Dafn marosimida qurolli hujum uyushtirildi. Qurbonlar bor
Olam
−
08:31 2126 2 daqiqa
Iordaniyaning Karak viloyatidagi Hamud cherkovida dafn marosimi vaqtida qurollangan shaxslar o‘t ochishi oqibatida 7 kishi halok bo‘lib, 40 kishi yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mamlakat Jamoat xavfsizligi boshqarmasi rahbari Abdulla al-Maaytaning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, yaradorlarning aksariyati davolanishda davom etmoqda, hujumchilarni qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv ishlari olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri yaradorlar soni 40 nafar ekanini bildirgan.
.png)
Iordaniya Ichki ishlar vaziri Mazin al-Faraya esa hujumni ekstremistlar sodir etganini aytgan. Biroq ularning mamlakat ichidagi yoki tashqarisidagi ma’lum terror guruhlari bilan aloqasi bor-yo‘qligini hozircha aytishga erta ekanini qayd etgan.
.png)
Davlatga qarashli “Al-Mamlaka” telekanali e’lon qilgan kuzatuv kameralari tasvirlarida uch nafar qurollangan shaxs yo‘lakdan turib cherkov tomon o‘q uzgani, daraxtlar va past devor ortiga yashiringani, so‘ng kirish eshigi tomon yugurgani aks etgan. “Reuters” tasvirning joylashuvi va cherkov atrofidagi devor orqali uning haqiqiyligini tasdiqlagan.
Dafn marosimida qatnashgan Xolid Burqonning aytishicha, marosimda o‘nlab odam bo‘lgan va hujumchilar bir necha daqiqa davomida ularga qarata o‘q uzgan.
Yana bir guvoh Ihab Ammarin esa voqeadan keyin qon ichida yiqilgan odamlarni ko‘rganini aytgan.
“Odamlar yig‘lardi, dod solardi, baqirardi. Buni tasvirlash qiyin”, degan u.
Iordaniya Bosh vaziri Ja’far Hassan X ijtimoiy tarmog‘ida bu hodisani “terror mafkurasi va ko‘r-ko‘rona ekstremizm oqibati” deb atab, jamiyatning bu yo‘lga kirishiga yo‘l qo‘yilmasligini yozgan.
Qirol Abdulla II hujumdan bir necha soat o‘tib Karakka borib, aybdorlar “temir musht” bilan jazolanishini aytgan.
“Karakdagi terror hujumiga eng qattiq javob qaytariladi. O‘qlar bilan iordaniyaliklarni bo‘lish mumkin deb o‘ylayotganlarning birlik qarshisida hech qanday imkoniyati yo‘q”, deyiladi qirol bayonotida.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham hujumni qoralab, tinch aholi va ibodat joylariga qarshi zo‘ravonlikni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
AQSHning BMTdagi elchisi Mayk Uolts esa X ijtimoiy tarmog‘ida hujumni “ibodat uyiga qilingan jirkanch va shafqatsiz hujum” deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Oregon shtatidagi Bend shahrida joylashgan boshlang‘ich maktabda 16 yoshli o‘smirning qurolli hujumi oqibatida uch nafar bola va bir o‘qituvchi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi23 Oktyabr