi – arab millatiga mansub ayol Ahlam Albashirni qo‘lga oldi. 

Ko‘chaga bombani joylashtirib, o‘zi g‘oyib bo‘lgan ayol Suriya fuqarosi ekani ma’lum bo‘lgan. Suriyaning Afrin viloyati orqali Turkiyaga kirgan terrorist qo‘lga olingach, Xavfsizlik Bosh boshqarmasidan bayonot berildi.

Bomba joylagan voqea joyiga olib keluvchi yo‘llarni kuzatgan 1200 ta xavfsizlik kamerasi tekshirilgan. Ayol voqea joyidan taksiga o‘tirib, Esenler tumaniga ketgani aniqlandi. U bilan aloqada bo‘lgan 21 ta manzilda operatsiya o‘tkazilgan.

Operatsiya chog‘ida 46 kishi qo‘lga olingan va ularning hammasi tergov-surishtiruv ishlarida bombani joylagan shaxsning Kichikchekmacha tumanidagi manzilga ravona bo‘lganini ma’lum qilgan.

Belgilangan manzilda olib borilgan operatsiyada qo‘poruvchilik harakati sodir etgan Suriya fuqarosi Ahlam Albashir tiriklayin qo‘lga olingan.

U ko‘rsatmalarida Kurdiston Ishchi partiyasi, Xalq o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari va Demokratik ittifoq terror tashkilotlari tomonidan maxsus razvedka xodimi sifatida ta’lim olgani va Afrin orqali noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga kirganini tan olgan. 

U Suriyaning Kobani shahridagi yuqorida nomlari keltirilgan terrorchilik tashkilotilari qarorgohidan 13 noyabr kuni portlashni amalga oshirish haqida buyruq olgach, uni sodir etib, qochganini bayon qilgan. 

Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

403

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing