Sardor Umurzoqov Abdulla II bilan uchrashdi
Jamiyat
−
01 Oktabr 10229 2 daqiqa
Kecha, 30 sentyabr kuni Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umrzoqovni qabul qildi. Bu haqda Podshohning rasmiy sahifasida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Umrzoqovning Iordaniyaga yuqori darajadagi delegatsiya boshchiligidagi safari Podshohning o‘tgan oy O‘zbekistonga qilingan muvaffaqiyatli tashrifidan keyingi hamkorlikni davom ettirish doirasida amalga oshirilmoqda. Umrzoqov Iordaniyaning qator rasmiylari bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda Valiahd shahzoda Husayn bin Abdulla II ham ishtirok etgan. Podshoh esa Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarini yuqori baholagan hamda mavjud o‘sish imkoniyatlaridan, xususan savdo, investitsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va mudofaa sohalarida samarali foydalanish zarurligini ta’kidlagan.
Podshoh, shuningdek, O‘zbekistonga qilgan tashrifi davomida imzolangan to‘qqizta bitim va hamkorlik protokollari hamda uchta memorandum natijalariga tayangan holda ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida hamkorlikni davom ettirish muhimligini qayd etgan.
Uchrashuvda, shuningdek, Podshohning diniy va madaniy masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi va shaxsiy vakili, shahzoda G‘ozi bin Muhammad ham ishtirok etgan. Suhbat chog‘ida G‘azo, G‘arbiy Sohil va Quddusdagi so‘nggi vaziyat ham muhokama qilingan.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi va O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ham qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi