AQSH va Fransiya Turkiyadagi teraktga munosabat bildirdi
Olam
−
14 noyabr 2022
7294Oq uy, Yevropa komissiyasi va Fransiya Prezidenti kecha, 13 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida sodir etilgan portlashni qoraladi, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari bugun Istanbulda sodir bo‘lgan zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaydi. Aqlimiz jabrlanganlar bilandir, shuningdek, yaqinlarini yo‘qotganlarga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deb yozdi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per o‘z yozma bayonotida.
Shuningdek, hujjatda, AQSH terrorizmga qarshi kurashda NATOdagi ittifoqdoshi Turkiya bilan yelkama-yelka turishi aytilgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Istanbul markazidagi teraktda insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan Turkiyaga hamdardlik bildirdi.
“2015 yilning 13 noyabrida Fransiyada sodir etilgan terakt qurbonlarini xotirlaganimizda, millatimiz uchun ramziy ma’noga ega bo‘lgan ushbu ramziy kunda turk xalqi Istanbuldagi hujumdan sarosimada. Biz turk xalqining dardiga sherikmiz va ularni terrorizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb yozdi Fransiya rahbari o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen esa portlashda halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
“Kecha Istanbulda shafqatsiz hujumdan so‘ng qurbon bo‘lganlar uchun Turkiya va turk xalqiga chuqur hamdardligimni bildiraman. Mening fikrim qurbonlarning oila a’zolari bilan”, deydi Yevrokomissiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 noyabr kuni tushdan keyin Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi sayyohlar gavjum va mashhur Istiqlol ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an avvalroq voqeada terror izi borligini aytgan edi. Keyinroq respublika vitse-prezidenti Fuat O‘ktay portlovchi qurilmani ayol kishi ishga tushirganini aytdi.
LiveBarchasi