Suriyadan qaytarishdan oson bo‘lmadi – Komilov Ukrainadan evakuatsiya qilish operatsiyasi haqida
Jamiyat
−
17 mart 2022
6404Murosasiz urush bo‘layotgan Ukraina maydonlaridan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayoni, Suriyadagi vatandoshlarni qaytarishdan oson kechmadi. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.
“Bugungi kunda taxminan 6 mingga yaqin odam eson-omon qaytib keldi. Bu yerda eng katta qiyinchilik bir mintaqadan ikkinchisiga, bir shahardan ikkinchisiga olib borish bo‘ldi. Polshaning Tashqi ishlar vazirligi va Ukrainadagi birodarlar bilan kelishib, 6 mingga yaqin fuqarolarni olib keldik. Bugungi kunda 300 ga yaqin fuqarolarimiz Ukrainada qolmoqda. Biz ular bilan muloqotdamiz. Hammalariga yordam beryapmiz. Bitta murakkab masala bu – xavfsizlik. Yaqin orada ularni qaytarishga harakat qilamiz”, deydi Komilov.
Shuningdek, u so‘zi davomida Ukrainadagi fuqarolarni qaytarish 2021 yil “Mehr” operatsiyasi doirasida Suriyadagi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishdan oson bo‘lmaganini ta’kidladi.
“Xabaringiz bor, o‘z paytida biz Suriyadan, Iroqdan va Afg‘onistondan bir necha guruhlarni, adashib o‘sha yerga ketib qolgan fuqarolarimizni, olib kelgan edik. Ochig‘i, Ukrainadan fuqarolarni olib kelish bundan yengil bo‘lgani yo‘q. Nega deganda, Suriyada asosiy muammo bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga o‘tishda bo‘ldi. Har bir mintaqada o‘zining zo‘ravonlik qilayotgan xo‘jayinlari bor. Ular bilan kelishish juda qiyin bo‘ldi. Lekin, ularni ham omon-eson olib keldik. Lekin bu gal Ukrainada odamlar o‘lyapti, shuncha harbiy kuchlar ishlayapti. 6 mingta fuqarolarimizni olib keldik”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Ma’lumot uchun, 2019-2021 yillar mobaynida O‘zbekiston hukumati tomonidan 5 ta “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi o‘tkazilgan. Buning natijasida Yaqin Sharqdagi urush maydonlaridan 371 nafar O‘zbekiston fuqarosi vataniga qaytarilgan. Ularni asosan ayollar va bolalar tashkil qiladi.
LiveBarchasi