To‘ra Bobolov jinoiy javobgarlikka tortiladimi? Umurzoqov qanday topshiriq berdi?
Jamiyat
−
28 Sentabr 2022
15581Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani prokuroriga qo‘pol muomala qilgani, uni haqoratlagani va ishiga noqonuniy aralashgani isbotlangan. Hokimlik tomonidan montaj qilingani iddao qilingan ushbu audio ekspertiza natijalariga ko‘ra To‘ra Bobolovga tegishli bo‘lib chiqqan. Bu haqda kecha, 27 sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan.
Xususan, Prezident Administratsiyasi raisi Surxondaryo viloyati hokimiga yuzlanib, shunday degan:
“To‘ra Abdiyevich, sizning o‘zingiz ham ko‘p tuman hokimlari, sektor rahbarlariga o‘rnak bo‘lmayapsiz. Men sizga bugun hammaning oldida bu gaplarni aytishga majburman. Internetlarda chiqib ketgan gaplarni montaj dedingiz, boshqa dedingiz, hammasini topshiriq bilan ekspertiza qilindi. Hammasi o‘zingiz aytgan gaplaringiz va hokazo. Bugun hurmatli Prezidentimiz topshiriqlari bilan sizning ish haqqingizni 40% miqdorida jarimaga tortish chorasi ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”.
Shuningdek, yig‘ilishda, Umurzoqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga yuzlanib, ertagayoq viloyatga borib, tartibot o‘tkazishni, kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortish kerakligini aytgan. Biroq, u aynan kimni jinoiy javobgarlikka tortish kerakligiga aniqlik kiritmagan.
“Qahramon Qo‘chqorovich, sizga topshiriq, ertagayoq guruh tuzasizlar, o‘zingiz bosh bo‘lasiz. Umuman ahvol yaxshi emas, tartibga solish kerak, kerak bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Hamma bor narsani ko‘tarib, oqni-oq, qorani-qora qilib, tartib o‘rnatib, kim aybdor bo‘lsa, hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka chiqarish kerak. Buni Bosh prokuratura ta’minlab beradi. O‘zingiz xolis baho berib, qaytib kelasiz, bir haftada menga axborot berasiz, hurmatli Prezidentimizga axborot kiritamiz”, degan Umurzoqov.
So‘kong‘ich Bobolov
Avgust oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga oid, deb aytilayotgan haqoratlar va so‘kinishlarga to‘la audioyozuvdan larzaga keldi. To‘ra Bobolov va Angor tumani prokurori o‘rtasidagi telefon orqali suhbat yozib olingani aytilmoqda.
Audiodan anglashilishicha, prokuror davlat byudjetini talon-toroj qilishda gumonlangan tashkilot xodim yoki rahbarlarini so‘roq qilish uchun tergovga jalb qilgan. Go‘shak orqali unga holat bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazish haqida buyruq berilgan. Prokuror esa buni pisand qilmagan. Ana undan keyin ko‘ring tomoshani. Itaraman, tiqib yuboraman, ket, sen meni sovunimga kir yuvmabsan... Hokimbuvaning og‘zidan chiqqanlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ushbu audioyozuv bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati oqlov xabarnomasini e’lon qildi. Aytilishicha, ushbu ovoz yig‘ilishda yozib olingan.
“Asl holatda yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi jarayonida viloyat rahbari Angor tumani sektor rahbarlaridan tumanning investitsiya, eksport va soliq tushumlari bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini tanqidiy muhokama qilib, tanbeh bergan. Shu jumladan, tuman prokuroriga ham. Mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan.
Agar ushbu yig‘ilish jarayonidan kesib olinib montaj qilingan va turlicha talqin etilayotgan audiomaterialdagi holatlar o‘rganish natijasida qonunga xilof deb topilsa, qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishiga tayyorligimizni ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda. Nima? Nima deyapsizlar? Nega unda hokim gapni orasida trubkani ber deydi? Yo Surxondaryoda majlislar telefonda o‘tkaziladimi?
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar ortidan Bosh prokuratura tarqalgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar bo‘yicha o‘rganish boshlaganini e’lon qildi.
LiveBarchasi