Turkiyada yana portlash ovozi eshitildi
Olam
−
16 noyabr 2022
20086Turkiyaning eng yirik megapolisi Istanbulning Fotih tumanida yana portlash ovozlari eshitildi. Bir avtomobilda boshlangan yong‘in yana 4 ta mashinaga o‘tganida, atrofda katta vahima yuzaga keldi. Bu haqda mahalliy matbuot yozmoqda.
Kojamustafaposha ko‘chasida harakatlanayotgan 34 GS 6448 davlat raqamli avtomashina haydovchisi avtomobilidan tutun ko‘tarilayotganini payqab, yo‘l chetida to‘xtaydi va atrofdagilardan yordam so‘raydi. shu vaqtda avtomobil kuzovidan olov chiqib, salonga ham o‘tadi.
Avtomobilni to‘liq o‘rab olgan alanga yo‘l chetida to‘xtab turgan 4 ta mashinaga ham o‘tgan. Shuningdek, yong‘in oqibatida yaqindagi bino va bankomat ham zarar ko‘rgan. Hududga ko‘p sonli o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan.
O‘t o‘chiruvchilar yong‘in o‘rab olgan.
Yong‘in oqibatida avtomobillardan biri portlagan.
Politsiya guruhlari ham voqea joyida tekshiruv o‘tkazdi. Yong‘in oqibatida yaroqsiz holga kelgan transportlar evakuator yordamida olib ketilgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr kuni tushdan keyin Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi sayyohlar gavjum va mashhur Istiqlol ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning 50 nafariga shu kunning o‘zida shifokorlar uyga ketishga ruxsat bergan. 31 kishi shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafari o‘tar og‘ir ahvolda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an voqeada terror izi borligini aytdi.
Terakt sodir etilganidan 10 soat o‘tib, teraktning ijrochisi – arab millatiga mansub ayol Ahlam al-Bashir Istanbul politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi. Tergov davomida u AQSHdan kelgan instruktorlar rahbarligida terrorchilik mashg‘ulotlaridan o‘tganini tan oldi.