To‘ra Bobolov korrupsioner shaxsni himoya qilib, prokurorni so‘kkani aytilmoqda

Jamiyat

image

Avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqoratlagani haqida xabar bergan edik. Hokim prokuror sobiq amaldorlardan birini tergovga tortgani uchun uni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan “savalagandi”.

Bizga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, himoyasi uchun shaxsan hokim aralashgan sobiq amaldor muqaddam korrupsion jinoyatda ayblangan Angor tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori bo‘lib ishlagan Aziz Yo‘ldoshevdir. Joriy yilning 11 may kuni Aziz Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan. QALAMPIR.UZ'da sud hukmi mavjud.

Sud materiallariga ko‘ra, Aziz Yo‘ldoshev o‘ziga ishonib topshirilgan mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. U “Angor City Tomorqa Xizmat” MCHJ raxbari A.Bayirov, hamda “Angor Issiqxona Qurish” MCHJ raxbari A.Sattorov bilan til biriktirgan.

Aybdor 31 nafar fuqaroning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi shartnoma  va arizalaridagi imzolarni soxtalashtirgan. U fuqarolar nomidan soxta hujjatlar tayyorlab, o‘zi til biriktirgan MCHJlar rahbarlari bilan uch tomonlama shartnoma tuzgan.

Mansabdor bajarilmagan ishlarni xaspo‘shlash uchun hujjatlarni qalbakilashtirib, soxta ma’lumotlar kiritadi. Shu yo‘l bilan u 210 mln 388 ming 572 so‘m mablag‘larni MCHJlarga subsidiya shaklida noqonuniy o‘tkazib bergan.

Shuningdek, “Angor City Tomorqa Xizmat” MCHJ rahbari Bayirov qo‘shib yozish orqali 111 004 872 so‘m mablag‘larni o‘zlashtirgan, Aziz Yo‘ldoshevning boshqa bir hamtovog‘i “Angor Issiqxona Qurilish” MCHJ rahbari Sattorov esa bajarilmagan qurilish ishlari uchun 99 383 700 so‘m mablag‘ olgan.

Sudda sudlanuvchi Aziz Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui tariqasida uzil-kesil 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarini egallash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 6 (olti) oy muddatga axloq to‘zatish ishi jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi Ardasher Bayirov O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari va 28,209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchi Bayirov Ardasher Axmedovichga O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui tariqasida uzil-kesil ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq to‘zatish ishi jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi Azamat Sattorov O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari va 28, 209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchi Sattorov Azamat Jovliyevichga O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui tariqasida uzil-kesil ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlangan.

Sud materialida jinoyat orqasidan yetkazilgan 210 389 000 so‘mlik moddiy zarar qoplangani qayd etilgan.

Apellyatsiya instansiyasi ham Aziz Yo‘ldoshevga tayinlangan jazoni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Ahamiyatlisi sud hukmi bilan mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarini egallash huquqidan mahrum qilingan Aziz Yo‘ldoshev Angor tuman hokimiyati mahallabay ishlash markazi rahbari bo‘lib ishlaydi.

Sud materialidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Aziz Yo‘ldoshev 2012 yil 26 sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28, 238-moddasi 2-qismi bilan aybli topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda "virus"dek tarqalgan audioyozuvdagi holat bo‘yicha Bosh prokuratura tekshiruv boshlagan. Idora ovoz kimga tegishli ekan, qachon, qayerda yozilganini o‘rganmoqda. Surxondaryo hokimligi audio joriy yilning fevral oyida o‘tkazilgan hokimlik soatida yozib olinganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

To'ra Bobolov

Baholaganlar

543

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing