Yonayotgan ayollar, bog‘chalarda o‘layotgan bolalar, uxlayotgan amaldorlar – Hafta qanday o‘tdi?

Tahlil

O‘zbek tinmaydi. Odamlar birim ikki bo‘larmikin, ro‘zg‘orimning kami to‘larmikin, o‘g‘lim-qizimni epliyu sepli qilarmikinman, deb quyosh bosh ko‘tarmasidan ishga otlanadi. Mehnatdan charchamaydi, o‘zbek. Bozorda xalta ko‘tarib piyoz-u kartoshkaning arzonini qidirayotganlar talay. O‘zim ham har yakshanba bozordaman. Yoz, ayni pishiqchilik davri bo‘lsa ham piyozning narxi ko‘tarilib qolgan. Sababini so‘rasam sotuvchilar yo‘l ochilgan, hammasi chetga ketyapti, deydi. Sotuvchilar bir-ikki so‘m dardida ovozga dam bermay xaridorni chorlash bilan band. Oftob boshdan uryapti, chilla tugadi, lekin issiq qaytay demayapti. Sizda ham hafta bo‘yi ko‘rgan kechirganlaringiz talay. Siz ularni izohlarda yozib qoldiring. Mendan esa hafta hisobotini eshiting. 

Qimmatchilikka kuyunmang. Asosiychi tinchlik bo‘lsin. Farovonlikning qadri ham, qiymati ham shu kunlarda rosa ortgan. Dunyoni ko‘ryapsiz, notinch. Buyoqda 5,5 yarim oydan beri Rossiya-Ukraina urushi tinmayotgani yetmagandek, dunyoda yangi urushlar o‘chog‘ini ochmoqchi bo‘lganlar ham g‘imirlab qolgan. 

Tugayotgan haftada butun dunyo nigohi Tayvanda bo‘ldi 

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni Tayvanga keldi va orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi. 3 avgust kuni ortiga qaytib ketdi. Bu rasmiylarining so‘nggi 25 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. 

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Rasmiy Toshkent esa Tayvan atrofida yuzaga kelgan keskinlik tezroq bartaraf etilishiga umid bildirdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga muvofiq “Yagona Xitoy” siyosatini, ushbu mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi.

Xitoy hukumati esa Pelosi va uning yaqin qarindoshlariga Tayvanga tashrifi tufayli sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.

Serbiya va Kosovo chegarasida ham vaziyat notinch

31 iyul kuni Serbiya va Kosovo chegarasida yuzlab etnik serblar Serbiya chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari yo‘nalishidagi yo‘llarda transport harakatini to‘sib qo‘ydi. 

Kosovo Bosh vaziri Albin Kurti mintaqadagi keskinlashuvda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichni aybladi. 

Kosovo ma’muriyati rahbari uning Kosovo shimolida yashovchi serblarga Serbiyada berilgan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini Kosovonikiga almashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i Kosovodan Serbiyaga kirayotgan fuqarolarga xuddi shunday talab qo‘ygan Belgradning harakatlariga javob bo‘lganini ta’kidlagan.

Kosovo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar Kosovo barqarorligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda Belgrad va Prishtina o‘rtasidagi chegara mojarosiga aralashishga tayyorligini bildirdi. 

Rasmiy Prishtina Kosovo hukumatining Serbiya fuqarolari mintaqaga kirishda olishlari kerak bo‘lgan vaqtinchalik hujjatlarni joriy etish, shuningdek avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va Kosovo shimolida yashovchi serblarga berilgan davlat raqamlarini almashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarishni 1 sentyabrgacha qoldirmoqda. 

Qorabog‘da tomonlarda ham o‘q ovozi eshitilyapti

2020 yilning noyabr oyida katta qirg‘inbarotlar bilan Ozarbayjon qo‘liga o‘tgan Qorabog‘da yana vaziyat qaltis. Shundoq ham har oyda bir necha bor Ozarbayjon tomoni chegaralarda Armaniston harbiylari va noqonuniy arman qurolli guruhlari tomonidan o‘t ochishlar bo‘layotgani, ba’zan qurbon berilayotgani haqida ma’lumot ochiqlab keladi. 

3 avgust kuni Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari kuchli o‘t ochdi. Oqibatda 1 harbiy qurbon bo‘ldi. O‘z navbatida Baku qurolli javob qaytargan. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilgani va Qorabog‘dagi qator tepaliklar nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Xuruj oqibatida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. 

Rasmiy Baku Yerevanni 2020 yil 10 noyabrda qabul qilingan uch tomonlama kelishuvlarni yana bir bor buzish va ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazishda aybladi.

5 avgust kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi respublika Qurolli Kuchlarining Armaniston bilan chegarasi va Qorabog‘dagi pozitsiyalari 12 marta o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi

“Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari” snayper miltiqlari va turli kalibrli o‘qotar qurollardan Ag‘dam, Xo‘javand va Xo‘jayli tumanlari yo‘nalishida Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining pozitsiyalariga to‘qqiz marta o‘q uzgan.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya muloqot formati

Qorabog‘da vaziyat qaltislashgan bir vaqtda Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov boshchiligidagi Ozarbayjon delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi va ushbu tashrif 49 yashar Bayramov O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi 67 yashar Vladimir Norovga “ukam”, deb murojaat qilgani bilan yodda qoldi. 

Gap shundaki, 2 avgust kuni Toshkentda “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham O‘zbekistonga keldi. 

Avvalgi reportajlarimizda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, uch turkiy, qardosh davlatlar vazirlari uchrashuvida Norov ingliz tilida so‘z oldi. Ozarbayjonlik vazir Bayramov va uning delegatsiyasi ham Norov borgan yo‘lni tutdi. Chavusho‘g‘li, Savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va savdo vaziri Odil Karaismoilo‘g‘li turk tilida nutq qildi. O‘zbekiston hay’atidan faqat Transport vaziri Ilhom Mahkamov o‘zbek tilida so‘z oldi va tarmoq foydalanuvchilarining mehriga sazovor bo‘ldi. Boshqa tarafdan O‘zbekiston va Ozarbayjon vazirlarining ingliz tilida gapirgani unchalik vahimali hodisa emas. Chunki bungacha o‘tgan bu katta yig‘ilishlarda, hatto, rus tilida nutq qilingan paytlar ham bo‘lgan. 

Vazirlar O‘zbekiston uchun Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining tranzit salohiyatidan foydalanishning ahamiyati, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi loyihasi, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya uchun umumiy aholisi 1,9 milliard va yalpi ichki mahsuloti $3,5 trillion bo‘lgan Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish uchun noyob imkoniyat yaratishi kabi masalalarni muhokama qildilar. Yakunda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. 

Majlisdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda ozarbayjonlik Bayramov yana ingliz tilida nutq qildi va o‘zbek tilida iltifot ko‘rsataman deb, biroz qovun tushirdi. U O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Norovga “ukam”, deb yuzlandi. Chavusho‘g‘li Bayramovning xatosini to‘g‘rilashga harakat qildi va jilovni qo‘liga oldi. U so‘zini Norovga qarab, “akam”, deb boshladi.

Ukraina doni va Rossiyaning yangi dengiz doktrinasi

Ukraina doni ortilgan ilk kema 1 avgust kuni Odessa bandargohidan yo‘lga chiqdi. U 2 avgust kuni Istanbulga yetib keldi va langar tashladi. 

O‘sha kuni esa Rossiya Prezident Vladimir Putin Harbiy-dengiz flotining kema ustavini va mamlakatning yangi dengiz doktrinasini tasdiqladi. 

Putinga ko‘ra,  doktrinaning yangi tahririda Rossiya chegaralari, jumladan, Arktika va Qora dengiz chegaralari belgilab qo‘yilgani, hujjat ularning chegaralari xavfsizligini qat’iy va har tomonlama ta’minlashga tayyor.

Hujjat Rossiyaga qarshi “kollektiv G‘arbning umumiy gibrid urushi”, Ukrainadagi “maxsus operatsiya” va sanksiyalar kontekstida qabul qilindi.

Yangi doktrinada “AQSHning jahon okeanida hukmronlik qilish kursi”, “AQSH va uning ittifoqchilarining Rossiyaning dunyo okeanlari resurslariga va hayotiy dengiz transporti kommunikatsiyalariga kirishini cheklash istagi”, NATOning Rossiya Federatsiyasi chegaralariga yaqinlashuvi va Rossiyaga xalqaro bosim rasmiy Moskva uchun asosiy tahdidlar sifatida belgilangan. Bundan tashqari, tahdidlar qatoriga Rossiyaning qirg‘oqbo‘yi va orol hududlariga nisbatan “qator davlatlarning hududiy da’volari” kiritilgan. Qaysilar ekani hujjatda ko‘rsatilmagan.

Hujjatga ko‘ra, Rossiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida harbiy-dengiz flotiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi punktlarni qurishni rejalashtirmoqda, bu esa “ushbu mintaqada dengiz transporti kommunikatsiyalari faoliyati xavfsizligi ustidan nazoratni amalga oshirish” imkonini beradi. Hujjatda yana bir qator o‘zgarishlar ifodalangan. 

O‘zbekistonda bloklangan tarmoqlar noqonuniy tarzda ochildi...mi?

Rossiyada sanksiyalar ortidan qator ijtimoiy tarmoqlar yopiqligicha qolayotgan va Facebook, Instagram kabi platformalar allaqachon” terroristik tashkilot” deb tan olingan bir paytda O‘zbekistonda Twitter, WeChat, VKontakte’ga qo‘yilgan blok olib tashlandi. Biroq, TikTok hamon taqiqlar ostida qolmoqda. Yuqorida uch ijtimoiy tarmoqning blokdan chiqarilishi ham aslida noqonuniy bo‘lishi mumkin. 

Chunki 2019 yil 2 iyul kuni qabul qilingan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-1-moddasiga ko‘ra, biz foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlar, ya’ni Telegram, Instagram, Facebook, Twitter, Tik-tok, Odnoklassniki, WhatsApp, VKontakte’larning serveri o‘zbekistonda joylashgan bo‘lsa, foydalanish mumkin. Bu ma’lumotlar bazasi boshqa davlatda bo‘lgan taqdirda, barcha serveri yo‘q tarmoqlar bloklanishi haqida so‘z boradi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, qonundan ushbu modda chiqarib tashlandimi yoki boya sanalgan ijtimoiy tarmoqlar serverini olib kelib O‘zbekistonga joylashtirdimi? Hozirgacha rasmiy idoralar ijtimoiy tarmoqlar nima asosda blokdan chiqarilgani izohlamayapti. Buyog‘i oq choynakka ko‘k qopqoq, ko‘k choynakka qopqoqni o‘zingiz topib oling. 

15 yashar qizni jinsiy aloqaga majburlaganlar ozodlikda shataloq otmoqda

Toshkentdagi maktablardan biridagi 15 yoshli o‘quvchi qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozodlikka chiqarildi. Ularning ikki nafari atigi yarim yil qamoqda o‘tirib chiqqan. Asosiy tashabbuskor – sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi esa qamalganidan 12 oy o‘tib, ozodlikka chiqqan.

Maktab o‘qituvchisi o‘z o‘quvchisini avvaldan ijaraga olingan kvartiraga olib borgan, u yerga ikki tanishini ham chaqirgan va ular qizni jinsiy aloqaga ko‘ndirgan.

Tergov bu jarayonda “qiz qarshilik ko‘rsatmagan” deb topib, jinoyatni guruh bo‘lib zo‘rlash moddasi emas, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bilan malakalagan. Ona bergan apellyatsiya ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu holatni qoralab chiqdi. 

“Voyaga yetmagan qizning nomusiga teggan uch kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar topgach, qattiq tushkunlik va og‘riqni his qildim. Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda. Bizning voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko‘ra ko‘proq jinoyatchilar haqida qayg‘uradi va mening fikrimcha, bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur”, deydi Mirziyoyeva.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari bolalar va o‘smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki ahloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo‘llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo‘lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo‘llanilishi lozim.

Birinchi xonimlar ham ko‘z yosh to‘kadi. 

To‘kkandaki. Yana kim-kim, Shimoliy Koreya Prezidentining rafiqasi Ri Sol Ju. U eri Kim Chen Inning yonida davlat madhiyasini kuylab, yig‘ladi. Holat Koreya urushidagi sulhning 69 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda kuzatilgan.

Nuksda go‘sht 45 ming so‘m

Ochig‘ida davlat statistika qo‘mitasi tomonidan berilgan mana bu xabarni eshitib meni ham yig‘lagim keldi. Aytilishicha, hududlardagi markaziy dehqon bozorlarida suyakli mol go‘shti 49 ming 500 co‘mdan 78 ming so‘mgacha sotilyapti. Qayerda o‘sha go‘sht? Aytvoringlar, iltimos. Javob o‘zimda: Nukus shahridagi dehqon bozorida mol go‘shti 45 ming so‘mdan sotilyapti ekan. Endi 2-3 kg go‘sht olaman, deb Nukusga boramanmi? 

Eng kam o‘rtacha ish haqi Farg‘ona va Sirdaryoda. Eng ko‘pi-chi?

Bu xabarga ham ko‘z yumib turgandim, davlat soliq qo‘mitasi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib qoldi. Yanvar oyidan beri 35 million ziyod aholisi bor O‘zbekistonda 5 mln 372 mingdan ortiq fuqaroga rasman ish haqi hisoblanayotgan ekan. Ularga jami 82 trln 498 mlrddan ortiq oylik to‘langan. Qo‘rqib ketmang!. So‘mda. 

Qayd etilishicha, mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln 776 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Hududlar kesimidagi eng ko‘p o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida kuzatilgan,4 mln 400 ming so‘m. Keyingi o‘rinlardan Navoiy va Toshkent viloyatlari joy olgan. Eng kam oylik esa Farg‘ona va Sirdaryo hissasiga to‘g‘ri kelgan. U yerlarda o‘rtacha oylik 2 mlnga ham bormaydi. 

Farg‘onada ayol o‘zini nega yoqib yubordi?

Bir paytlar Prezident Mirziyoyev “farg‘onalik kelinlar yeb bitirgan” deya ta’rif bergan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlovchi 47 yoshli ayol o‘z ustiga benzin sepib, yoqib yubordi. 

32-sonli sexda 2-toifali bo‘yoqchi sifatida faoliyat yuritayotgan Sanobarxon Haydarova zavodga kirish 1-sektorida korxona hududiga kiritilmagan. Chunki tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan. Qo‘riqchilar o‘z xizmat vazifalariga amal qilgan holda hamkasblarining ichkariga kirishiga ruxsat berishmagan. Bunga javoban Sanobarxon Haydarova qo‘riqchilarga nisbatan g‘azabini agressiv tarzda bildirgan. Zavodga kiraverishdagi qisqa muloqotdan so‘ng, u binoni tark etgan. 

Oradan bir soat o‘tib, soat 8:31 da ayol qaytib kelgan va 1-sektorga kiraverishdagi nazorat punkti oldida plastik idishdagi benzinni o‘zining ustidan quygan va o‘zini yoqib yuborgan. Ta’kidlanishicha, hozirda u shifoxonada shifokorlar hamda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi hamkasblari nazorati ostida bo‘lib turibdi.

Medvedevning SSSR orzusi

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning Vkontakte sahifasida Rossiyaning bosqinchilik rejalari haqida post tarqalib ketdi. Unda aytilishicha, “Kiyev va Kichik Rossiyaning barcha hududlari millatchilardan ozod qilinganidan keyin Rus diyori yana birlashadi”. Ta’kidlanishicha, 1801 yilgacha Gruziya kabi davlat mavjud bo‘lmagan va u faqat Rossiya imperiyasi chegaralarida paydo bo‘lgan. 

Postda Qozog‘iston haqida ham bir necha so‘z bor: bu “sun’iy davlat” va “sobiq Rossiya hududlaridir” va mamlakat hukumati “rus genotsidi sifatida tasniflanishi mumkin bo‘lgan” turli etnik guruhlarni ko‘chirmoqda.

Medvedev esa bu postni to‘liq rad etdi. Unga ko‘ra, “VKontakte” sahifasi rasmiy Moskvani Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan urishtirib qo‘yish uchun buzib kirilgan.

“KXSHT, YeOII yoki SHHTdagi ittifoqchilarni qarama-qarshi qo‘yishdan manfaatdor ko‘plab dushman davlatlar va siyosatchilar bor. Biz ularga bunday zavqni bermaymiz”, deydi u. 

“Al-Qoida” rahbari yo‘q qilindi

Tugayotgan haftada AQSH Afg‘oniston poytaxti Qobulda “Al-Qoida” terror tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Prezident Jo Baydenga ko‘ra, u har tomonlama muvaffaqiyatli o‘tgan. 

Unda Zavohiriyning oila a’zolaridan hech kim jabrlanmagan, jumladan oddiy fuqarolar orasida ham qurbonlar yo‘q.

Amerika rahbarining ta’kidlashicha, az-Zavohiriy 2001 yil 11 sentyabr xurujlarini rejalashtirishda faol ishtirok etgan, shuningdek, AQSH va boshqa davlatlar fuqarolari qurbon bo‘lgan boshqa teraktlar tashkilotchisi bo‘lgan. 

Misrlik az-Zavohiriy ushbu tarmoq asoschisi saudiyalik Usama bin Lodin 2011 yilda amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinganidan keyin “Al-Qoida”ga rahbarlik qilgan. Az-Zavohiriy AQSH razvedka idoralari tomonidan eng faol qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatida bo‘lgan va Vashington uning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollargacha pul mukofoti taklif qilgan.

Bu orada aytib qo‘yay, bexabar qolmang. AQSHning 80 yoshni qarshilayotgan Prezidenti Bayden bobo yana koronavirusga chalindi. Prezidentning shaxsiy shifokori Kevin O’Konnor tarqatgan bayonotga ko‘ra, kasallik belgilari unchalik aniq emas, o‘zini juda yaxshi his qilmoqda, vaqti-vaqti bilan yo‘talyapti, xolos. U izolyatsiyada qoladi va bu davrda ham o‘ziga yuklangan barcha vazifalarni masofadan turib, to‘liq bajaradi.

Uxlayotgan senatorlar yoxud uxlab chiqarilayotgan qonunlar

Odam yoshi katta bo‘lgandan keyin shu-da. Yo tez kasal bo‘ladigan bo‘lib qoladi, yo o‘tirdi deguncha pinakka ketadi. Keksalik alomatlari bu. Tugayotgan haftaning 4-5 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning 29-yalpi majlisidagi holat ham bu gapimizni tasdiqlaydi. 

Avval yalpi majlis haqida gaplashsak. Unda muhokamaga qo‘yilgan 6 ta qonundan ikkitasi qabul qilindi. Ulardan biri “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun. Qonun bilan davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 60 foizdan oshmasligi belgilandi. Ayni vaqtda esa bu ko‘rsatkich 37 foizni tashkil etmoqda. Boshqacha qilib aytganda, umumiy davlat qarzimiz 25,9 mlrd dollar. Shundan 23,2 mlrd dollari tashqi qarz. Xo‘sh, bu pular nimaga ishlatilyapti? Shuncha pulni qayerga qo‘yyapmiz?

Shuningdek, yalpi majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov, Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning axborotlari tinglandi. 

Senat yalpi majlisida, hatto, uyquga ketganlar ham bo‘ldi. 

16 yashar o‘g‘il o‘z onasini o‘ldirdi

Odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi? O‘tgan hafta Toshkentda 33 yashar erkak turmush o‘rtog‘i, qaynonasi, singlisi va 7 yashar o‘g‘lini pichoqlab, tilka-tilka qilgandi. Bu haftada esa 16 yashar bola o‘z onasini pichoqlab o‘ldirdi. Aytish og‘ir. Shunchaki nafratlanasan kishi. 

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, bola uyida onasini oilaviy kelishmovchilik sababli qasddan o‘ldirish maqsadida ikki nafar voyaga yetmagan o‘rtoqlarini yordamlashish uchun chaqirgan.

So‘ng, u jinoiy sheriklari bilan onasini qasddan o‘ldirib, murdani yashash uyining yerto‘lasiga ko‘mib qo‘ygan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.

Oxirgi 7 kunda da bog‘chalarda 3 nafar bola nobud bo‘ldi

Gap shundaki, 28 iyul kuni Shahrisabz shahridagi 1-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bu bog‘chaga qatnamaydigan 2014 yilda tug‘ilgan qizcha singlisi bilan kelgan. Tayyorlov guruhi tarbiyachisi qonunga zid ravishda uni olib qolgan.

Tushlik paytida opa-singil tashkilot hojatxonasiga chiqishgan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda, singlisi tashqaridan hojatxona eshigini ochib-yopib o‘ynagan. Oqibatda hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha bo‘laklari qizaloqni jiddiy jarohatlagan. U ko‘p qon yo‘qotish oqibitida vafot etgan. Holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi o‘rganish olib bormoqda.

1 avgust kuni esa Namangan viloyati Chust tumanidagi 64-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2017 yilda tug‘ilgan bola tilini chaynab yuborib, vafot etdi. 

Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari amalga oshirilmoqda. Tergov natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi. 

Xorazmdagi bog‘chadan ham bolaning jasadi chiqdi.

Xonqa tumani “Toma” mahallasidagi 24-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 yoshli tarbiyalanuvchisi 3 avgust kuni vafot etdi. 

O‘sha kuni tushlikdan keyin bola o‘zini g‘alati tuta boshlagan. Maktabgacha ta’lim tashkilot xodimlari va hamshirasi tez tibbiy yordamni chaqirgan, ammo tez tibbiy yordam xodimlarining urinishlariga qaramay bolaning o‘limi qayd etilgan.

Marhum bolakayning ota-onasi bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, bolaning tutqanog‘i tutib turgan. Biroq, bu haqda maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarini ogohlantirishmagan, shuningdek bola epilepsiya yoki boshqa kasallik bilan tibbiyot birlashmasida hisobda turmagan.

Mazkur holat yuzasidan Xonqa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. 

Toshkentdagi maktabda o‘quvchi devor tagida qolib vafot etdi

O‘zbekistondagi maktablarda nafaqat ta’lim sifati hamin qadar, balki deorlar ham sifatsiz va avariya holatida. Bo‘lmasa, maktab o‘quvchisi devor tagida qolib vafot etarmidi?! Joriy yilning mart oyida sodir bo‘lgani aytilayotgan voqea oradan 5 oy o‘tib, shu hafta ommaga oshkor bo‘ldi. 

Toshkentning Olmazor tumanidagi 234-sonli maktabda o‘quvchini maktab devori bosib qolgan. Ijtimoiy tarmodagi gaplarga qaraganda, maktab ma’muriyati bu holatni va o‘quvchi o‘limini yashirishga uringan. Faollar maktabning avariya holatda ekani, umuman, maktab direktori faoliyatini tanqid qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

348

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing